Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan gid-ekskursovodlarning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv seminari doirasida mashgʻulot tashkil etildi. Samarqand viloyati Turizm bosh boshqarmasi hamda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamkorligida oʻtkazilayotgan mazkur oʻquvdan koʻzlangan asosiy maqsad turizm sohasida xizmat koʻrsatayotgan gidlarning bilimlarini boyitish va kasbiy koʻnikmalarini yanada mustahkamlash, ularni Imom Buxoriy hayoti va boy ilmiy merosi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.

Markazda oʻtkazilgan mashgʻulot davomida ishtirokchilar uchun Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy faoliyati va hadis ilmi rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasiga bagʻishlangan maʼruzalar taqdim etildi. Xususan, Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev “Qomusiy olimning Islom tamaddunida tutgan oʻrni” nomli maʼruzasida buyuk muhaddisning tugʻilgan joyi, oilasi va tarbiyasi, ilmiy shakllanish jarayoni, ustozlari va ilm talabida amalga oshirgan safarlari haqida atroflicha maʼlumotlar berdi.

Shuningdek, hadis ilmiga bagʻishlangan darsda Markaz katta ilmiy xodimi Shukurillo Umarov hadis tushunchasi, uning turlari va ahamiyati, hadislarni toʻplash va tasniflash usullari, rivoyatlarning ishonchlilik darajalari – sahih, hasan va zaif kabi toifalar haqida soʻzladi.

Mashgʻulot davomida “Sahihul Buxoriy” asarining yaratilish tarixi, uning islom ilm-fanidagi oʻrni, kitobning tuzilishi hamda hadislarni tanlashda qoʻllangan ilmiy mezonlar haqida ham maʼlumotlar taqdim etildi.

Mashgʻulot jarayonida gid-ekskursovodlarning sayyohlarga Imom Buxoriy merosini ilmiy asosda va toʻgʻri taqdim etishi, aniq va ishonchli maʼlumot yetkazishi bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





