Home / MAQOLALAR / EʼTIROF (3-qism)

EʼTIROF (3-qism)

Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi Oʻzbekistonda diniy ilmlarni oʻrganish borasida ham katta ishlar qilindi. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy markazi, Bahouddin Naqshband ilmiy markazi, Burhoniddin Margʻinoniy ilmiy markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Ushbu markazlarning tashkil qilinishidan koʻzlangan asosiy maqsad islom dinining dunyo sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini oʻrganish, qoʻlyozma manbalarni tadqiq qilish, yosh olimlarni tayyorlash, yurtimizni tarixda boʻlgani kabi, xalqaro maydondagi ilmiy salohiyatini yuksaltirishdir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan diniy sohani rivojlantirish, diniy sohada faoliyat yuritayotgan olimlar va tadqiqotchilari qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Mamlakatimizdagi ulamolar va diniy soha vakillari endilikda faqatgina mahalliy doirada emas, balki xalqaro anjuman, konferensiya va ilmiy forumlarda faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, diniy ulamolarning xalqaro ilmiy muloqotlariga keng imkoniyatlar yaratildi. Xalqaro konferensiyalar tashkil etilib, shu sohada izlanishlar olib borayotgan xorijiy olimlar ishtirokida simpoziumlar oʻtkazilmoqda.

2022-yili 15 avgustda Prezidentimiz Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy soha xodimlarini ragʻbatlantirish maqsadida “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Qonunni имзоланди. Unga muvofiq, orden ikki darajadan: “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni hamda “Imom Buxoriy” ordenidan iborat boʻldi.

Mazkur orden islom maʼrifati yoʻlida xizmat qilgan davlat arboblari, ulamolar va diniy soha rivojiga katta hissa qoʻshgan shaxslarga beriladi. Ushbu orden nafaqat bir mukofot, balki yuksak maʼnaviy qadriyatlarni targʻib etuvchi katta ahamiyatga ega boʻlgan davlat mukofotidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan 5 nafar din va davlat arboblari mukofotlangan:

2022-yil avgustda Salmon bin Abdulaziz Ol Saud – Saudiya Arabistoni podshohi. U mazkur mukofotga sazovor boʻlgan birinchi shaxs hisoblanadi;

2022-yil noyabr oyida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon; 

2023-yil iyunda ikki marhum muftiy:

Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon – Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasining 1957-1982-yillardagi ikkinchi raisi, besh ryespublika muftiysi;

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf – Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasining 1989-1992-yillardagi toʻrtinchi raisi, besh ryespublika muftiysi;

2025-yil avgust oyida muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar – Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi – mukofotlangan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon bu mukofot haqida quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “Buyuk muhaddis va islom fiqhi bilimdoni Imom Buxoriy nomidagi mukofotni oʻzimga bildirilgan hurmat sifatida faxr bilan qabul qilaman. Shavkat Mirziyoyev bilan ilk uchrashganimda, uning Imom Buxoriy merosidan iqtibos keltirganida aziz birodarimga nisbatan oʻzimda alohida hurmat va yaqinlik his etgandim. Uning saʼy-harakatlari bilan bugun turk va oʻzbek olimlari yaqin hamkorlik qilayotgan Samarqandda ilmiy markaz bunyod etildi. Men bu mukofotni xalqlarimizning azaliy va abadiy doʻstligi, barcha sohalarda taraqqiy etayotgan aloqalarimiz ramzi sifatida qabul qilaman. Oʻz nomimdan va xalqim nomidan Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga yuksak eʼtibor uchun tashakkur bildiraman”.

Bu ordenning taʼsis etilishi zamiridagi asosiy maqsad va manfaatlar quyidagilardan iborat:

  1. Milliy va diniy merosni ulugʻlash. Imom Buxoriy kabi buyuk muhaddisning shaʼni va ilmiy merosini qadrlash, uning islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan ulkan hissasini keng jamoatchilikka yetkazish asosiy maqsadlardan biridir.
  2. Diniy bagʻrikenglik va maʼrifatni targʻib qilish. Orden orqali jamiyatda sof islom taʼlimotini, yaʼni tinchlik, bagʻrikenglik, insonparvarlik gʻoyalarini keng targʻib qilish koʻzda tutiladi.
  3. Ilmiy-maʼrifiy faoliyatni ragʻbatlantirish. Islomshunoslik, hadis ilmi va umumiy maʼnaviyat sohasida samarali faoliyat olib borayotgan olimlar, tadqiqotchilar va ulamolarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish.
  4. Yosh avlodni tarbiyalash. Yoshlarni buyuk ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni ilmga, odob-axloqqa, halollik va poklikka undash.
  5. Xalqaro nufuzni oshirish. Oʻzbekistonning islom madaniyati va ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasini xalqaro miqyosda namoyon qilish, mamlakat obroʻsini mustahkamlash.
  6. Jamiyatda maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish. Orden maʼnaviyat va axloqni yuksaltirishga xizmat qilib, turli yot gʻoyalar va mutaassiblikka qarshi maʼrifiy asosda kurashishga yordam beradi.

Qisqacha aytganda, “Imom Buxoriy” ordeni – bu tarixiy merosni asrab-avaylash, ilm va maʼrifatni rivojlantirish hamda jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirishga xizmat qiluvchi muhim tashabbusdir.

Diniy taʼlim muassasalari va masjidlar faoliyatidagi islohotlar. Diniy taʼlim sohasidagi islohotlar – bu jamiyat maʼnaviyatini yuksaltirish, sogʻlom diniy muhitni shakllantirish va ilmli, masʼuliyatli kadrlar tayyorlashga qaratilgan muhim jarayondir. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan soʻnggi yillarda bu sohada keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirildi. Diniy taʼlim muassasalarida oʻquv dasturlari zamonaviy talablar asosida qayta koʻrib chiqildi. Nafaqat diniy ilmlar, balki dunyoviy fanlar ham oʻqitila boshlandi. Natijada, keng dunyoqarashga ega, zamon talablarini tushunadigan kadrlar tayyorlandi, diniy va dunyoviy bilimlar uygʻunligi taʼminlandi. Bu borada koʻplab ishlar amalga oshirildi. Xususan, imom-xatiblar malakasini oshirish ishlari yoʻlga qoʻyildi, ular uchun muntazam oʻquv kurslari tashkil etildi, vaʼz va maʼruzalar mazmunan boyitildi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz tashabbusi bilan har bir viloyatda Qurʼoni karim va tajvid kurslari tashkil etildi. Har yili bu oʻquv kurslarida minglab yurtdoshlarimiz oʻzlarining Qurʼon karim boʻyicha savodxonligini oshiradi.

Kurslar orqali inson qalbida Qurʼoni karimga nisbatan muhabbat, hurmat va unga amal qilish hissi paydo boʻladi. Bu kurslarni tashkil etish zamirida ilm, tarbiya, hurmat va ezgulik kabi yuksak manfaatlar mujassam. Qurʼon taʼlimoti asosida tarbiya topgan insonlar jamiyatda tinchlik, bagʻrikenglik va insofni mustahkamlaydi. Bu kurslar insonni maʼnaviy kamolotga yetaklovchi, jamiyatni esa axloqan sogʻlom va barqaror qiladigan muhim maʼrifiy maskan boʻlib xizmat qilmoqda.

Jumladan, 2017-yildan buyon Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili yurtimizda Qurʼoni karim musobaqalari oʻtkazilmoqda. Prezidentimiz bu haqda shunday degan edi: “Biz Qurʼoni karimni anglab yetsak va uning maʼnosini boshqalarga ham yetkaza olsak, jamiyatimiz yanada maʼnaviy yuksaladi”.

Bu fikrlar Qurʼoni karimni faqat oʻqish emas, balki uning maʼnosini tushunish, ilohiy Kitobga ruhan bogʻlanish muhim ekanini koʻrsatadi. Darhaqiqat, Qurʼon va tajvid kurslarini tashkil etish tashabbusi – jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirish, Qurʼoni karimni asl holatda oʻqish va tushunish madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim maʼnaviy tashabbusdir.

Prezidentimiz olib borayotgan islohotlar davomida diniy sohada xizmat qilayotgan imom-xatiblarga ham alohida eʼtibor qaratila boshlandi. Masjidlarda xizmat qilayotgan imom-xatiblarga maosh tayinlanib, davlat tomonidan moddiy yordam koʻrsatildi. Hozirgi kunda diniy arboblar turli bayramlarda ragʻbatlantirilmoqda. Ayniqsa, joriy yil Ramazon munosabati bilan imom-xatiblar va 3600 nafar qorilarning pul mukofoti bilan taqdirlanishi tahsinga sazovordir. Bu diniy xodimlarning jamiyatdagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda muqaddas dinimiz mohiyatini buzib talqin qiluvchilarga qarshi kurash ishlari ham olib borildi. Shu maqsadda “Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda. Bu tadbirlar asnosida ekstremizm va radikalizmga qarshi maʼrifiy ishlar, adashgan shaxslarni jamiyatga qaytarish va integratsiya qilish hamda yoshlar bilan targʻibot ishlari keng miqyosda olib borilmoqda.

Prezidentimiz BMT minbarida: “Ekstremizm gʻoyalari taʼsiriga tushib qolgan, toʻgʻri yoʻldan adashgan fuqarolar ijtimoiy reabilitatsiya qilinmoqda, ularni sogʻlom hayotga qaytarish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda,”[1] deb notoʻgʻri yoʻlga kirib qolgan yurtdoshlarimizni jazolash emas, aksincha ularga maʼrifiy taʼsir koʻrsatish orqali toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib, oilasi va jamiyatga foydasi tegadigan inson qilib tarbiyalash eng toʻgʻri yoʻl ekanini maʼlum qildi. 

 Bu tadbirlar asnosida:

  • Ekstremizm va radikalizmga qarshi maʼrifiy ishlar;
  • Adashgan shaxslarni jamiyatga qaytarish va integratsiyalash;
  • Yoshlar bilan targʻibot ishlari keng olib borilmoqda.

Bu tadbirlar islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini tushuntirishga qaratilgan.

Bundan tashqari, Prezidentimiz 2017-yil sentyabrda BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” haqidagi rezolyutsiya qabul qilish taklifi bilan chiqqan edi. Bu rezolyutsiya 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilindi.

Rezolyutsiyada taʼlim, tinchlik, inson huquqlarini taʼminlashda bagʻrikenglik va doʻstlikning olgʻa surilishi muhim rol oʻynashi taʼkidlanadi. Shuningdek, dunyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun integratsiya, oʻzaro hurmat, inson huquqlarini himoya qilish, bagʻrikenglik va oʻzaro tushunishning muhimligi tan olinadi.

Shu bilan birga, qabul qilingan rezolyutsiyada BMTga aʼzo davlatlar milliy va xalqaro OAV hamda Internetda keng koʻlamli targʻibot ishlarini oʻtkazish, bagʻrikenglik, din va eʼtiqod erkinligiga raxna solmaslik toʻgʻrisidagi maʼrifiy axborotlarni tarqatish kabi kommunikatsion strategiyani joriy etish taklif qilingan.

Shubha yoʻq-ki, Prezidentimiz tomonidan turli sohalarda amalga oshirilayotgan ulkan miqyosdagi bu islohotlar shu xalq va uning ertangi kuni kelajagi uchundir. Bu islohotlar nafaqat Oʻzbekiston, balki butun islom olami uchun muhim ahamiyatga ega.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] Prezident Sh.M. Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqidan

Check Also

SAMARQANDDAGI GO’RI AMIR MAQBARASINING TARIXIY ZIYORATGOH SIFATIDAGI O‘RNI

Go‘ri Amir maqbarasi Samarqand shahrida joylashgan ulug‘vor tarixiy yodgorlik bo‘lib, nafaqat O‘zbekistonning, balki butun islom …