Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga ISFT (Moliyaviy texnologiyalar va fanlar xalqaro instituti)ning oʻqituvchi va talabalari tashrif buyurdi.

Markaz muzeyida mehmonlarga buyuk muhaddis Imom Buxoriyning hayoti, boy ilmiy va mashhur asarlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, yosh avlod yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan ulugʻ allomalarning ilmiy faoliyati va jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi bilan atroflicha tanishtirildi.

Taʼkidlanganidek, Imom Buxoriy majmuasi bugungi kunda yoshlar uchun nafaqat maʼrifat va maʼnaviyat maskani, balki komil insonni tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega boʻlgan oʻziga xos maktab sifatida xizmat qilmoqda. Buyuk muhaddis nomi bilan ataluvchi markazda amalga oshirilayotgan ilmiy va maʼrifiy faoliyat esa yosh avlodni ilmiy izlanishlarga jalb etish, ulugʻ allomalar ilmiy merosidan bahramand boʻlishda muhim oʻrin tutmoqda.

Tashrif asnosida talabalarda buyuk ajdodlar merosiga qiziqish yanada ortib, ilm-maʼrifat yoʻlida izlanish olib borishga kuchli ilhom uygʻongani qayd etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





