Home / MAQOLALAR / EʼTIROF (2-qism)

EʼTIROF (2-qism)

Mazkur islohotlar diniy sohani ham chetlab oʻtmadi. Yangi Oʻzbekistonda diniy sohada katta oʻzgarishlar amalga oshirildi. 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Farmonda “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-maʼrifiy faoliyatni jadallashtirish koʻzda tutilgan.

 Ilgari din masalasiga koʻp hollarda cheklov va shubha bilan qaralgan boʻlsa, bugungi kunda u jamiyat maʼnaviy rivojida muhim omil sifatida eʼtirof etilmoqda. Davlat siyosatida din va vijdon erkinligi, diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Yangi siyosatning asosiy jihatlari quyidagilardan iborat:

  • diniy sohadagi sunʼiy cheklovlarni bartaraf etish;
  • diniy taʼlim muassasalarini kengaytirish;
  • masjidlar sonini koʻpaytirish;
  • vijdon erkinligini amalda taʼminlash;
  • jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish;
  • diniy sohada senzura va ortiqcha nazoratni yumshatish.

Bunday islohotlar natijasida fuqarolarning oʻz diniy eʼtiqodini erkin amalga oshirish imkoniyati kengaydi.

BMT minbarida Prezidentimiz tomonidan islom dini haqida aytilgan fikrlar xalqaro rezonansga sabab boʻlib, siyosiy doiralarda islom dini haqida ijobiy fikrlar rivojiga sabab boʻldi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqlarida islom dinining asl mohiyati tinchlik, bagʻrikenglik, ilm va maʼrifat ekanini doimiy ravishda taʼkidlab keladi. Shuningdek, u xalqaro maydonda ham islom dinini terrorizm bilan bogʻlash mutlaqo notoʻgʻri ekani haqidagi fikrlarini qatʼiy ravishda bildirib kelmoqda. Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida ham islom dinining asl mohiyatini alohida taʼkidlab oʻtdi:

“Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi. … Buyuk allomalarimiz qoldirgan meros butun insoniyat mulkidir. … Islom dinini zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bogʻlash mutlaqo notoʻgʻri. Islom – tinchlik, insonparvarlik va maʼrifat dinidir”.

Bu fikrlar orqali Prezidentimiz xalqaro maydonda islom diniga nisbatan shakllangan notoʻgʻri qarashlarga qarshi qatʼiy pozitsiyasini bildirdi. Ayniqsa, baʼzi ekstremistik guruhlar oʻz manfaatlari uchun muqaddas dinimizni niqob qilib olayotganini alohida taʼkidladi. Prezidentimizning bu soʻzlari xalqaro miqyosdagi siyosiy arboblar tomonidan keng eʼtirof etildi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻzining koʻplab nutqlarida islom dinining ilm va maʼrifatga chorlovchi din ekanini taʼkidlab keladi. Uning taʼkidlashicha, “Islom dini – bu avvalo ilm, maʼrifat va madaniyat dinidir, muqaddas dinimiz insonni ilmga, maʼrifatga va ezgulikka chorlaydi.” Bu fikrlar islom dinining haqiqiy maʼrifiy ruhini qayta tiklashga qaratilgan.

Islom sivilizatsiyasi tarixida buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ular nafaqat diniy ilmlarda, balki tibbiyot, matematika, astronomiya va falsafa kabi sohalarda ham ulkan kashfiyotlar qilgan. Prezidentimiz 2017-yilda BMT minbarida turib buyuk muhaddis Imom Buxoriy haqida alohida toʻxtalib oʻtgan edi. Imom Buxoriy islom olamining eng buyuk muhaddislaridan biri boʻlib, uning “Sahihi Buxoriy” hadislar toʻplami islom dinida Qurʼondan keyingi eng ishonchli manba hisoblanadi. Prezidentimiz bu haqida quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “Markaziy Osiyo Uygʻonish davrining koʻplab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman.

Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy oʻz ahamiyatiga koʻra islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan.

Bu ulugʻ zotning gʻoyat boy merosini asrab-avaylash va oʻrganish, maʼrifiy islom toʻgʻrisidagi taʼlimotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qildik. Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”.

Prezidentimizning bu soʻzlari xalqaro miqyosdagi nufuzli siyosiy arboblar tomonidan eʼtirof etilib, yuksak darajada qabul qilindi.

Bu borada Turkiya Prezidenti buyuk muhaddis Imom Buxoriy nomi bunday oliy minbarda birinchi marta tilga olinganini mamnuniyat bilan qayd etdi. U bu haqida: “Bu yuksak minbardan Imom Buxoriy hazratlarining moʻtabar nomi birinchi marta yangradi”, degan edi.

Bu davrda Prezidentimiz tashabbusi bilanMehr-1, 2, 3, 4” operatsiyalari amalga oshirildi. Bu operatsiyalar orqali Suriya, Iroq, Afgʻoniston kabi urush hududlaridan ogʻir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 438 nafar ayol va bolalar mamlakatimizga olib kelindi. “Mehr-5” operatsiyasi natijasida esa Suriya hududidagi urush ketayotgan qaynoq nuqtalarga borib qolib, “Al-Xol” lagerida uch yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 nafar ayol hamda 69 nafar bola yurtimizga qaytarildi. Ularga tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordam koʻrsatildi. Jamiyatga qayta moslashtirish ishlari amalga oshirildi. Bu operatsiya xalqaro miqyosda katta eʼtirofga sazovor boʻldi.

Oʻzbekistonga tashrif buyurgan BMTning terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ragʻbatlantirish va himoya qilish boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ni Aolayn xonim Oʻzbekiston hukumatining Suriya, Iroq va Afgʻonistondan ayollar va bolalarni qaytarish va ularni jamiyatga moslashtirish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlarini yuksak baholadi. U bu haqida: “Oila birligi va jamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga asoslangan oʻzbek modeli repatriatsiya qilish, bola manfaatini koʻzlash, siyosiy, huquqiy va ijtimoiy vositalar, harakatlar orqali olovli hududdan qaytgan ayollarni samarali reintegratsiya qilish boʻyicha eng yaxshi amaliyotning namunasidir. Repatriatsiya va reintegratsiyaning oʻzbek modeli boshqa hukumatlar oʻz fuqarolarini olovli hududlardan qaytarishi uchun yoʻl xaritasi sifatida xizmat qiladi”, deya qayd etdi.

Yurtdoshlarimizni poytaxt aeroportida kutib olishda ishtirok etgan muftiy Nuriddin Xoliqnazarov (oʻsha vaqtlarda Toshkent shahri bosh imomi boʻlgan) bu haqda: “Vatan – inson uchun eng ulugʻ, eng muqaddas mujda. Shaxsan Prezidentimiz tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “Mehr” operatsiyalari uzoq ellarda sarson-sargardon yurgan, koʻz-koʻrib, quloq eshitmagan qiyinchiliklarni boshidan kechirgan yurtdoshlarimizni diyorimizga qaytarib, ularga yana Vatan degan obod manzilda xotirjam yashashdek ulkan baxtni hadya etish maqsadini koʻzda tutadi. Bu amallar beqiyos savobga yoʻgʻrilgandir”, degan edi.

Prezidentimiz tomonidan xato qilganlarni kechirish, ularni afv etish boʻyicha ham juda katta ishlar amalga oshirildi. Notoʻgʻri yoʻlga kirib, jazoni oʻtash muassasalarida saqlanayotgan qariyb 20 mingga yaqin shaxslar afv etilib, ijtimoiy hayotga reabilitatsiya qilindi. Adashgan shaxslarni jamiyatga qayta integratsiya qilish uchun ulkan ishlar amalga oshirildi.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SAMARQANDDAGI GO’RI AMIR MAQBARASINING TARIXIY ZIYORATGOH SIFATIDAGI O‘RNI

Go‘ri Amir maqbarasi Samarqand shahrida joylashgan ulug‘vor tarixiy yodgorlik bo‘lib, nafaqat O‘zbekistonning, balki butun islom …