Davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-yanvardagi “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturini amalga oshirishga qaratilgan qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Samarqand viloyati delegatsiyasining Malayziya va Indoneziya davlatlariga xizmat safari tashkil etildi.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiya tarkibidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov va mutasaddi tashkilotlar hamda turizm sohasi vakillari joy olgan.

Tashrifning ilk manzili Malayziyaning Putrajaya shahri boʻldi. Delegatsiya aʼzolari ushbu shaharning eng goʻzal meʼmoriy obidalaridan biri —15 ming namozxonga moʻljallangan Putra masjidida boʻlib, majmuaning qurilish uslubi va ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Masjid kutubxonasi va muzeyidagi noyob qoʻlyozmalar, Qurʼoni karimning qadimiy nusxalari hamda tarixiy ashyolar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Safar davomida delegatsiya aʼzolari dunyodagi eng yirik kitob chop etish markazlaridan biri — “Nasirul Qurʼon” (Kompleks Nasyrul Quran) majmuasiga tashrif buyurdi. Dunyoda Madinai munavvaradagi majmuadan keyingi, ikkinchi oʻrinda turadigan ushbu markazda diniy adabiyotlarni chop etish jarayoni va xattotlik sanʼatining noyob namunalari oʻrganildi.
Muzokaralar davomida tomonlar ilmiy-maʼrifiy sohada amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirib, bunday aloqalar kelgusida xalqlarimiz oʻrtasidagi maʼnaviy va madaniy rishtalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Eslatib oʻtamiz, safardan koʻzlangan asosiy maqsad — yangidan qayta qurilgan Imom Buxoriy majmuasini boshqarishda xorijiy tajribani qoʻllash, “Umra plyus” dasturi doirasida Malayziya va Indoneziyaning yetakchi turistik kompaniyalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda yurtimizning ziyorat turizmi salohiyatini keng targʻib qilishdan iboratdir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





