Home / FOTO LAVHALAR / Falsafa tarixi va tafakkur merosiga oid muhim ilmiy nashr taqdimoti

Falsafa tarixi va tafakkur merosiga oid muhim ilmiy nashr taqdimoti

1-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi anjumanlar zalida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda taniqli olim, Markaz direktorining Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev qalamiga mansub “Tanlangan asarlar” turkumining V jildi — “Falsafa tarixi: maqolalar toʻplami” keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Taqdimotda Markaz rahbariyati, yurtimizning yetakchi olimlari, professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar hamda keng kitobxonlar jamoatchiligi ishtirok etdi.

Tadbirni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi Baxtiyor Tursunov ochib, mazkur nashrning ilmiy-maʼrifiy ahamiyati, falsafa tarixi sohasidagi oʻrni va yosh avlod tafakkurini shakllantirishdagi roli haqida alohida toʻxtaldi.

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva bunday ilmiy tadbirlarning jamiyat maʼnaviy hayotidagi ahamiyatini taʼkidlab, ushbu kitobni keng kitobxonlar ommasiga yetkazish muhim vazifa ekanini qayd etdi.

Soʻzga chiqqanlar kitobning ilmiy konsepsiyasi, uning falsafa tarixini keng sivilizatsion jarayon sifatida talqin etishga qaratilgan jihatlari hamda milliy va umuminsoniy meros uygʻunligini aks ettirgan oʻziga xos xususiyatlari haqida batafsil fikr bildirdi.

Taʼkidlanganidek, mazkur toʻplamda antik davr mutafakkirlaridan islom sivilizatsiyasi va Markaziy Osiyo ilmiy-maʼnaviy muhitida kamol topgan allomalargacha taalluqli boʻlgan keng qamrovli materiallar jamlangan. Bu esa, oʻquvchida falsafiy tafakkurning uzviy rivoji haqida yaxlit tasavvur shakllantirishga xizmat qiladi.

Tadbir davomida professorlar J.Ramatov, D.Fayzixoʻjayeva va boshqalar kitobning ilmiy ahamiyatini yuqori baholab, u endilikda falsafa tarixi sohasidagi muhim manbalar sirasidan joy olishini taʼkidladi.

Shu bilan birga, asarda Sharq va Gʻarb falsafiy anʼanalarining uygʻun holda yoritilgani, muallifning murakkab nazariy masalalarni sodda va tushunarli tilda bayon etish mahorati alohida eʼtirof etildi.

Tadbir yakunida B.Toʻrayev kitobning yaratilish jarayoni, uning ilmiy manbalari va kelgusidagi izlanishlar rejalari haqida toʻxtaldi hamda bildirilgan fikr va mulohazalar uchun minnatdorlik bildirdi.

Mazkur nashr falsafa tarixi boʻyicha bilimlarni tizimli ravishda boyitish, yoshlar orasida tanqidiy va tahliliy tafakkurni shakllantirish, milliy va umuminsoniy maʼnaviy merosni chuqur anglashga xizmat qiluvchi muhim manba sifatida eʼtirof etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

9-yillik ilmiy va maʼnaviy yoʻl

Bugun, 27-mart kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganiga 9 yil toʻldi. Oʻtgan vaqt …