Home / MAQOLALAR / EʼTIROF (4-qism)

EʼTIROF (4-qism)

Albatta, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarni moʻjaz maqolada yoritib berishni imkoni yoʻq. Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda diniy sohada amalga oshirilgan islohotlarni qisman zikr qildik. Mazkur islohotlar mamlakatimizda inson huquqlari, bagʻrikenglik va maʼnaviy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Yurtimizdagi islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Xususan, 2022-yil 8-iyun kuni Qohirada boʻlib oʻtgan xalqaro anjumanda “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyili asosida ekstremistik gʻoyalar taʼsiridan xalqimizni himoya qilishda sof islom aqidasini keng yoyish, chiroyli pandu nasihat qilish va aholining bu boradagi savodxonligini oshirishga katta eʼtibor berilayotgani eʼtirof etildi. Yangi Oʻzbekistonda mazkur yoʻnalishdagi tajribalar, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar Misr Arab Respublikasi muftiysi, professor Shavqiy Ibrohim Allom, davlat va din arboblari tomonidan yuqori baholandi.

Joriy yilning 17-mart kuni nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyo xalqlari hayotida olamshumul tarixiy voqea sodir boʻldi. Toshkentda ilm-maʼrifat va ulugʻvorlikni oʻzida mujassam etgan muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazi ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimda davlatimizning ochiqlik siyosatiga hurmat eʼtibor ifodasi sifatida Oʻzbekistondagi diplomatik korpus vakillari ham qatnashgani diqqatga sazovordir. Bu marosimda Prezidentimiz Oʻzbekiston xalqini Markaz ochilishi munosabati bilan tabriklab, quyidagi fikrlarni bildirdi: Bugungi Roʻzai Ramazon kunida barchamiz yana bir tom maʼnoda tarixiy voqeada ishtirok etmoqdamiz. Xalqimizning aql-zakovati, fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ulugʻvor va noyob majmua – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimini oʻtkazmoqdamiz.

Ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari roʻyobga chiqqan mana shunday unutilmas kun bilan, chinakam ilm-maʼrifat bayrami bilan hammangizni chin qalbimdan tabriklayman.

Mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyatining, Yangi Oʻzbekiston imkoniyatlarining yorqin koʻzgusi boʻlgan ushbu betakror va buyuk majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak boʻlsin!”.

Prezidentimiz dunyo tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan ajdodlarimiz ilmiy merosini shakllanishida islom dinining oʻrni katta ekanini alohida taʼkidlab quyidagi fikrlarni bildirdi: “Aniq va tabiiy fanlar sohasida oʻz kashfiyotlari bilan jahonni hayratga solgan ulugʻ olimlarimiz asarlari ham islomiy muhit bagʻrida vujudga kelgan. Dunyoga mashhur bu kitoblar “Bismillohir rahmonir rahim”, degan ilohiy soʻzlar bilan boshlangani ularning muqaddas dinimizdan ilhom va kuch olib yaratilganini bildiradi. Nafaqat bizning yurtimiz, balki bepoyon mintaqamizning maʼnaviy mulki boʻlgan ana shunday bebaho boylikni chuqur oʻrganish va jahon miqyosida targʻib etish maqsadida uni Islom sivilizatsiyasi, degan nom ostida birlashtirishga qaror qildik.

Biz Markaz qurilishini ilmiy tadqiqot va izlanish ishlari bilan barobar ravishda olib bordik. Oʻtgan davrda koʻhna merosimizga oid, bizga umuman nomaʼlum boʻlgan qancha-qancha noyob maʼlumotlarni kashf etdik.

Xalqaro ekspertlar eʼtirof etganidek, bugun Oʻzbekistonda islom sivilizatsiyasi merosini oʻrganish va targʻib etish boʻyicha oʻziga xos katta ilmiy maktab yaratishga erishdik. Naqadar katta imkoniyatlarimiz, intellektual salohiyatimiz borligini dunyoga namoyon eta oldik”.

Ushbu Markaz oʻzida tom maʼnoda oʻzbek xalqining oʻtmish va hozirgi zamonda ilm-maʼrifatli va bunyodkor xalq sifatida islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini ifodalaydi.

Har bir neʼmat shukronasi oʻsha neʼmat bardavomligi omilidir. Prezidentimiz tomonidan joriy yilning mart oyida Ramazon hayiti munosabati bilan Imom Buxoriy majmuasining ochilishi ham xalqimiz uchun ulugʻ neʼmat boʻldi. Imom Buxoriy ilmiy merosi asrlar davomida u zotning hadis ilmi sohasida “muhaddislar sultoni” ekanini ilmiy isboti boʻlsa, ushbu muhtasham mahobatli masjid Imom Buxoriy nomining ulugʻvorligini asrlar davomida yuksaklikka koʻtarib turuvchi poydevor hisoblanadi.

Amalga oshirilayotgan xayrli ishlarni koʻra olmaslik eng katta noshukrlikdir. Ayrim neʼmatlar shukronasi shukr va hamd aytish bilan ado etiladi. Masalan, taomdan soʻng shukronalik duosi bilan oʻsha neʼmat shukri ado qilinadi. Ammo ayrim neʼmatlar borki, uning shukronasi faqat shukr va hamd aytish bilan ado boʻlmaydi. Aksincha, uning shukronasi uchun amaliy harakatlar lozim. Masalan, bir mahallaga zamonaviy maktab qurib berildi. Yaxshi taʼlim berish uning shukronasi hisoblanadi. Tinchlik neʼmatining shukronasi esa uni asrab avaylashdir.

Bundan tashqari, bir xalq ustiga oqil, dono inson rahbar qilib berilsa, uning shukronasi rahbar atrofida bir tanu bir jon boʻlib harakat qilish, uning xayrli ishlarida kamarbasta boʻlish, bunga ham qurbi yetmasa haqiga xayrli duolar qilish bilan amalga oshadi. Soʻzimiz soʻngida Alloh taolo xalqimizni mana shunday rahbar bilan neʼmatlantirgani uchun shukr qilishga, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga tafakkur nazari bilan qarashga chorlab qolamiz. Zero, yuqorida aytilganidek, berilgan neʼmatga shukr qilish oʻsha neʼmatning bardavom boʻlishi omilidir.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SAMARQANDDAGI GO’RI AMIR MAQBARASINING TARIXIY ZIYORATGOH SIFATIDAGI O‘RNI

Go‘ri Amir maqbarasi Samarqand shahrida joylashgan ulug‘vor tarixiy yodgorlik bo‘lib, nafaqat O‘zbekistonning, balki butun islom …