Home / MAQOLA / TAKFIR VA UNING XATARLARI

TAKFIR VA UNING XATARLARI

Bugungi kunda musulmonlar orasida tafriqa (boʻlinish) va fitnalar kelib chiqishiga sabab boʻlayotgan jiddiy muammolardan biri takfir, yaʼni musulmonni kofir deb fatvo chiqarish koʻpayganidir. Bu keyin paydo boʻlgan masalalardan hisoblanadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida biror kishini kofir deb hukm chiqarilgani maʼlum emas. Shu bois bugun bu mavzu juda nozik va oʻta xatarlidir.

Internet tarmoqlarida ayrim toifalar birovlarni kofir deb ayblashdan oʻzini tiymayapti. Vaholanki, musulmon musulmonni kofir deyishi ulkan gunoh hisoblanadi. Ramazon Butiy rahimahulloh: “Maʼlumki, kofirligi aniq boʻlgan kimsani umring boʻyi kofir demasang, Alloh taolo buning uchun seni qiyomatda jazolamaydi. Ammo Allohning nazdida kofir boʻlmagan (chunki qalbdagi imonni faqat Alloh biladi) odamni umring davomida bir marta kofir desang, oʻzingni Alloh taolo huzuridagi eng ulkan gunohga roʻbaroʻ qilibsan”, degan.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonni kofirga chiqarishning zararli xatarini bir qancha hadislarda bayon qilganlar. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi birodarini kofirga chiqarsa, albatta, ikkisidan biri kufrga duchor boʻladi”, dedilar”. Kim moʻmin birodarini kofir deyish mumkin, degan eʼtiqodda kofir desa, oʻzi kofir boʻladi. Chunki halolni harom deb bilish kufrdir. Bu holatda kimningdir imoniga, shahodatiga hamla qilib, uni kofirga chiqaryaptimi, demak, oʻzi kofir boʻladi. Birovga “Ey kofir” deyish kishini kufrga olib boradi. Yaʼni, bunday deyishda kofir boʻlib qolish xavfi bor. Bunday inson bugun kofir boʻlmasa-da, bora-bora bir kun dindan chiqib qoladi. Shunday ekan, birovni kofir deyishdan oldin bu gap oʻziga qaytishi mumkinligini yaxshilab oʻylab qoʻyish kerak boʻladi.

Ahli sunna val jamoa ulamolari musulmonni kufrda ayblash masalasida nihoyatda ehtiyot boʻlishni buyurgan. Buyuk muhaddis va faqih Abu Jaʼfar Tahoviy rahimahulloh oʻzining “Aqidatut Tahoviy” asarida bunday deydi: “Qibla ahlining birortasini gunohi sababli – to uni halol sanamas ekan – kofirga chiqarmaymiz”. Bu shuni anglatadiki, musulmon gunohga qoʻl urgani bilan uni halol deb bilmasa, u hanuz islom doirasida qolayotgan boʻladi. Zero, gunoh boshqa, kufr boshqa.

Mulla Ali Qoriy rahimahulloh bu xususda mashhur hanafiy olim Ibn Nujaym rahimahullohning soʻzlarini keltiradi: “Musulmonni kofir deyishga dalolat boʻladigan toʻqson toʻqqizta dalil boʻlsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat boʻluvchi birgina dalil boʻlsa, muftiy va qozilar uchun oʻsha bitta dalilni olish lozim boʻladi”.

Bu soʻzlar takfir naqadar katta xatarlarga olib borishini ochiq-oydin koʻrsatmoqda. Islom shariatida kishining imondan chiqishi faqat aniq va qatʼiy dalillarga tayanishi lozim. Gumon yo notoʻgʻri talqin asosida birovni kofirga chiqarish jamiyatni ulkan fitnaga yetaklaydi. Shu sababli moʻmin kishi doimo oʻz birodari haqida yaxshi gumonda boʻlishi lozim.

Barcha ulamolar ittifoqiga koʻra, qibla ahlini – musulmonni kofirga chiqarmaslik kerak. Mazhabboshimiz Abu Hanifa rahimahulloh qibla ahlidan biror kishini kofir deb hukm qilmagan. Uning “Fiqhul akbar” kitobida bunday yozilgan: “Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh boʻlsa ham, – basharti uni halol deb eʼtiqod qilmagan boʻlsa – undan imon ismini olib tashlamaymiz, uni moʻmin deb atayveramiz, uni fosiq deyish mumkin, faqat kofir emas”.

Bir musulmonning qoni, obroʻsi va moli boshqa bir musulmon uchun qadrli boʻlishi lozim. Vidolashuv hajida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan mana bu gap buni tasdiqlaydi: “Albatta, qonlaringiz, mollaringiz va obroʻingiz oʻzlaringiz uchun xuddi shu kuningiz, shu oyingiz va shu shahringiz kabi muharramdir. Bu yerda hozir boʻlgan kishi hozir boʻlmaganlarga yetkazsin”.

Islom tarixidan maʼlumki, musulmonni gunohi sababli kofir deyishga birinchi boʻlib jurʼat etganlar xavorijlardir. Ular: “Moʻmin kishi gunoh qilsa, kofir boʻladi, islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora ularning takfirdan boshqa ishi qolmadi. Shariatga zid bunday yondashuv musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlar keltirib chiqarib, qirgʻinbarot urushlarga, behisob musulmonlarning qoni toʻkilishiga olib bordi. Ulamolar islomga xavorijlarchalik katta zarar yetkazgan kuch boʻlmaganini taʼkidlaydi.

Xalifa Ali roziyallohu anhu davrida paydo boʻlgan xavorijlar firqasi takfir tushunchasini oʻziga ergashmaganlarga nisbatan qoʻllagan. Ular oldin Ali roziyallohu anhuning ashaddiy tarafdorlari edi. Siffiyn jangidan soʻng oʻn ikki minglik qoʻshin bilan ajralib chiqib, Ali va Muoviya roziyallohu anhumoga qarshi barobar kurash boshlab yuborgan.

Xavorijlar qurol ishlatish yoʻli bilan oʻz eʼtiqodini yoyish va hokimiyatga erishishni maqsad qilgan. Musulmonlarni oʻldirishni halol sanagan. Jamal voqeasi ishtirokchilarini, Usmon, Ali, Muoviya, Amr ibn Os, Abu Muso kabi sahobalarni kufrda ayblagan. Katta gunoh qilganlarni kofirga chiqarib, ularning ahli ayoli, moli va jonini oʻziga halol sanagan. Xavorijlarning takfir tushunchasi orqali minglab musulmonlar, jumladan, Ali roziyallohu anhu hayotiga ham tajovuz qilingan.

Islom ulamolari xavorijlarning katta gunohga oid daʼvolarini tahlil etib, ularning gaplari islomiy tushunchalardan juda yiroq ekanini taʼkidlaydi. Dinimiz tarixida xavorijlar qoʻllagan uslub bugun ham oʻzini jihodchi qilib koʻrsatayotgan toʻdalar mafkurasida davom ettirilyapti. Ular oʻziga ergashmagan shaxs va tuzumlarni kofirlikda ayblaydi. 2005-yil iyul oyida Iordaniyaning Ammon shahrida yetakchi islom ulamolari qabul qilgan fatvoda: “Toʻrt sunniy mazhabga eʼtiqod qiluvchilarning barchasi musulmon hisoblanadi. Ularni imonsizlikda ayblash, joniga, nomusiga va mulkiga qasd qilish joiz emas”, deb eʼlon qilingan.

Shayx Yusuf Qarzoviy musulmonni kofirga chiqarish haqidagi savolga bunday javob beradi: “Kim Allohdan oʻzga iloh yoʻq va Muhammad alayhissalom Uning Rasuli ekaniga qalbi bilan tasdiqlagan holda guvohlik bersa, u musulmondir. Unga toʻlaligicha musulmonlarga qilinadigan muomala qilinishi lozim”.

Zabardast olim Ramazon Butiy bir maqolasida quyidagilarni yozgan: “Sahobalarning zamonini oʻrgandim, birortasining gunoh qilgan kimsani kofirga chiqarganini koʻrmadim. Oʻz orasida moʻtazila, jahmiya, xavorij va boshqa firqalar boʻlishiga qaramay, ular ham hech kimni gunohi sababli kofirga chiqarmagan. Endi har bir gapida musulmonni kofirga chiqarayotgan hozirgi kimsalarga nima ham deyish mumkin! Ular “Biz sahoba va tobeinlarga ergashamiz” degan daʼvoni koʻtaradi-yu lekin qilayotgan ishlari aslo sahoba va tobeinlarning amallariga toʻgʻri kelmaydi. Ular musulmonni kofirga chiqarishni xuddi bandani Allohga yaqinlashtiradigan tasbeh singari koʻp ishlatadi”.

Hozirgi kunda musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatosi dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, moʻtabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning soʻzlaridan bexabarlik yoki bilsa ham, eʼtiborga olmaslikdir. Birovni kofir deyish oʻyin emas. Chunki buning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar oʻta xatarlidir.

Imom Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh: “Asʼhoblarimizdan hech kim qibla ahlidan boʻlgan ahli havoni kofirga chiqarishni aytmagan (buyurmagan). Bir narsani vojib yo harom deyish, birovga savob yo azob berish, birovni kofir yo fosiq deb hukm qilish Allohning ishidir”, degan.

Xulosa qilib aytganda, xavorij va moʻʼtazila kabi firqalar takfir masalasini ahli sunna val jamoa eʼtiqodiga zid tarzda talqin qilgan. Hozirgi kunda islom niqobi ostida faoliyat olib borayotgan turli oqimlar musulmonlarni qilgan amali bois kofirga chiqarish orqali oʻz jinoyatlarini oqlamoqda. Bu dinimiz taʼlimotiga ziddir. Qolaversa, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobalar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolar gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar. Shunday ekan, musulmon shaxs sunnatga va salafi solihlar yoʻliga ergashishini daʼvo qilar ekan, ushbu qoidani mahkam tutishi lozim.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

SAHOBA VA ULAMOLAR – UZILMAS SILSILA

Shariat ilmlari oʻz-oʻzidan shakllanib qolmagan, balki avloddan-avlodga oʻtib kelgan taʼlimotdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilmni …