Home / MAQOLALAR / Asalga og‘u qo‘shib yedirayotganlar

Asalga og‘u qo‘shib yedirayotganlar

Diniy mavzuda so‘z yuritish o‘ta hassos, ayni vaqtda xatarli ishdir. Hassosligi shundaki, inson bolasi o‘ziga aytilgan haqoratlarni e’tiborsiz qoldirishi mumkin. Ammo diniy qarashlariga kelganda, uncha-muncha haqoratni hazm qila olmaydi. Shu nuqtai nazardan, jamiyati tinch va barqaror musulmon mamlakatlarning taraqqiy etishini istamaydigan kuchlar aynan din omilidan ko‘proq foydalanishga urg‘u beradi. Aqidaviy masalalar yuzasidan yakdil bo‘lgan musulmon jamiyatini beqarorlashtirish uchun odamlar orasiga yot g‘oyalar va botil qarashlarni tiqishtiradi. Diniy sohada malakaga ega bo‘lmagan, hatto, ustozlarining tayini yo‘q “shayx”larni o‘z nog‘orasiga o‘ynatadi.

Internet sahifalari va turli ijtimoiy tarmoqlarda, afsuski, ko‘p sonli kuzatuvchilariga ega bo‘lgan ana shunday “shayx”lardan biri faoliyat olib boradi. Uning va’zlariga bir qur nazar tashlaydigan bo‘lsak, “fatvo ishlab chiqaruvchi avtomat”ga o‘xshashiga amin bo‘lasiz. Holbuki, sahobalar va tobeinlardan iborat salafi solihlarimiz diniy masalada fatvo berishga juda ehtiyotkorlik bilan yondashgan. Buning oxiratdagi javobgarligidan qo‘rqqani uchun savollarga shartta-shartta javob beravermagan. To‘rt fiqhiy mazhab imomlarini qo‘yib, salafi solihlarga ergashishga chaqirayotgan mazkur salafiy “shayx” bu jihatga e’tibor qaratishni istamaydigan ko‘rinadi. U qanday qilib bo‘lsa-da, hatto, nufuzli fatvo markazlarida faoliyat olib borayotgan o‘nlab, balki yuzlab olimlarning aksariyat fatvolarini xatoga chiqarish hisobiga bo‘lsa ham “xojalari” bergan topshiriqni maromiga yetkazib ado etishga harakat qilayotganga o‘xshaydi.

Mazkur “salafiy shayx” o‘z faoliyatida “asalga og‘u qo‘shib yedirish” uslubidan keng foydalanmoqda. Jumladan, “Ezgu ish qilganlarga chiroyli narsa (jannat) va ziyodalik (Allohning diydorini ko‘rish) bordir” (Yunus surasi) 26-oyatini tafsir qilayotib, “allaziyna ahsanuv” iborasiga izoh berar ekan, ayni shu uslubdan foydalangan. Uning aytishicha, ustoz shogirdlarga tez-tez ta’lim berish o‘rniga ulardan uzoq yillar davomida xizmatkor sifatida foydalanishi bu oyatda nazarda tutilgan “yaxshi narsa” qamroviga kirmas emish. Aslida u shogirdining vaqtini g‘animat bilib, tezroq kamolga yetkazishi, o‘zidan ilmliroq ustoz chiqib qolsa, uni o‘shanga yuborishi ehson sanalarmish.

Insof yuzasidan aytish mumkinki, tarixda shogirdini uzoq muddat davomida ekspluatatsiya qilib yurgan niyati buzuq, ixlosi zaif ustozlar ham bo‘lgan. Bugun ham yo‘q emas. Xo‘sh, u holda mazkur “shayx”ning so‘zlarida qanday yanglishlik bor, dersiz. Xato shundaki, uning so‘zlari zamirida bugungi yoshlarning ongini zaharlash, shogirdlarda ustozga ishonch va hurmat tuyg‘ularini jarohatlash niyati yotadi. Qolaversa, bu gaplar salaflar davridan bugunga qadar davom etib kelayotgan ustoz-shogird an’anasiga putur yetkazishga qaratilgan. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorin”dek urchiyotgan, ahli sunna aqidasi va to‘rt fiqhiy mazhabdan birining asosida din arkonlariga e’tiqod va amal qilib kelayotgan mo‘minlarni adashganga chiqarayotgan “shayx”laru boshqa nusxalar ana shu sharafli an’ananing ostonasidan qochgan “mullavachchalar”dir.

Shogirdning ustozi bilan o‘tkazadigan vaqti shunchaki davomiylik masalasi emas, balki ilmiy kompetensiyani (munosiblik va muvofiqlikni) rivojlantirishning asosiy omilidir. Bunday tajriba nafaqat ilm o‘rganish va bilimlarni boyitish, balki ustoz bilan uzoq muddatli muloqot hamda uning metodologiyasini tushunish va qo‘llashini kuzatish orqali ham qo‘lga kiritiladi. Shogird ustozi huzurida qancha ko‘p hozir bo‘lsa, unda ilmiy yetuklik darajasi shunchalik yuksalib boradi. Sabr, xokisorlik va ziyraklik singari ilmiy axloqini mustahkamlaydi. Ilmiy kompetensiya faqat kitob o‘qish bilan emas, balki malakali ustozning nazorati ostida uzoq muddat ilmiy faoliyat olib borish orqali kasb qilinishini anglab yetadi.

Ustozsiz ham tez va shunchaki kitob o‘qish orqali ilm o‘rganish mumkin, deb o‘ylagan kishi bu yo‘lda sobitlik va mustahkamlikni yo‘qotadi. Malakali ustozning yo‘qligi shogirdni intellektual va axloqiy rivojlanishdan mahrum qiladi. Natijada uning ilmi, tushunchalari yuzaki bo‘lib qoladi. Ko‘nikmalari shakllanmaydi ham, rivojlanmaydi ham. Ana shu intellektual bo‘shliq (kompetension vakuum) shogirdni yuzaki qaraganda Qur’on va Sunnatga amal qilayotgandek ko‘rsatadi. Aslida esa, bu vakuum shogirdni ahli sunna val jamoa metodologiyasidan chetga chiqishga, buzg‘unchi oqimlarning da’volariga tezda aldanib qolishga moyil qilib qo‘yadi.

So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun unga bir qator voqeiy misollar keltirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ustoz huzurida uzoq muddat shogird bo‘lib yurishni Anas ibn Molik roziyallohu anhu boshlab bergan, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Zero, Imom Buxoriy va boshqa muhaddislar rivoyat qilgan xabarda aytilishicha, u bunday degan: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, Abu Talha qo‘limdan tutib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordi va: “Ey Allohning Rasuli, albatta, Anas juda hushyor bola, sizga xizmat qilsin”, dedi. U zotga safarda va muqimlikda o‘n yil xizmat qildim”. Ana shu o‘n yillik xizmatning mukofoti o‘laroq, Anas roziyallohu anhu ilm va odamiylikda qanday maqomlarga erishganini bugun ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz, albatta.

Imom Shofeiy Madinada Imom Molikning qo‘lida uning “Muvatto” asarini ko‘p marta o‘qigan. Hatto Imom Molik vafot etguniga qadar uning etagini mahkam tutgan. Imom Abu Hanifa o‘n sakkiz yil davomida ustozi Hammodning huzurida tahsil olgan. Shu vaqt mobaynida uning birorta darsini qoldirmagan. Ustozining vafotidan so‘nggina dars berish uchun uning o‘rniga ustozlik faoliyatini olib borgan. Imom Ahmad Bag‘dod va boshqa shaharlarga borib, taniqli ulamolar huzurida ta’lim olgan. Uning buyuk imom bo‘lib yetishishida uzoq muddat shunday davralarda bo‘lgani asosiy rol o‘ynagan. Ibn Hajar Asqaloniy uzoq yillar davomida ustozi Hofiz Iroqiyning qo‘lida ta’lim olib, hadis ilmining hofiziga aylangan. Imom Navaviy ko‘p yillar mobaynida Damashqdagi ustozlari huzurida ilm o‘rganib, buyuk faqih va muhaddis olim bo‘lib yetishgan.

E’tibor bering, bugun eng uzoq ta’lim oladigan kasb egalari shifokorlar bo‘lsa, yuqorida nomlari keltirilgan allomalar ulardan ham uzoqroq vaqt davomida talaba, shogird maqomida bo‘lgan.

Xullas, kecha birov tanimaydigan, bugun bir dumalab “shayx” bo‘lib olgan ayrim kimsalar ustoz-shogirdlik an’analariga bepisand qaragani uchun zalolatga ketgan. Buning ustiga boshqalarni ham ortidan ergashtirib, zalolat chohiga tortmoqda. Ustozlar nazarini topmagani uchun ulug‘ allomalarning “tirnoqlari ostidan kir qidirish” bilan umr o‘tkazmoqda.

Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, diniy mavzuda bahs yuritish – o‘ta hassos va xatarli amal. Buning salbiy oqibatlarini musulmon olamining ayrim burchaklarida ko‘rib, guvohi bo‘lib yashayapmiz. Shunday ekan, yurtimiz yoshlari “Qur’on va hadisdan gapiryapti-ku” degan vaj bilan duch kelgan kimsaning ortidan ergashib ketavermasligi lozim. “Imom Abu Hanifaga tosh otgan odam undan aqlliroqmi, axir u kishi 600 mingdan ziyod hadisni yod bilgan faqih edi”, “Bu shaxsning aytganlari Imom Moturidiyning “Ta’viloti”ga qanchalar muvofiq, nahotki ilmda u zotdan ham kuchli bo‘lsa”, degan mulohazalar orqali ilmning tosh-tarozusiga qo‘yib ko‘rish kerak. Hozir shukrki, masjidlarimiz bisyor. Eng yaqindagisiga borib, imomdan bir og‘iz maslahat so‘rash ham mumkin. Shunda “balki xato qilayotgandir”, degan tanqidiy qarash shakllanadi va bu o‘ziga xos himoya vositasi bo‘ladi. Hammamiz shunday yo‘l tutadigan bo‘lsak, oramizda yakdilligimizga raxna soladigan, taraqqiyotimiz yo‘lida g‘ov bo‘lishga urinadigan kimsalar paydo bo‘lmaydi.

Alouddin Ne’matov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: O‘zA

Check Also

Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgan livanlik olim Shayx Nadimning xotiralari

Shayx Nadim Jisr 1956-yili Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilib boʻlgach, olam-olam taassurotlar bilan yurtiga qaytib …