Home / FOTO LAVHALAR / Malayziya bilan hamkorlikning yangi bosqichi

Malayziya bilan hamkorlikning yangi bosqichi

Avval xabar qilinganidek, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiya ayni paytda Malayziyada mehmon boʻlib turibdi. Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Malayziya din ishlari vaziri, doktor Zulkifl Hasan bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muloqot chogʻida Samarqandning islom olamidagi yuksak maqomi va “Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” sifatidagi salohiyati alohida qayd etildi. Uchrashuvda Malayziya tomoni Samarqand zamini buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlari mangu qoʻnim topgan maskan sifatida malay xalqi uchun nihoyatda qadrli va muqaddas ekanini eʼtirof etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangidan qad rostlagan Imom Buxoriy majmuasining ochilgani hamda 2026-yil Oʻzbekistonda “Ochiq turizm yili” deb eʼlon qilingani natijasida ziyoratchilar uchun yana ham keng imkoniyatlar yaratilgani taʼkidlandi.

Muzokara davomida hamkorlikni amaliy boʻgʻinini yangi bosqichga olib chiquvchi qator muhim takliflar ilgari surildi. Xususan, “Kuala-Lumpur – Samarqand – Jidda” yoʻnalishida aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish hamda ziyoratchilar uchun mehmonxona va transport xizmatlariga 30 foizgacha chegirmalar joriy etish masalalari yuzasidan fikrlashib olindi.

Uchrashuvda asosiy eʼtibor ilmiy-maʼrifiy hamkorlikka qaratilib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan bogʻliq takliflar ham ilgari surildi. Xususan, Malayziyadagi diniy tashkilotlar xodimlari va taʼlim muassasalari talabalarining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy amaliyot oʻtashini tashkil etish, Markaz olimlari ishtirokida Imom Buxoriy hadislari xatmonasining boshlanishini Kuala-Lumpurda, yakuniy qismini Samarqandda oʻtkazish, diniy-maʼrifiy sohada qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va kadrlar almashuvini yoʻlga qoʻyish kabi muhim masalalar koʻrib chiqildi.

Doktor Zulkifl Hasan mazkur tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlab, Markaz bilan hamkorlik Malayziya uchun sharaf ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan yoʻnalishlardagi ishlarni izchil amalga oshirishga kelishib oldi.

Delegatsiya safari davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Hojilar – maʼnaviyat elchilari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida “Hojilar – maʼnaviyat targʻibotchilari” mavzusida …