4-aprel kuni Jizzax politexnika institutida “Sun’iy intellekt davrida milliy o‘zlikni anglash: Turon tarixiy merosi va zamonaviy rivojlanish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjuman Jizzax politexnika instituti hamda Xalqaro Turon fanlar akademiyasi Jizzax filiali hamkorligida tashkil etildi. Mahalliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari qatnashgan tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor To‘rayev ham masofadan turib ishtirok etdi.

Anjuman doirasida turli yo‘nalishlardagi dolzarb mavzular qamrab olingan ma’ruzalar tinglandi. Professor To‘rayev taqdim etgan “Sun’iy intellekt, til va sinergetik tafakkur” mavzusidagi ma’ruzasida sun’iy intellekt texnologiyalarining til tizimiga ta’siri, inson tafakkuri bilan raqamli intellekt o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar to‘g‘risida fikr yuritib, sinergetik yondashuv asosida bilimlar integratsiyasining yuksak ahamiyatini ilmiy-nazariy jihatdan asoslab berdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda sun’iy intellekt nafaqat texnik vosita, balki inson fikrlash tarziga ta’sir etuvchi muhim omilga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, milliy tafakkurni asrab-avaylash va uni yangi texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish dolzarb vazifalardan biri sifatida qayd etildi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar o‘rtasida fikr almashuvi bo‘lib o‘tdi va ilmiy mulohazalar umumlashtirildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





