Home / ALLOMALAR / NOʻGʻAY OTA – YUKSAKLIK VA YETUKLIK TIMSOLI

NOʻGʻAY OTA – YUKSAKLIK VA YETUKLIK TIMSOLI

Allomalar merosini oʻrganishga boʻlgan qiziqish, soʻngi besh yilda olib borilayotgan tadqiqotlarda namoyon boʻlmoqda. Bu boradagi ishlarning davom oʻlaroq Payariq tumanida mavjud qadimiy ziyoratgohlar tarixini oʻrganish va ularni obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Tumanda mavjud muqaddas ziyoratgohlardan biri “Noʻgʻay ota” ziyoratgohi boʻlib, Imom Buxoriy ziyoratgohining yaqinida joylashgan. Ziyoratgohga tashrif buyurarkansiz, ochiq tabiat qoʻynida joy olgan bu maskandagi baland tepalikda Noʻgʻay ota maqbarasi qad rostlagan.

Noʻgʻay ota kim?

Noʻgʻay – oʻz davrida katta nufuzga ega boʻlgan, mavqeyi yuqori turuvchi oʻzbek urugʻlaridan biridir.

“Ubaydulloxonning yassaviylar bilan juda qatʼiy bogʻlangʻaniga yana bir dalil, yassaviy shayxi Xudoydodning muridi Muhammadyor Noʻgʻay otagʻa oʻz qizini berganidir. Noʻgʻay ota 1533 da oʻlub, Samarqandning Soʻgʻd degan mavzeida koʻmilgan”[1]. Shunga koʻra, Noʻgʻay otaning ismi Muhammadyor boʻlib, shayboniylar sulolasi vakillaridan biri, Buxoro xoni Ubaydullaxonning (1486-1539) kuyovi boʻlgani oydinlashadi.

“Lamahot”da: “Mavlono Muhammad Husayn Noʻgʻayikim, bobomiz Darvesh shayxning qadim muridlaridan boʻlib, derdilar: Hazrati Qosim shayx aytdilar: “Bizning boshqa javobimiz shul ediki, masalan, Samarqanddan Aliobodgacha ikki yoʻl boʻlib, biri loy yoʻli, ikkinchisi loysiz yoʻldir. Darvesh shayx loy yoʻldan yuradilar, har kim loyda qolgan boʻlsa, xoh otda va xoh aravada boʻlsin, ul zot uni loydan chiqaradilar. Bayt:

Gar desalar: sen qonun chalasanmu?
Changimda ne tushsa, shuni chalarman.

Hazrati Mavlono Vali esa loysiz yoʻldan yuradilar”.

Muhammad Olim shayx azizon bergan maʼlumotga koʻra, Noʻgʻay urugʻiga mansub Mavlono Muhammad Husayn muallifning bobosi Darvesh shayx azizonning shogirdlaridan biri ekani oydinlashadi.

“Samariya”da: “Hazrati Nugʻoy ota mazori. Shu nom bilan ataladigan oʻrinda, Sugʻudi kalon tumanida, hazrati xoja Ismoil Buxoriy mazorining yaqinida baland bir tepa ustidadir. U Nugʻoy ulusidan boʻlib, bu yerga kelib oʻlgan va shunda koʻmilgan. Olim shayx azizon xalifalaridan edi”. Abu Tohir xoja Samarqandiy bergan maʼlumotdan Muhammad Olim shayx azizonning Noʻgʻay ota ismli shogirdi boʻlgani tushunish mumkin.

Yuqoridagi kelgan manbalarga koʻra, bu yerda yassaviya tariqatining vakillaridan, Noʻgʻay urugʻiga mansub Muhammadyor, Mavlono Muhammad Husayn va Noʻgʻaylar (ismi nomaʼlum) shu hududda yashagan va dafn etilgan. Abdurauf Fitrat bergan maʼlumotga koʻra, bu yerda Muhammadyor 1533-yili vafot etgani va shu yerda dafn etilgani inobatga olinsa, uchala noʻgʻay orasidan yoshi kattasi shu shaxs boʻlib, uning nomi bilan Noʻgʻay ota deb atalgan.

Noʻgʻay ota ziyoratgohida yuksaklikka boʻy choʻzgan mahobatli maqbara va u yerda yetuklik martabasini bosib oʻtgan murshid – shayxlar qoʻnim topgan. Noʻgʻay ota tarixini oʻrganishga oid tadqiqotlar davom etadi.

[1] Abdurauf Fitrat. Yassaviya maktabi shoirlari toʻgʻrisida tekshirishlar (1928) // https://ziyouz.uz/matbuot/ jadid-matbuoti/abdurauf-fitrat-yassaviya-maktabi-shoirlari-togrisida-tekshirishlar-1928/; Doʻstqorayev B. Yassaviy kim edi. – T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi, 1994. – B. 37.

Mexrojiddin AMONOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Check Also

Buyuk hofiz – Imom Abu Hanifa

Hech kim shubha qilmaydigan bir haqiqat bor. U ham boʻlsa shuki, Imom Abu Hanifa rahimahulloh …