Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / Barqarorlikka yetaklovchi odimlar

Barqarorlikka yetaklovchi odimlar

TIYNAT

Odamlar goho jamiyatdagi oʻzgarishlar haqida gapirar ekan, “zamon ogʻirlashib ketdi”, “odamlar avvalgidek emas”, degan fikrlarni koʻp aytadi. Lekin “men oʻzimchi, toʻgʻri yashayapmanmi”, deb oʻzidan hech soʻramaydi. U bitta oddiy haqiqatni unutadi: jamiyat – kimdir emas, oʻzimiz. Kunlik munosabatlarimiz, ishimizga yondashuvimiz, vaʼdamizga vafo qilishimiz – jamiyatning haqiqiy qiyofasi mana shu.

Joriy yilning mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb belgilanishi ham oʻzgarish yuqoridan emas, hayotning ichida, insonning oʻzida boshlanishini anglatadi. Zero, barqaror va sogʻlom jamiyat katta maydonlarda emas, aynan kundalik hayotimizda shakllanadi.

Aslida, jamiyat degani osmondan tushgan mavhum tushuncha emas. U – bozordagi muomala, ishxonadagi munosabat, mahalladagi oddiy tartib, oiladagi tarbiya va insonning oʻz vijdoni bilan boʻlgan munosabatidir. Shuning uchun ham jamiyat barqarorligi katta shiorlardan emas, oddiy odamlarning har kungi kichik, ammo hal qiluvchi tanlovlaridan boshlanadi.

Halollik – insonning ichki mezoni. U nazorat bor joyda emas, nazorat yoʻq joyda ham insonni toʻgʻri yoʻlda ushlab turadigan kuch. Masalan, ish joyida rahbar koʻrib turganda hamma tartibli boʻladi. Lekin rahbar yoʻq paytda ham kishi oʻz vazifasini sidqidildan bajarayaptimi – mana shu yerda halollikning haqiqiy qiymati koʻrinadi. Kimdir omonatni oʻz vaqtida qaytaryaptimi yoki turli bahonalar bilan kechiktiryaptimi – bu oʻrinda esa insonning ichki tartibi namoyon boʻladi.

Halollik faqat moliyaviy masala emas. Vaqtga nisbatan halollik bor, soʻzga nisbatan halollik, ishonchga nisbatan halollik bor. Kimdir bergan vaʼdasiga bepisandlik qilsa, u ham halollikka putur yetkazgan boʻladi. Kimdir “bir martadan nima ham boʻlardi” deb masʼuliyatdan qochsa, u ham jamiyat poydevoriga koʻrinmas, ammo jiddiy zarar yetkazadi.

Shu oʻrinda muhim bir jihatga eʼtibor qaratish kerak. Baʼzan “halollik yuqumli” degan ibora ishlatiladi. Bu yerda gap halollikning yomon odatga aylanishida emas, balki muhit masalasida. Agar muhitda halollik qadrlansa, rostgoʻylik odat boʻlsa, odamlar bir-birini qoʻllab-quvvatlasa, u joyda halol inson oʻzini erkin his qiladi. Agar aksincha, loqaydlik, beparvolik, “hamma shunday qilyapti” degan qarash ustun boʻlsa, halollik toʻsiqqa uchraydi. Demak, gap fazilatning oʻzgarishida emas, muhitning insonga taʼsirida.

Tarixga nazar tashlasak, barqaror jamiyat har doim halol mehnatga tayangan. Savdoda taroziga tosh qoʻygan odam jamoatdan istihola qilgan. Chunki tarozidan urish nafaqat qonunbuzarlik, balki umumiy axloqodobga ham zid boʻlib, boshqalarning haqqiga tajovuz sifatida qabul qilingan. Bugun ham shu qarash saqlanib qolsa, iqtisodiy munosabatlar ham, ijtimoiy ishonch ham ancha mustahkam boʻlardi.

Adolat masalasi ham shunga yaqin. Halollik bilan yonma-yon turadigan bu mezonni faqat jazo yoki qatʼiy talab bilan bogʻlash toʻgʻri emas. Adolat, bu – eng avvalo, munosabat madaniyati. Kimningdir mehnatiga yarasha baho berish, kimnidir imkoniyati boʻlmagani yoki notanish boʻlgani uchun chetga surmaslik, kimningdir haqqini boshqalar hisobidan kamaytirmaslik, mana shular adolatning hayotiy koʻrinishlaridir.

Odamlar koʻpincha adolatni oʻziga nisbatan olib oʻlchashga moyil boʻladi. Aslida esa adolat, bu – boshqalarga qanday munosabatda boʻlayotganimizda oʻzini namoyon qiladigan mezon. Shu maʼnoda u faqat davlat siyosati emas, balki shaxsiy madaniyat masalasi hamdir. Adolat yoʻq joyda odamlar norozi boʻlib, umidsizlikka tushib qoladi. Umidsizlik esa jamiyat uchun eng xavfli holatlardan. Chunki umid yoʻqolgan joyda tashabbus ham, ishtiyoq ham soʻnadi. Shu bois adolat – jamiyatni harakatda ushlab turadigan asosiy omillardan biri.
Bugungi kunda jamiyat hayotida koʻp kuzatilayotgan holatlardan biri – beparvolik, yaʼni “menga aloqasi yoʻq”, “menga tegmasa boʻldi” degan kayfiyat. Bunday holatda na halollik va na adolat qaror topadi. Chunki barqarorlik befarqlikka emas, umumiy masʼuliyat hissiga tayanadi.

Koʻp qavatli uyda yashaydiganlar yaxshi biladi: bir odamning befarqligi butun uyga kirish yoʻlagidagi xonadonlar kayfiyatini buzadi. Yoʻlakka bir bor tashlangan chiqindi – ertangi odatga aylanadi. Yomon odatlar ham, yaxshi fazilatlar ham yuqumli. Faqat farqi shundaki, halollik tartib yaratadi, befarqlik esa tartibni yemirib boradi. Tozalikka befarqlik – masʼuliyatga befarqlikning boshlanishi. Masʼuliyat susaygan joyda esa adolat ham, ishonch ham uzoq yashamaydi.

Yosh avlod masalasi bu oʻrinda alohida ahamiyatga ega. Yoshlar tarbiyani koʻproq aytilgan gapdan emas, koʻrgan narsasidan oladi. Kattalar oʻz soʻziga rioya etmasa, eng yaxshi taʼlim va eng chiroyli shior ham taʼsir qilmaydi. Shu bois halollik va adolat haqida gapirishdan oldin, ularni hayotda koʻrsatish muhim. Shunday ekan, oʻzimizga toʻgʻri savol qoʻyishimiz kerak: “Men oʻzim ishimda, soʻzimda, munosabatimda qay darajada toʻgʻri yoʻl tutyapman?” Ana shu savol insonni ichki oʻzgarishga yetaklaydi. Jamiyatni yaxshilash istagi aynan shu yerdan boshlanadi.

Barqaror jamiyat qurish uchun yangi formulalar kerak emas. Asosiy qoida azaldan maʼlum: halol yashash, adolatli munosabat va masʼuliyatli pozitsiya. Har kim oʻz oʻrnida halol boʻlsa, adolatli munosabatni meʼyorga aylantirsa, barqarorlik yuqoridan tushmaydi – pastdan, hayotning oʻzida shakllanadi.

Halollik va adolat — jamiyatning bezagi emas, poydevori. Poydevor qanchalik mustahkam boʻlsa, bino shunchalik barqaror turadi. Shuning uchun har birimiz oʻz oʻrnimizda toʻgʻrilikni tanlasak, jamiyatning ertasi ham charogʻon boʻladi. Kichik qadamlar katta barqarorlikka olib boradi.

Sherzod MAMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori maslahatchisi
Manba: “Mahalla koʻzgusi” jurnali 2026-yil, № 2-son

Check Also

YURTIMIZDA DINIY BAGʻRIKENGLIKNING MUSTAHKAM OʻRNI VA HAMISHA DOLZARB AHAMIYATI

Hozirgi globallashuv davrida turli millat, elat va din vakillari bir makonda tinch-totuv yashashini taʼminlash butun …