Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Samarqand davlat chet tillar instituti talabalari tashrif buyurdi.

Dastavval yoshlar Markaz muzeyi bilan yaqindan tanishib, noyob qo‘lyozmalar, tarixiy manbalar va eksponatlar orqali Imom Buxoriyning ibratli hayoti va boy ilmiy merosi haqida atroflicha ma’lumot oldi. Ayniqsa, muhaddis olimning jahon tamaddunida tutgan o‘rni haqidagi ma’lumotlar ularda katta qiziqish uyg‘otdi.


Tashrif doirasida talabalar ishtirokida davra suhbati ham tashkil etildi. Muloqot davomida yoshlarning ma’naviy tarbiyasi, ilmga intilish, zamonaviy tahdidlarga qarshi immunitetni kuchaytirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, jamiyat taraqqiyotida halollik, poklik va mas’uliyat kabi fazilatlarning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Halollik nafaqat shaxsiy kamolotning, balki jamiyatda ishonch va adolatni ta’minlashning muhim omili ekani misollar orqali tushuntirildi.

Tadbir yakunida talabalar bunday uchrashuvlar ularning dunyoqarashini boyitishi, ma’naviy qadriyatlarga munosabatini yaxshilashi, ishtiyoqini yanada oshirishini ta’kidladi. Yosh mehmonlar Markaz faoliyatiga yuqori baho berib, bunday ma’rifiy muloqotlar bardavom bo‘lishiga umid bildirdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





