Home / MAQOLALAR / ULUGʻLAR YURTIGA ULUGʻVORLIK YARASHADI

ULUGʻLAR YURTIGA ULUGʻVORLIK YARASHADI

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev gʻoyasi va tashabbusi asosida Samarqand viloyatining Payariq tumanida yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasini koʻrgan har qanday kishi ulugʻlar yurtiga ulugʻvorlik yarashadi degan ezgu naql zamirida gʻoyat chuqur hayotiy haqiqat borligiga yana bir bor amin boʻladi.

Darhaqiqat, biz bugun yashayotgan saxovatli zamin asrlar davomida insoniyatga ne-ne allomalarni taqdim etganini yaxshi bilamiz, dunyo afkor ommasi ham eʼtirof qiladi. Hozirgi zamon kishisi uchun oddiy koʻringan koʻplab hayotiy zarur ashyo va tamoyillar negizida aslida katta kashfiyotlar, ilmiy jasorat namunalari yotishi ham ayni haqiqat. Lekin bugun odatiy narsalar hisoblanmish ana shu ilmiy moʻjizalarni oʻsha davrlarda insoniyat istifodasiga havola etmoq uchun qancha koʻz nuri toʻkilgani, qancha-qancha uyqusiz tunlar oʻtkazilgani, ijodning qanday ogʻir iztiroblari chekilgani, bir soʻz bilan aytganda, mislsiz aqliy riyozat sinovlaridan oʻtilganini faqat kashshoflarning – olimu allomaparimizning oʻzlari biladi.

Misol uchun, Xorazmiy bobo jiddu jahd qilib arab raqamlarini ilmiy muomalaga kiritmaganida, bashariyat yana necha asr davomida rimliklarning raqamlari bilan aldanib-adashib, hisob-kitobga qiynalib, oqibatda taraqqiyotni ortga surgandan suraverib yurgan boʻlardi.

Boshqa allomalarimizning ilmiy jasoratlari va ilm-fanning oliy peshtaxtasiga zarhal harflar bilan bitilgan kashfiyotlaridan ham koʻplab misollar keltirish mumkin. Lekin oʻylaymizki, shuning oʻzi kifoya. Zero, aql egalari ularni allaqachon oʻz tafakkuri bilan qalbiga singdirib boʻlgan.

Ajdodlarimiz jahon ilm-fani barobarida islomiy ilmlar rivojiga ham beqiyos hissa qoʻshgan. Imom Buxoriyning shoh asari boʻlmish “Al-Jomeʼ as-Sahih” asrlar davomida musulmon olamida Qurʼoni karimdan keyingi eng ishonchli manba sifatida eʼtirof etib kelinayotganini barchamiz yaxshi bilamiz. Shuni ham bilamizki, dunyo musulmonlarining aksariyati muqaddas dinimizning aqidasini Imom Moturidiy maktabi, aniqrogʻi, uning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari asosida oʻrganadi. Shu ikki zalvarli misol bilan cheklanish mumkinmikan!.. Axir islom fiqhi – yurisprudensiyasi hali-hanuz Burhonidsin Margʻinoniyning “Hidoya” asari asosida yuritilishini, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahmad Yassaviy kabi tariqat ahlining qariyb barcha peshvolari shu muqaddas zamindan yetishib chiqqan shaxslar boʻlganini aytmaslik oʻz-oʻzimizga xiyonatdek tuyuladi-da.

Negaki, bu zaminning har qarichi muqaddas – har viloyatning xohlagan tumaniga boring, albatta, bir avliyo yoki olimning ziyoratgohiga duch kelasiz. Boshqa xalqlar shu jihatdan bizga havas bilan qarashi bor gap. Musulmonlar istiqomat qiladigan har qanday diyorga borib, “Buxoriyning yurtdoshiman” desangiz, oʻzgacha munosabat koʻrsatilishi koʻpdan-koʻp hayotiy tasdiqlardan oʻtgan haqiqat.

Lekin biz ajdodlar bilan faqat faxrlanish yoʻlidan bormayotganimizni ham taʼkidlash kerak. Mamlakatimizda bu aziz zotlarning ilmiy-maʼnaviy merosini asrab-avaylash, oʻqib-oʻrganish, keng jamoatchilikka yetkazish, yosh avlodni shu meros maʼno-mazmun oladigan goʻzal anʼanalar asosida tarbiyalash borasida bemisl ishlar amalga oshirilmokda. Bir necha yillardan buyon Samarqandda Imom Buxoriy, Termizda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat koʻrsatmokda. Mana, Ramazon hayiti arafasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi.

Mazkur ilmiy-tadqiqot muassasalari buyuk muhaddis va mufassirlar, kalom ilmi peshvolarining asarlarini, ularga boshqa nufuzli ulamolar bitgan sharhlarni oʻzbek tiliga izohli tarjima qilib, nashrdan chiqarmokda. Bu faqat islomiy ilmlarni emas, balki taʼlim-tarbiyani, shuningdek, vatanparvarlik, insonparvarlik, tinchliksevarlik, bagʻrikenglik, halollik, atrof-muhitga gʻamxoʻrlik kabi his-tuygʻu va fazilatlarni ham keng yoyish hamda rivojlantirishga yoʻl ochmokda. Negaki, bu noyob meros hayotning hamma jabhalarini qamrab oladigan, shaxsiy kamolotdan fozil davlat va fozil jamiyat qurishgacha boʻlgan hamma bosqich va pogʻonalarda dasturilamal boʻladigan bebaho xazinadir.

Koʻplab donishlarning “bir yil ilm oʻrgangan boʻlsam, qirq yil odobni oʻrgandim” degan mazmundagi gapini hammamiz eshitganmiz, oʻqiganmiz. Yaʼni tarbiya maʼnosidagi odob yaxshi boʻlsa, tarbiyadan shakllanuvchi axloq, dunyoqarash, intilishlar ezgu boʻlsa, ilm rivojlanib boraveradi.

Shu maʼnoda, Imom Buxoriyning, boshqa allomalarimizning ilmiy merosi oʻz-oʻzidan katta boylik boʻlsa, buning tarbiyaviy ahamiyati yana bir ulkan mulkdir. Misol keltiraylik. Yaxshi maʼlumki, Imom Buxoriy bolaligida otasidan yetim qolib, onasi tarbiyasi bilan voyaga yetgan. U ayol erkaklar bilan yonma-yon masjidga bora olmasdi, lekin oʻgʻlini ertalab ibodatga ketayotgan odamlar safiga qoʻshib yuborishdan hech ham tolmasdi. Uning duogoʻyligi sababli yosh Muhammadning ojiz koʻzlariga yana nur qaytgan. Uning jonkuyarligi tufayli yosh Muhammad hamma tan oladigan Imom – hadis ilmining sultoni boʻlib yetishgan, desak, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Axir ota umri uzoq boʻlgan taqdirda ham hamisha farzandning yonida turolmaydi. U turmush tashvishlari bilan ertalab ketib, kechqurun qaytadigan rahnamo. Ona esa bola bilan doimo birga. Mana shu misolning oʻzi yosh onalarimiz uchun katta saboq boʻlsa, ajab emas.

Imom Buxoriy haqida, uning asarlari toʻgʻrisida soatlab gapirish mumkin. Alloh taolo u zotga katta fazl va sharaf ato etgan. Ilm yoʻlidagi xizmatlarining samarasi oʻlaroq shuhratini butun dunyoga qiyomatga yetadigan qilib tarqatgan. U zotning shaʼniga aytilgan gaplarni toʻliq keltirishning sira iloji yoʻq. Biz faqat hadis ilmining yetuk olimi Asqaloniyning “Keyingi asrda yashab oʻtgan ulamolarning Imom Buxoriy nomiga aytgan maqtovlari” nomli alohida bob ochsalar varaqlar qolmay, siyohlar tugab bitar edi. Chunki u sohili yoʻq dengizdir” degan gapini keltirish bilan kifoyalanamiz.

Biz Imom Buxoriy majmuasining betakror meʼmoriy yechimlari, texnik sifatlari, bu yerdagi mehmonxonalar, zangori suvli hovuzlar, azim chinorlar haqida toʻxtalmadik. Illo, qolgan taassurotlarni ziyoratga kelgan kishi oʻzi koʻrib, his qilgani, anglagani maʼqul.

Faqat bir jihatni taʼkidlab oʻtamiz: rivoyatlarga koʻra, Imom Buxoriy dafn etilganida, qabridan yuqoriga nur koʻtarilib, yon-atrofga juda yoqimli hid taralgan ekan. Shu darajadaki, odamlar u yerdan uyiga tuproq olib keta boshlagan. Yaʼni ulugʻ insonlarning ulugʻvorligi vafotidan keyin ham muazzamligicha qolaveradi. Zotan, Prezidentimiz tomonidan ana shu ulugʻ inson sharafiga bunyod qilingan majmua ham gʻoyat ulugʻvorlik kasb etganini koʻrib, bunga yana bir karra amin boʻlib turibmiz.

Shovosil ZIYODOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari doktori, professor
Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2026-yil 24-mart, №56(9227)

Check Also

MISLSIZ, ILOHIY, MODDIY NEʼMAT

MISLSIZ (!) ILOHIY (!) MODDIY NEʼMAT “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar! Zero U isrof qilguvchilarni sevmas!” …