Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganining 9 yilligi munosabati bilan ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollari uchun media-tur tashkil etildi. Tadbirda ellikdan ortiq ishtirokchi Markaz faoliyati, ilmiy salohiyati va amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldi.

Media-tur doirasida mehmonlar Markaz muzeyi, studiyasi, kutubxonasi, qoʻlyozmalarni restavratsiya qilish va konservatsiyalash laboratoriyasi hamda majlislar zallarida boʻlib, bu yerda yaratilgan shart-sharoit, zamonaviy infratuzilma va ilmiy muhit bilan tanishdi. Ayniqsa, nodir qoʻlyozmalarni asrash va oʻrganish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, ularni ilmiy muomalaga kiritishga qaratilgan izlanishlar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.


Tadbir davomida katta majlislar zalida Markaz faoliyatiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazilib, soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar, nashrlar, xalqaro hamkorlik aloqalari va maʼnaviy-maʼrifiy loyihalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Taʼkidlanganidek, Markazning tashkil etilishi mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan izchil islohotlarning yaqqol amaliy samarasi boʻlib, u ajdodlarimizning bebaho ilmiy-maʼnaviy merosini, islom ilmlarini chuqur oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ilmiy platformaga aylandi.

Mehmonlar bu yerda yaratilgan imkoniyatlar va amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, bunday media-turlar jamoatchilikni Markaz faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ilmiy merosimizni keng targʻib qilishda muhim oʻrin tutishini qayd etdi. Shuningdek, Markaz faoliyatiga yuqori baho berib, uning xalqaro ilmiy maydondagi nufuzi ortib borayotganini alohida taʼkidladi.

Media-tur doirasidagi ochiq muloqot va samimiy uchrashuvlar OAV vakillari uchun yangi ijodiy mavzular manbaiga aylandi. Bunday anjumanlar Markazning ilmiy yutuqlarini keng jamoatchilikka yetkazish bilan birga, xalqimizning maʼnaviy xazinasini asrab-avaylash yoʻlidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





