Home / MAQOLA / HIJRAT TUSHUNCHASINI SOXTALASHTIRAYOTGANLARDAN EHTIYOT BOʻLAYLIK

HIJRAT TUSHUNCHASINI SOXTALASHTIRAYOTGANLARDAN EHTIYOT BOʻLAYLIK

HIJRAT OʻZI NIMA?

“Hijrat” soʻzi lugʻatda “tark etmoq” maʼnosini anglatadi. Sharʼiy istilohda esa, musulmon odamning joni va dinini asrash uchun vatanini tark etishi tushuniladi. Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asaridagi birinchi hadisda bu maʼno ochiq ifodalangan.

Umar ibn Xattobdan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitdim: “Albatta, amallar niyatlarga bogʻliqdir va har bir kishi uchun niyat qilgan narsasi boʻladi. Bas, kimning hijrati Alloh va Rasuli uchun boʻlsa, uning hijrati Alloh va Rasuli uchun boʻlgan hisoblanadi. Kimning hijrati molu dunyo uchun boʻlsa, unga erishadi yoki biror ayol uchun boʻlsa, unga uylanadi. Uning hijrati hijrat qilgan narsasi uchun boʻladi”.

Hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat muqaddas islomiy tushunchalardan ekanini bayon etish bilan birga, Makkadan Madinaga hijrat qilgan musulmonlarni har bir ishda niyatni yaxshi qilish va Allohning rizosini istash zarur ekaniga daʼvat qilganlar.

Ammo Makka fath etilgandan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarga u yerdan hijrat qilishini man etganlar. Bu “Sahihul Buxoriy”da kelgan quyidagi hadisda oʻz ifodasini topgan:

Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fathdan soʻng hijrat yoʻqdir…”, dedilar.

Mazkur hadis Makka fathi toʻgʻrisida aytilgan boʻlsa-da, shaharning fath etilgani undan hijrat qilish joiz emasligiga sabab boʻlgani uchun ushbu hukm fath etilgan barcha diyorlarga tegishli hisoblanadi. Demak, qaysi diyor fath etilgan boʻlsa, undan hijrat qilish mumkin emas. Ammo yuqorida taʼkidlanganidek, kofirlar tomonidan ishgʻol qilinib, musulmonlarning joni va diniga xavf tugʻilgan diyorda hijrat hukmi yangidan joriy boʻladi.

Paygʻambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

«Hijrat qiluvchi xato va gunohlardan uzoqlashgan kishidir»

(Imom Ibn Moja rivoyati, 3934-hadis)

Hijratdan toʻsadigan omillar uning soqit boʻlishini taʼminlaydi. Masalan, hijrat qilish uchun moddiy imkoniyati boʻlmaslik, keksalik yoki balogʻatga yetmaganlik kabi omillar hijratning soqit boʻlishiga sabab boʻladi. Qurʼoni karimda Alloh taolo buni quyidagicha bayon qilgan: “Farishtalar oʻziga zulm qilgan kimsalarni vafot ettirayotganda: “(Dunyoda) qanday holda edingiz?” deydi. Ular: “Biz Yerda kuchsiz edik”, deydi. (Farishtalar:) “Allohning Yeri keng emasmidiki, unda hijrat qilsangiz?!” deydi. Ana oʻshalarning joyi doʻzaxdir. U juda ham yomon joydir. Lekin erkak, ayol va bolalardan chorasiz boʻlgan va yoʻl topa olmaydigan zaiflari bundan mustasnodir. Alloh ularni afv qiladi. Alloh afv qiluvchi va magʻfiratli Zotdir”.

Bu oyatda Alloh taologa toat-ibodat qilishga toʻsiq qoʻyilganini bahona qilganlar qoralanmoqda. Albatta, qaysi yurtda bunday toʻsiq boʻlsa, musulmonobod yurtga borib, emin-erkin ibodat qilishga intilish kerak. Oyatning davomida keksa, bemor, ayol va yosh bolaga hijrat vojib boʻlmasligi ochiq bayon etilgan.

Hijratdan toʻsadigan omillardan yana biri ota-ona boʻlib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni yolgʻiz tashlab ketishdan qaytarganlar. Imom Buxoriy “Adabul mufrad” asarida bunday keltirgan:

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi:

“Bir kishi ota-onasini yigʻlatib, hijratga ahdu paymon qilish uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ularning oldiga qaytib borgin-da, qanday yigʻlatgan boʻlsang, shunday kuldir!” dedilar”.

Ota-onani tashlab ketish joiz emasligi haqidagi hadislar juda koʻp boʻlib, baʼzilarida ota-onaga xizmat qilish jihoddan ham afzal ekani ochiq ifodalangan. Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy” asarida “Ota-onasining iznisiz jihod qilmaydi” degan alohida bob ajratib, unda quyidagi hadisni keltirgan:

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi:

“Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: “Jihodga chiqaman”, dedi. U zot: “Ota-onang bormi?” deb soʻradilar. U: “Ha”, dedi. “Unday boʻlsa, ularda jihod qil!” dedilar”.

Mazkur hadisda ota-onaga xizmat qilish jihoddan afzal va savobliroq ekaniga dalil bor. U zot “ota-onang musulmonmi?” deb soʻramadilar. Demak, bu masalada ota-ona musulmon yo kofirligining ahamiyati yoʻq.

Abu Amr Shayboniy Abdulloh (ibn Masʼud)ning hovlisiga ishora qilib: “Bizga mana shu hovlining egasi bunday xabar berdi”, dedi.

“Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi amal Allohga suyukliroq?” deb soʻradim. U zot: “Vaqtida oʻqilgan namoz”, dedilar. “Undan keyin qaysi?” dedim. “Ota-onaga yaxshilik qilish”, dedilar. “Undan keyin qaysi?” dedim. “Alloh yoʻlida jihod qilish”, dedilar. Abdulloh aytadi: “U zot menga shularni aytdilar. Yana soʻrasam, javob beraverar edilar”.

Hadisda ota-onaga yaxshilik qilish jihoddan oldin qoʻyilganiga ahamiyat qaratish lozim.

Davlat rahbari musulmonlardan boʻlgan va musulmonlar emin-erkin ibodat qilish imkoniyatiga ega boʻlgan yurtdan kamchilik topishga urinib, odamlarni hijrat qilishga chaqirish fitnaning ayni oʻzidir. Chunki bundan hijrat emas, balki yoshlarni har xil buzgʻunchiliklarga jalb etish maqsad qilingan boʻladi. Bunga ularning gapiga aldanib, koʻp yillar begona yurtlarda sarson boʻlib, oxir-oqibat Allohning marhamati bilan vataniga qaytishga muyassar boʻlgan shaxslar misolida ishonch hosil qilishimiz mumkin.

Yoshlar soxta shayxlarning yolgʻonlariga uchib, ota-onasini zor yigʻlatib, bola-chaqasini qaqshatib, tashlab ketishi islom tamoyillariga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi.

Alloh taolo: “Rabbing Oʻzidan boshqaga ibodat qilmasligingizni va otaonaga yaxshilik qilishni hukm qildi” (Isro surasi, 23-oyat), degan. Bu namozdan keyin eng afzal va savobli amal ota-onaga yaxshilik qilish ekaniga yaqqol dalildir. Chunki oyatda Allohga ibodat qilishdan keyingi oʻrinda ota-onaga yaxshilik qilish zikr qilingan.

Adashgan toifalar sirlari fosh boʻlib qolishidan qoʻrqib, bu kabi qatʼiy dalillarni tilga olmaydi. Bu ularning Kitob va sunnatdan gʻarazli maqsadda foydalanayotganini koʻrsatadi. Ular yoshlarning ilmsizligidan foydalanib, oyat va hadislarni oʻzi xohlagancha talqin qilmoqda.

Masalan, ulardan biri: “Ibrohim alayhissalom otasi kofir boʻlgani uchun uni tashlab ketgan. Siz ham ota-onangizni tashlab, hijrat qiling!” deydi. Afsuski, ergashganlardan birortasi: “Ibrohim alayhissalom haqidagi qissalarda bunday maʼno yoʻq. Balki Ibrohim alayhissalom otasiga juda mehribon boʻlgan. Bir oyatda otasi Ozar uni toshboʻron qilib, oʻldirmoqchi boʻlgani va uydan haydab chiqarganidan keyin noiloj uni tark etgani, ammo shunda ham otasiga salomatlik tilab, uning uchun istigʻfor aytishini maʼlum qilgani aks etgan boʻlsa, boshqa oyatda Ibrohim alayhissalom otasining kofir holda vafot etganini bilgandan keyingina uning uchun istigʻfor aytishni toʻxtatgani ochiq bayon qilingan”, deyishga bilimi yetmaydi.

Yoki birortasi: “Bizning ota-onamiz kofir emas. “Allohdan oʻzga iloh yoʻq va Muhammad uning elchisidir” degan odamni kofir deyishga nima haqqingiz bor? Yoki bu toyyib kalimani aytgan odam musulmon hisoblanishi haqidagi hadislarni inkor qilasizmi?!” deya olmaydi.

Shayxlari: “Ular namoz oʻqimagani uchun kofirdir”, desa, birortasi: “Ularning koʻpchiligi namozxon. Baʼzilari namoz oʻqimasa-da, ammo oʻqishni niyat qiladi. Ular namozning farzligini inkor qilmaydi”, deb javob berishga ojiz.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, yoshlar adashgan toifalarning tashqi qiyofasi va yuzaki gaplariga uchmasdan ishonchli olimlarning aniq dalillariga quloq solmas ekan, hech qachon zalolat botqogʻidan chiqa olmaydi. Ular musulmonlar jamiyatiga zarar yetkazishda davom etaveradi. Savobga erishish oʻrniga gunohga botadi. Yoshlarning koʻr-koʻrona birovga ergashganidan koʻra, ilm talab qilishi maqsadga muvofiqdir. Ilm talab qilishda ishonchli olimlarni izlab topish zarur. Birov shayxlik libosini kiyib, Qurʼon va hadisdan gapirsa, darrov ishonib qolmasligi, uning kim ekani va kimdan taʼlim olganiga eʼtibor berishi kerak.

Qurʼon oyatlari va hadislarni lugʻaviy tarjima qilishdan nariga oʻta olmagan inson bu ikki muqaddas manba mohiyatini qaydan bilsin?! Bunday shaxslar oʻz nafsiga qul boʻlishi aniq. Ular oyat va hadislarni xohlagancha talqin qilaveradi. Bu esa, islomga xiyonatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qurʼonni oʻz raʼyi bilan tafsir qilsa, doʻzaxdan oʻrnini hozirlayversin”, deganlar. Inson Qurʼonni oʻz fikriga suyanib tafsir qilmasligi lozim va buning uchun Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Masʼud kabi mufassir sahobalar va ulardan keyingi tobein va tabaa tobeinlar tafsirlariga murojaat qilishi kerak.

Ular: “Biz Qurʼon va hadisga amal qilamiz”, deb daʼvo qiladi. Ularga: “Kelinglar, Qurʼon va hadisga moʻtamad tafsirlar orqali amal qilamiz”, deyilsa, ular: “Yoʻq, biz zohiriga koʻra amal qilamiz”, deb, yana oʻsha lugʻaviy tarjimani ustun qoʻyadi. Holbuki, har kim arab tilini oʻrganib olib, Qurʼon va hadisni oʻzicha tarjima qilishga urinsa, mazmunini tushunishda xatoga yoʻl qoʻyadi. Bu esa, islomga koʻplab uydirmalar kirib qolishiga sabab boʻladi.

Shariat ilmida yetuk boʻlmagan shaxs biror fatvo bersa, oʻzi ham adashadi, oʻzgalarni ham adashtiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomatga yaqin odamlar oʻzlariga johil kimsalarni boshliq qilib oladi. Ular ilmsiz ravishda fatvo berib, oʻzlari ham adashadi, oʻzgalarni ham adashtiradi”, deganlar. Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning fatvo berishga jurʼatlirogʻingiz doʻzaxga jurʼatlirogʻingizdir”, deganlar. Demak, biror masalani yaxshi oʻrganmay turib, shoshqaloqlik bilan fatvo berish insonning doʻzaxga tushishiga sababchi boʻlar ekan.

Ushbu dalillar Qurʼon va hadislarni lugʻaviy tarjima qilish bilan fatvo berib boʻlmasligini anglatadi. Imom Ahmaddan: “Yuz ming hadisni yod olgan kishi fatvo bersa boʻladimi?” deb soʻralganda, “Yoʻq”, deb javob bergan. Ikki yuz ming hadisni-chi?” deyilganda ham, uch yuz ming hadisni-chi? deyilganda ham rad etavergan. Toʻrt yuz ming hadisni yod olgan odam fatvo bersa boʻladimi?” deyilganda, “Ha”, deb javob bergan.

Imom Ahmadning soʻzlariga koʻra, soxta shayxlarning fatvo kursisiga oʻtirishi mutlaqo joiz emas. Chunki ularning birortasi toʻrt yuz ming hadisni yod olmagan.

Obid XURSANDOV

Check Also

FARZAND TARBIYASI – IJTIMOIY HODISA

Muqaddas dinimiz taʼlimotida farzand Alloh taolo insonga bergan eng ulugʻ neʼmatlardan boʻlishi barobarida, u omonat …