Home / FOTO LAVHALAR / Hashar – yurt obodligi va hamjihatlik ramzi

Hashar – yurt obodligi va hamjihatlik ramzi

Xalqimizning koʻp asrlik qadriyatlari orasida hashar alohida oʻrin tutadi. Bu anʼana nafaqat atrof-muhitni obodonlashtirish, balki oʻzaro ahillik va birdamlikning goʻzal alomati hamdir.

Mamlakatimizda “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga binoan, Navroʻz bayramini koʻtarinki ruhda nishonlash, muborak Ramazon oyini munosib oʻtkazish hamda hududlarning sanitariya holatini yaxshilash maqsadida 13-14 mart kunlari yurtimiz boʻylab keng qamrovli obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish moʻljallangan.

Ushbu xayrli tashabbus doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida umumxalq hashari joʻshqin va bayramona uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Tadbir davomida Markaz binosining atrofi va ichki koʻkalamzor hududlari yanada shinamlashtirilib, Ramazon va Navroʻz shukuhiga mos tartibga keltirildi. Koʻklam tadorigi qasdida gulzorlar va manzarali daraxtlar tagi yumshatildi. Shuningdek, sanitariya ishlariga alohida eʼtibor qaratilib, yashil maydon begona oʻtlardan tozalandi, ariq va zovurlar yana bir koʻrikdan oʻtkazilib, yangidan tozalanib, tartibga keltirildi.

Hasharda Markazning barcha xodimlari yakdillik bilan ishtirok etib, yurtimiz obodligi va fayziga oʻz munosib hissasini qoʻshdi. Zero, ozodalik va saranjomlik hukm surgan joyda qut-baraka, ezgulik va taraqqiyot boʻladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ustoz olim xotirasiga ehtirom

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 2-mart kuni o‘zbek sharqshunoslik va manbashunoslik maktabining zahmatkash namoyandasi, taniqli …