Home / MAQOLALAR / FARZAND TARBIYASI – IJTIMOIY HODISA

FARZAND TARBIYASI – IJTIMOIY HODISA

Muqaddas dinimiz taʼlimotida farzand Alloh taolo insonga bergan eng ulugʻ neʼmatlardan boʻlishi barobarida, u omonat hamdir. Bu buyuk neʼmatga sazovor boʻlgan otaonalar uning qadriga yetishi, shukr qilib, farzand oldidagi ota-onalik masʼuliyatini puxta ado etishi lozim. Har neʼmatning oʻz shukri bor. Farzand neʼmatining shukri unga chiroyli tarbiya berishdir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ota-ona oʻz farzandiga chiroyli xulqdan afzalroq narsani bera olmaydi”[1], deganlar.

Tarbiya soʻzini tor doirada tasavvur qilmaslik lozim. Ota-ona zimmasidagi burch farzandga faqat chiroyli odob-axloq oʻrgatishdan iborat emas, uni turli mafkura va gʻayriinsoniy gʻoyalardan saqlash ham kerak. Eʼtiqodi sogʻlom, mafkurasi toʻgʻri boʻlgan farzandgina ota-onaga
mehribon, el-yurtiga sadoqatli fidoyi inson boʻlib voyaga yetadi.

Ota-onalarning tarbiyadagi loqaydligi tufayli oilalarda turli muammo va ziddiyatlar yuzaga kelishi, farzandning bilib-bilmay turli oqimlarga qoʻshilib qolish holatlari uchrab turibdi. Oqibatda ular qilgan xato tufayli ota-ona, mahalla-koʻy, qavmu qarindoshning boshi egilib qolmoqda.

Inson hayotining har bir bosqichi muhim. Yoshlik davri esa eng nozik, hayot yoʻllarining chorrahasidir. Shu chorrahada turgan yoshlarning ilmga yoʻnaltirilishi yoki biror kasb-hunar egallashiga ota-ona, mahalla, jamiyat koʻmaklashsa, ular hayotda oʻz oʻrnini topib ketadi.

Ota-onaning farzand oldidagi majburiyati, avvalo, tarbiyaga masʼuliyat bilan yondashib, goʻdakligidan axloq va odobga oʻrgatishdir.

Ota-ona farzandini komil inson boʻlib voyaga yetishishi uchun dinimizda bir qancha koʻrsatmalar mavjud. Jumladan:

  1. Farzandingizga goʻzal xulqli ona tanlang. Har bir inson oila qurish va solih farzandlar koʻrishni orzu qiladi. Farzandning yaxshi, odobli, mehnatsevar, sogʻlom boʻlib oʻsishi koʻp jihatdan onasiga bogʻliq boʻladi. Shuning uchun dinimiz koʻrsatmalarida boʻlgʻusi kelinni tanlashga alohida eʼtibor qilinadi. Kelajakda tugʻilajak farzandlarga munosib ona tanlash haqida farzand hali tugʻilmasidan qaygʻuriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farzandlaringizga munosib onani ixtiyor qilinglar”, deganlar.

Kelin tanlashda uning soliha, diyonatli, yaxshi xulqli boʻlishi asosiy mezon sanaladi. Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu tavsiyalarida ulkan haqiqat mavjud.

  1. Farzand dunyoga kelganda. Oilada farzand tugʻilsa xursandchilik qilish lozim. Ayniqsa, qiz bola tugʻilganida koʻproq xursand boʻlish kerak. Chunki qiz farzand oʻsha xonadonga yaxshilik va shodlik olib keladi, xotinning barakotlisi birinchi farzandi qiz boʻlganidir. Baʼzilar faqat oʻgʻil koʻrishni istaydi, qiz bola tugʻilganida esa sevinish oʻrniga hafsalasi pir boʻlib, hatto ayolini ayblashgacha boradi. Bu mutlaqo notoʻgʻridir. Aksincha, agar qiz farzand tugʻilsa, ota-ona ziyodaroq xursand boʻlishi zarur. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “U Zot xohlagan kishiga qizlarni hadya etur va xohlagan kishiga oʻgʻillarni hadya etur[2]. Qurʼoni karimda qiz bolaning oʻgʻil boladan oldin zikr etilishi ham qiz farzandning oʻgʻilga nisbatan barakali va fazilatli ekaniga ishoradir. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Birinchi farzandi qiz bola boʻlgani ayolning barakotli, baxtli va sharofatli ekaniga dalolatdir”.
  2. Farzand dunyoga kelganda unga chiroyli ism qoʻyish. Farzand tugʻilgandan keyin birinchi masʼuliyat va tarbiyalardan biri unga chiroyli ism qoʻyishdir. Zero, ism egasining xulq-atvoriga, hatto taqdiriga ham taʼsir qiladi. Qiyomat kunida ham insonlar ismi bilan chaqiriladi. Amr ibn Shuayb otasidan, bobosidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tugʻilgan chaqaloqqa yettinchi kuni ism berishga, kindigini uzishga va aqiqa qilishga buyurdilar”, dedi[3]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Paygʻambarlarning ismlarini qoʻyinglar. Ismlarning Alloh taologa yaxshirogʻi Abdulloh va Abdurrahmondir. Ismlarning chiroylisi Horis va Hammomdir. Ismlarning xunugi esa Harb va Murradir”, ‒ deganlar[4].

Farzandlarimizga Paygʻambarlarning ismlarini qoʻyish afzal ekan. Paygʻambarlarni Alloh taolo odamlar orasidan tanlab olgan, agarda ularning ismlari Allohga yoqmaganida edi, ularni oʻzgartirishga buyurgan boʻlar edi. Shuning uchun har bir musulmon ota-ona bu muhim ishga alohida eʼtibor bilan yondashishi lozim. Farzand katta boʻlib, oq-qorani taniganda oʻz ismidan uyaladigan boʻlmasin, balki ismi unga ziynat boʻlib tursin.

  1. Farzand tugʻilganda unga aqiqa qilish. Aqiqa ham bolaning ota-onadagi haqi sanaladi. Jonliq soʻyib ziyofat qilinganda, qarindoshlar va oilaning eng yaqinlari jam boʻladi. Bordi-keldi rishtalari mustahkamlanadi. Farzand haqiga duolar qilinadi. Aqiqani farzand tugʻilganining yetti, oʻn toʻrt va yigirma birinchi kunlari qilingani mustahabdir. Imkoni boʻlmasa, kechiktirish ham mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yangi tugʻilgan bolaga aqiqa qilinglar, qon oqizib, aziyatlarini daf qilinglar”, deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati).

Tugʻilgan farzandning oʻng qulogʻiga azon va chap qulogʻiga takbir aytish sunnatdir. Rofeʼ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima (roziyallohu anho) ning tuqqan bolasi Hasan ibn Alining qulogʻiga azon aytayotganlarini koʻrdim” (Abu Dovud va Termiziy).

Ushbu hadisi sharifga binoan, yangi tugʻilgan farzandning oʻng qulogʻiga azon, chap qulogʻiga iqomat aytmoq mandubdir. Allohning zikri yangi tugʻilgan bolaning qulogʻiga kirgan birinchi sado boʻlishi qanday ham yaxshi. Albatta, bu ulugʻ amalning oʻziga yarasha barakasi boʻladi.

  1. Farzand tarbiyasiga eʼtibor qilish. Farzand Alloh taoloning insonga bergan oliy neʼmatlaridan biri boʻlib, ota-ona hayotining davomchisi hisoblanadi. Har neʼmatning oʻz shukri bor, farzand neʼmatining shukri unga chiroyli tarbiya berishdir.

Valid ibn Numayr ibn Avsdan rivoyat qilinadi: U otasining “Solihlik Allohdan, odob – otalardan deyishardi”, deganini eshitgan ekan.

Solihlik – lugʻaviy jihatdan “oliyjanoblik”, maʼnosini anglatib, u kishidagi axloqiy sifatlardan biri sanaladi. Odob – “tarbiyalilik”, “xushmuomala” va “nazokatli” maʼnolarini anglatib, goʻzal fazilatlardan iborat maqtovga sazovor ish va soʻzga nisbatan ishlatiladigan atamadir. Inson bunga faqat tarbiya orqali erishadi[5].

Tarbiya soʻzini tor doirada tasavvur qilmaslik lozim, ota-ona zimmasidagi burch farzandga faqat chiroyli odob-axloq oʻrgatishdan iborat emas, balki uni turli xil mafkura va gʻayri insoniy yot gʻoyalardan saqlash ham ota-onaning burchlaridan sanaladi. Chunki eʼtiqodi sogʻlom, mafkurasi toʻgʻri boʻlgan farzand ota-onaga mehribon, el-yurtiga sadoqatli fidoyi inson boʻlib voyaga yetadi.

  1. Farzand tarbiyasidagi nozik nuqtalar. Farzandlarning kelajakda goʻzal axloqli va chiroyli tarbiyali boʻlishida ota-ona farzandi haqiga qiladigan xayrli duolarning oʻrni beqiyosdir. Chunki duo ibodat maqomida. Alloh taolo har bir ishda Oʻzidan yordam soʻrashimizni yaxshi koʻradi. Bundan tashqari, ota-onaning farzandi haqiga qilgan duosi mustajobdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Uch kishining duosi qabuldir: otaning farzandiga qilgan duosi, mazlumning duosi va musofirning duosi”, deganlar. Ota-ona bunday neʼmat va imkoniyatdan unumli foydalanishi va farzandlarining kelajakda solih va tarbiyali inson boʻlib kamol topishini Allohdan soʻrashi lozim.

Farzandning yot gʻoyalarga uchib, notoʻgʻri yoʻllarga kirib qolmasligida asosiy vositachi ota-ona hisoblanadi. Afsuski, hozir baʼzi bir oilalarda farzandga tarbiya berish kerak degan tushuncha umuman yoʻqolib ketgan. Uni doim erkalaydi, maktabni bitirmasidan oʻzi ham ishlatmagan qimmat telefonni (qarzga boʻlsa ham) olib beradi, oshna-ogʻaynisi kimlar ekani haqida soʻrab-surishtirmaydi, internetni koʻrayotgani bilan qiziqmaydi, kitob oʻqitmaydi. Oqibatda, farzand sekin-asta koʻrganlari taʼsiriga tushadi, milliylikni yoʻqotib, oʻzida Gʻarb “madaniyati”ni shakllantira boshlaydi.

Ota-onalar har kuni farzand tarbiyasi bilan yarim soat shugʻullansa, ularga odob-axloqqa oid hadisu shariflar, hikoyatlar, hayotiy voqealarni aytib bersa, maqsadlari bilan qiziqsa, bunday yoshlar sira ham yomon yoʻlga kirmaydi.

Ulugʻ mutafakkirlar oʻz asarlarida insonni yoshligidan aqliy va jismoniy jihatdan tarbiyali, sabot-matonatli, ajdodlar anʼanasiga sodiq, axloqan pok, ezgu niyatli, barkamol boʻlishiga alohida eʼtibor bergan. Xususan, Abdulla Avloniy: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur” degan.

Tarbiyaning oʻchogʻi boʻlgan oila – har bir xalq, millat hayotining davomiyligini saqlovchi, milliy qadriyatlar rivojini taʼminlovchi, maʼnan va jismonan barkamol avlodni dunyoga keltirib, tarbiyalab, vatanparvar yurt himoyachilarini voyaga yetkazuvchi muqaddas makondir6.

Ilk tarbiya, samimiy munosabat, goʻzal muomala oilada ota-onaning namunasi orqali shakllanadi. Ota-ona nimada ibrat boʻlsa, farzand shu yoʻldan ketadi.

Abu Nasr Forobiyning: “Inson oʻz baxtiga erishishda goʻzallikni koʻrishi va his qilishining oʻzi yetarli emas, buning uchun goʻzallikni yarata olishi muhimdir”, degan fikrida ota-ona namuna boʻlgan holda oilada, roʻzgʻor ishlarida, uy tutishda, oʻzaro munosabatlarda, yurish-turishda, kiyinishda, salomatlikni saqlashda, farzand tarbiyasida goʻzallikni yarata olishlari zarur, degan gʻoya oʻz aksini topgan.

Abdulla Avloniy oʻzining “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida bola tarbiyasini “Tarbiyaning zamoni”, “Badan tarbiyasi”, “Fikr tarbiyasi”, “Axloq tarbiyasi” kabi boʻlimlarga ajratgan holda tadqiq etadi. “Tarbiyaning zamoni” boʻlimida tarbiyani bola tugʻilgan kundanoq boshlash kerakligini taʼkidlaydi. “Tarbiyani kimlar qilur?”, “Qanday qilinur?” degan savollarni oʻrtaga tashlaydi va ularga javob qidiradi. “Birinchi – uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi – maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur”, deb tarbiyaga hamma – otaona, muallim, hukumat va boshqalarning masʼul ekanini taʼkidlaydi. Mamlakat taraqqiyoti, davlatning qudratli boʻlishi yosh avlod tarbiyasiga har jihatdan bogʻliq, deb hisoblagan olim tarbiya xususiy emas, umummilliy, ijtimoiy ishdir, degan toʻxtamga keladi.

Binobarin, farzand ota-onaning baxti boʻlsa, tarbiya farzandning buguni, ertasi va kelajagidir, degan xulosaga kelamiz.

Ha, tarbiya – ijtimoiy hodisa. Tarbiya kishilik jamiyati paydo boʻlgan davrlardan buyon mavjud. Negaki, inson yer yuzidagi eng mukamma l jonzot boʻlishi uchun, avvalo, tarbiyalanishi zarur. Xalqimiz orasidagi “Tarbiyachi, avvalo, oʻzi tarbiya koʻrgan boʻlishi kerak”, degan naql bejiz aytilmagan. Ibn Sino tarbiya beruvchilarga qarata:“Kimga qanday pandu nasihat qilsang, unga, avvalo, oʻzing amal qil”, deydi.

Farzand tarbiyasida, uning maʼnaviy dunyoqarashini kengaytirish va boyitishda mutafakkirlarning fikr-mulohazalari, pand-nasihatlari, hikmatlaridan foydalanish va barkamol insonni voyaga yetkazish barchamizning burchimizdir.

[1] Абу Исо Термизий. Сунани Термизий. Ж. 4. 1952-ҳадис. – Байрут. Дор иҳёут туросил арабий, 1990. – Б.338.
[2] Шуро сураси, 49-оят.
[3] Исо Термизий. Сунани Термизий. Ж.5. – Байрут. Дор иҳёут туросил арабий. 2832-ҳадис. –Б.132.
[4] Абу Довуд. Сунани Абу Довуд.Ж.4.–Байрут. Дорул китобил арабий. 4952-ҳадис. –Б.443.
[5] Олимхон Исахон ўғли. Одоблар дурдонаси. – С.: Имом Бухорий халқаро маркази, 2015. – Б. 127
Машраб ХИДИРОВ
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

YURTIMIZDA DINIY BAGʻRIKENGLIKNING MUSTAHKAM OʻRNI VA HAMISHA DOLZARB AHAMIYATI

Hozirgi globallashuv davrida turli millat, elat va din vakillari bir makonda tinch-totuv yashashini taʼminlash butun …