Home / MAQOLALAR / BAHOUDDIN NAQSHBAND RUBOIYLARIDA O‘ZLIKNI ANGLASH MASALASI

BAHOUDDIN NAQSHBAND RUBOIYLARIDA O‘ZLIKNI ANGLASH MASALASI

Inson kamolotining asosiy mezonlaridan biri – uning o‘zligini anglashidir. Delfadagi Appolon ibodatxonasi devorlariga o‘yib yozilgan va an’ana bo‘yicha yetti yunon donishmandlaridan biri – Xilonga tegishli deb hisoblangan “O‘zligingni angla!” shiori qadimgi antik davr falsafasidan hozirgi kungacha faylasuflar uchun o‘zak masala bo‘lib kelmoqda. Eramizdan avvalgi V asrda Protagor, “inson barcha narsalarning o‘lchovidir”, degan fikrni ilgari surgan bo‘lsa, Suqrot uchun “o‘zligingni angla” hikmati donishmandlikning qoidasiga aylandi.

Sitseron “Falsafa Falesdan boshlanadi, u birinchi edi”, deb ta’kidlagan. Yetti donishmandning yetakchisi bo‘lgan Fales “Eng qiyin narsa nima?”, degan savolga “O‘zni anglash” [27:10], deb javob bergan. Faylasuf Xilon, “O‘zingni bilgil va sen Xudolarni va koinotni bilib olasan” [24:29], degan.

Inson ruhiy quvvatining ramziga aylangan Suqrot shunday degan: “Kim o‘zini bilsa, uning uchun nima foydali ekanini biladi, xuddi shuningdek, nimaga qodir va qodir emasligini tushunadi. Biladigan narsalari bilan shug‘ullanib, o‘z ehtiyojlarini qondiradi va baxtiyor yashaydi, bilmagan narsalariga qo‘l urmay, xatolarga yo‘l qo‘ymaydi va baxtsizliklarni chetlab o‘tadi. Shu tufayli u boshqa odamlar bahosini ham biladi va ularga tayanib, foyda oladi va o‘zini bebaxtliklardan saqlaydi” [24:62].

Islomda ham “Kim o‘zligini tanisa, Robbini taniydi” degan hadis mavjud. Tasavvuf ta’limoti “Xudshunosi, xudoshunosi ast”, ya’ni “O‘zlikni tanish, anglash, Xudoni tanishdir” degan tamoyilga asoslanadi. Imom G‘azzoliy “Allohni anglashdan avval o‘zlikni anglamoq joiz”, degan. Shuningdek, u: “Afsuski, faqat insongina o‘zi haqida haqiqiy bilimga ega emas. Biz o‘zimizni faqat sirtdan – u yoki bu qilmishimiz va tashqi qiyofamiz orqali bilamiz. Ruhiy mohiyatimizni bilishga urinmaymiz”, deb ta’kidlangan. Bashariyat mutafakkiri Jaloliddin Rumiy: “Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil”, deb insonni o‘zligini anglashga chaqirgan.

O‘zlikni bilishning mohiyati nima? Masalan, ruchka. Uni qo‘lga olib o‘rganib, nimaga lozimligini bilamiz. Uning joyi oshxonada, pichoq-qoshiqlar yonida emas, stolimiz ustida qog‘oz-qalamlarimiz bilan ekaniga aqlimiz yetadi. Undan ilm tahsili, ish davomida yozish jarayoni uchun foydalanamiz. Ruchka o‘z o‘rnida tursa, o‘rinli foydalanilsa, o‘z qadr-qimmatini topadi. Keraksiz joyda bo‘lsa, oyoq ostiga tushadi va bolalar qo‘lida devor, eshik-romlarda ortiqcha va keraksiz chiziqlarni paydo qiladi. Inson ham o‘zining kimligi, nima uchun bu dunyoga kelgani, o‘z imkoniyatlarini bilsa, o‘z qadr-qimmatiga munosib ish qiladi, manzil-makon topadi, o‘zgalarga foydali va kerakli bo‘ladi.

Insonning o‘z-o‘zini tanishi, anglashi, eng avvalo, inson zotining mohiyatini bilishidir. Bu inson ma’naviyati, sha’ni, qadr-qimmati, obro‘-e’tibori, or-nomusi orqali namoyon bo‘ladi. O‘z-o‘zini anglash insonga hayotining ma’no-mazmuni, maqsadini tushunishga yordam beradi. Inson, eng avvalo “Men kimman?”, “Bu yorug‘ dunyoga nima uchun keldim?”, “Menga ato etilgan buyuk ne’mat –hayotimni nimalarga safarbar etmog‘im lozim?” degan savollarga javob izlab, o‘z-o‘zini anglashi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishi lozim.

Hazrat Alisher Navoiy: “El netib topqay menikim, men o‘zimni topmasam”, “O‘z vujudingni tafakkur aylagil, har ne istarsen o‘zingdan istag‘il”, kabi o‘gitlari bilan insonni o‘zligini anglashga chorlagan.

O‘z-o‘zini anglash jarayonining avvalida inson o‘zini hayvon emas, o‘simlik emas, tosh-kesak, jonsiz ma’dan emas, balki Hazrati inson ekanini anglashi lozim. Odam hayvonot olamidan ongi, tafakkur qila olishi, nutqi, mehnat qilish va mehnat qurollarini yarata olishi, ijod qudrati bilan ajralib turadi. Insonning insonligi, uning hayvondan tub farqi ayni o‘z-o‘zini anglashdadir. Ya’ni o‘zini kimligi yoki nimaligi, nimalarga va qanday ishlarga qodirligini bila olishidan boshlanadi.

O‘z-o‘zini anglash jarayonida inson o‘zini butun borliqdan ajratib, unga “o‘zga ko‘z” bilan, chetdan qaraydi, o‘zi qilayotgan har bir ishi, o‘tkazgan har bir damini sarhisob qiladi. O‘z-o‘zini anglash jarayonida inson o‘z qadr-qimmatini biladi, unda o‘ziga ishonch hosil bo‘ladi, xarakteri shakllanadi. Inson o‘z-o‘zini anglasa, faol bo‘ladi, chunki u “o‘z o‘rnida” bo‘ladi. O‘z-o‘zini anglash jarayonida bilish obyekti ham, subyekti ham insonning o‘zi bo‘ladi. Inson o‘z-o‘zini anglash jarayonining quyidagi shakllari mavjud: Birinchi, dastlabki shakli – o‘z-o‘zini his qilish, ya’ni kishi o‘zini, o‘z jismini qurshab turgan dunyodagi predmetlar, hodisalardan farqini biladi. Ikkinchi shakli – odam jamiyatdagi o‘z o‘rni, bu jamiyat a’zosi, aniq faoliyat egasi, ma’lum ijtimoiy guruhga mansubligini bilishdir. Uchinchi, yuqori shakli – o‘zini fuqaro sifatida anglashi, o‘z ishi uchun mas’uliyatni his qilishi, o‘z faoliyatini nazorat qilishi, o‘z-o‘ziga baho bera oladigan, o‘z-o‘ziga hisob bera oladigan shaxs darajasiga yetishidir.

O‘z-o‘zini noto‘g‘ri anglash insonni, bir tomondan, o‘ziga ortiqcha baholash va kibru havoga berilishiga olib kelsa, ikkinchi tomondan, o‘ziga past baholash-o‘zidagi iqtidor, iste’dodni ocha olmay, faolligi yetarli bo‘lmaslikka, passiv, umidsiz, inqiroz holatiga tushiradi. Bu ikki holat ham inson kamolotiga yomon ta’sir etadi. Shuning uchun hazrat Alisher Navoiy aytgan edilar:

To hirsu havas xirmani barbod o‘lmas,
To nafsu havo qasri baraftod o‘lmas.
To zulmu sitam joniga bedod o‘lmas,
El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.

Insonda o‘z-o‘zini anglash, o‘z-o‘zini nazorat etish, o‘z-o‘zidan hisob olish muntazam davom etadigan jarayon bo‘lganida inson me’yorda yashaydi. Chunki: “Odami nusxai jomi’a turur, ondog‘kim, malakiy sifatlari bor turur va sab’iy va bahimiy sifatlardan ham xoliy ermastur” [25:344]. Xoja Ahror Valiy bu iboralari bilan insonda ham malakiy, farishtalarga xos sifatlar mavjud, shu bilan birga, yirtqich va boshqa to‘rt oyoqli hayvonlar kabi nafs illatlari ham borligini ta’kidlab, insonni “nusxai jami’”, ya’ni borliqdagi bor narsalarni o‘zida jam etgan nusxa demoqda.

Bahouddin Naqshbandga oid bo‘lgan asosiy manba Abul Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Alining “Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband” asarida bu ulug‘ zotning quyidagi ruboiylari keltirilgan:

Hech mo ne va hech mo kam ne,
Az pai hech hech mo g‘am ne.
Janda bar pusht, pusht go‘riston,
Gar bimirem hech motam ne [2:85].

Mazmuni:

Hech narsamiz, hech narsadan kamimiz yo‘q,
Hech narsaning ketidan g‘amimiz yo‘q.
Orqada jandayu, go‘riston ortda,
Gar o‘lib qolsak, hech motam ham yo‘q.

Bahouddin Naqshbandning bu ruboiylari barcha manbalarda tan olingan. Uning falsafiy tahlili insonga oid quyidagi qarashlarni namoyon etadi, ya’ni ruboiyda “hech” degan so‘z bir necha marotaba takrorlanmoqda. Ontologik jihatdan tahlil qilganimizda inson borlig‘i butun koinot va borliqlar tizimida juda kichik zarra bo‘lib, hech narsadek ko‘rinadi. Shaklan qaraganimizda megaolam, galaktika va metagalaktikaga qiyoslaganimizda inson borlig‘i kichik, juda ham kichik zarradir. Ammo, suratda, shaklda, zohiran kichik olam bo‘lgan inson Bahouddin Naqshband ta’rifi bilan hech narsadan kam emas. Chunki inson jam etuvchi borliqdir. Butun ilohiy, ruhiy, ma’naviy, moddiy olamlar insonda mujassamdir. Zohiran Kichik Olam bo‘lgan inson botinan Katta Olamdir.

Bahouddin Naqshband ta’limotini jahoniy tariqatga aylantirgan Xoja Ahror Valiy o‘zining “Risolayi Havroiya” va “Fiqarotul orifiyn” asarlarida yozilgan quyidagi ruboiysida insonni mukammal jam etuvchi borliq ekanini yozgan:

Ey nusxai nomai ilohi, ki tui,
Ey oinai jamoli shohi, ki tui.
Berun zi tu nest har chi dar olam hast,
Dar xud bitalab har on chi xohi, ki tui [26:24,69].

Mazmuni:

Ey ilohiy nomaning nusxasi sensan,
Ilohiy jamolning ko‘zgusi sensan.
Olamda mavjud bo‘lgan hamma narsa senda bordir,
Nimani istasang o‘zingdan izlagil.

Bahouddin Naqshband ta’limotidagi “Safar dar Vatan” – “Vatanda safar” tamoyilida inson botiniga safar qilish va botinni poklagan insonda butun olamga ta’sir etuvchi quvvat borligi haqida fikr yuritiladi. Bahouddin Naqshbandning “Hech mo ne” degani suratda biz hech, ya’ni kichik bo‘lsak-da, “Hech mo kam ne” – hech narsadan kam emasmiz deganidir. Bu bilan inson botinan Katta Olam ekani va borliqdagi barcha tizimlar mohiyati insonda mavjudligi tan olingan.

Bahouddin Naqshband ruboiysining birinchi qatori ko‘pincha tarjimada bizning hech nimamiz yo‘q, lekin biz hech nimadan kam emasmiz ma’nosida tahlil etilgan. Bu falsafiy tahlil bizning fikrimizcha, ancha tor ma’noni bildiradi. Bu tahlillar ruboiyning ikkinchi qatorining mazmuniga ancha yaqindir. Ruboiyning ikkinchi qatorida hech narsa uchun bizda g‘am yo‘q iborasi orqali Bahouddin Naqshband olamning foniy, ya’ni o‘tkinchi va boqiy, ya’ni abadiy ekaniga ishora qiladi. Hech uchun bizda g‘am yo‘q deyish bilan alloma moddiy olamdagi mol-mulk, dunyo, mansab va boylik o‘tkinchi ekani, ular uchun g‘am yeyish, umrni baxshida etish arzimasligini ta’kidlamoqda. Shuningdek, dunyoparastlik, mol-mulkka bog‘lanish, mansab uchun kurash insonning oxirati va abadiy hayoti uchun foyda bermasligi, keraksizligini aytmoqda. Inson hayotining mazmuni dunyoga bog‘lanishda emas, balki dunyodagi imkoniyatlardan ezgu amallar qilib, boqiy hayotda abadiy qolish uchun foydalanish to‘g‘riligini ta’kidlamoqda.

Bahouddin Naqshband ruboiysining ikkinchi qatoridan falsafaning borliqqa oid qarashlarining ikkinchi tomoni ma’lum bo‘ladi. Borliq foniy olam va boqiy olamdan iboratdir. Moddiy olam foniy bo‘lib, uning imkoniyatlari ezgulikka sarflansa, boqiylikka insonni bog‘laydi. Bahouddin Naqshbandning bu fikrlari ham Jaloliddin Rumiyning “Devoni Shams” asaridagi quyidagi misralar bilan uyg‘undir:

Zotedu, sifotedu, gahe Arshu, gahe farsh,
Dar asl baqoedu, munazzah zi fanoed.

Mazmuni:

Ilohiy zot, sifatlarsiz, Arshsizu goho farshsiz,
Aslida boqiy, abadiysizu foniy emassiz.

Bahouddin Naqshband ham insonni moddiylikka bog‘lanmasdan berilgan hayotni, umrni ezgulikka sarflab, abadiy yashashga undamoqda.

Bahouddin Naqshband ruboiysining uchinchi qatorida janda ortda iborasi orqali o‘zida bor bo‘lgan mol-mulk mehri qalbida emasligi, unga bog‘lanmaganini ta’kidlab, orqada qabriston borligini aytmoqda. Bu misra orqali inson tana jihatidan o‘lishi va qiyomatgacha barzax olami bo‘lgan qabrda qolishini tushuntirib, mol-mulk qabrda insonga hamroh bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Ammo o‘lim haq ekani, tananing foniyligi, ruhning abadiyligi masalasiga e’tibor berib, abadiy hayot uchun zarur bo‘lgan oxirat g‘amini yeyish kerakligiga insoniyat diqqatini qaratmoqda.

Ruboiyning oxirgi to‘rtinchi qatori o‘lim motam emasligi, aksincha inson tanasi orqali ruhni to‘sib turgan barcha pardalar ko‘tarilib, uning bemalol parvoziga va ilohiy mohiyat bilan bog‘lanishga imkon tug‘ilishi masalasi e’tiborga olinmoqda. O‘lim va hayot masalasi Bahouddin Naqshband fikricha, bir holatdan ikkinchi holatga ko‘chishdir. O‘lish – bu rihlat qilish, ya’ni foniy olamdan boqiy olamga o‘tishdir. Inson sharaf bilan bu foniy hayotdan boqiy hayotga o‘tishi uchun tanadagi, vujudidagi barcha imkoniyatlarini faqat ezgulikka safarbar etgan bo‘lishi lozim.

Bahouddin Naqshbandning ruboiylari jamlangan manba “Ruboiyoti Xoja Naqshband” asaridir. Bu asarda ruboiylar raqamlar bilan belgilangan. Unda ruboiylar fors tilida arab grafikasida yozilgan bo‘lib, Muhammad Sodiq Qusuriy tomonidan urdu tilida sharhlangan.

“Ruboiyoti Xoja Naqshband” asarida 101-raqamli ruboiysida ham inson hayotining mazmuni “hech” iborasi orqali quyidagicha tavsif etilgan:

دنیا چه بود کثیر مشوش بودن

و ز بهر دو روزه عمر ناخوش بودن

ما هیچ جهان هیچ و غم و شادی هیچ

خوش نیست برای هیچ ناخوش بودن

Dunyo chi buvad? Kasiri mashush budan,
V-az bahri du ro‘za umr noxush budan.
Mo hech, jahon hechu g‘amu shodi hech,
Xush nest baroi hech noxush budan [1:142].

Mazmuni:

Dunyo nedur? Ko‘p tashvishli bo‘lish,
Ikki kunlik umr uchun xafa bo‘lish.
Biz hechmizu, jahon hechu, g‘am va shodlik hech,
Xush emasdir hech uchun xafa bo‘lish.

Bahouddin Naqshbandning bu ruboiysidan ma’lum bo‘ladiki, inson hayoti uchun dunyo, mol-mulk va ularga bog‘lanish behuda tashvishdir. Chunki bu moddiy olamda inson qisqa muddatda yashaydi. Moddiy olamda yashagan davr butun inson hayotiga nisbatan hech nimadir. Bu jahon va undagi shodligu g‘am ham o‘tkinchidir. Shuning uchun Bahouddin Naqshband bu qisqa muddatli hayotda noxush bo‘lishni qoralaydi. U shukronalik va ezgulik bilan yashash kerakligini ta’kidlab, bu olam oxirat uchun ziroat joyi ekanini aytadi.

Manbadagi 45-raqamli ruboiyda Bahouddin Naqshband o‘zini anglashga harakat qilganini quyidagicha tavsiflagan:

از هیچ کسی خویشتن بیخبرم

از هیچ سگی به نیم الا بترم

هرچند بحال خویش مینگرم

یک حبه نیرزد ز قدم تا بسرم

Az hech kasii xeshtan bexabaram,
Az hech sage beh nayam, illo badtaram.
Har chand ba holi xesh menigaram,
Yak habba naarzad zi qadam to ba saram [1:86].

Mazmuni:

O‘zimni hech kim emasligimdan bexabarman,
Hech bir itdan yaxshi emasman, illo yomonroqman.
Qancha o‘zimning holimga qarasam,
Qadamimdan boshimgacha bir habga ham arzimasman.

Ruboiy mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, Bahouddin Naqshband kamolotining siri – u kishi hamisha o‘zini nazorat qilganidadir. U kishi butun borliqqa o‘zini qiyoslab, har bir mavjudotning foyda keltirishini aniqlagan. Ruboiyda o‘zini itdan ham past ekanini ta’kidlagan. Hazrat Alisher Navoiy, bizning fikrimizcha, “Lisonut tayr” asarida faqru fano vodiysini tavsiflaganida Bahouddin Naqshbandning o‘zini itning oyoq izidan ham kamtar tutganini yozishda shu ruboiydan ta’sirlangan bo‘lishi mumkin.

Asardagi 51-ruboiyda o‘zlikni anglash uchun naqshbandlarga xos talablar quyidagicha yoritilgan:

خودرا بشکن که بت شکستن این است

واز خود بگسیل که ز قید رستن این است

در گوشه خاطر عزیزان جا کن

در مذهب ما گوشه نشستن این است

Xudro bishikan, ki but shikastan in ast,
V-az xud bigusel, ki zi qayd rastan in ast.
Dar gӯshaӣ xotiri azizon ҷo kun,
Dar mazhabi mo gӯsha nishastan in ast [1:92].

Mazmuni:

O‘zingni sindirgin, butni sindirish shudir,
Va o‘zingdan kechgin, kamolning belgisi shudir.
Azizlar xotirining bir go‘shasidan joy ol,
Xilvatnishinlik bizning mazhabimizda shudir.

Ruboiyda inson nafsini Bahouddin Naqshband butga tenglashtiryapti. Nafsiga qul bo‘lgan kishini butparast deyapti. Nafsidan kechgan, ammora nafsining ustidan g‘alaba qilgan kishi kamolotga yetgan inson hisoblanishini tavsiflamoqda. Ruboiydan ma’lum bo‘ladiki, inson o‘zligini anglashi uchun o‘z nafsini tanishi lozim. Nafsini tarbiyalagan kishilar ezgu ishlari bilan yaxshilar qalbidan joy oladi. Naqshbandiya ta’limotida “Xilvat dar anjuman” tamoyili asosida xolis “Dil ba Yoru dast ba kor” shiori asosida mehnat qilish lozim.

“Ruboiyoti Xoja Naqshband” asaridagi 56-raqamli ruboiyda nafsni sindirish, kibru havoni yo‘qotish inson o‘zligini anglashining asosi ekani quyidagicha yoritilgan:

تا از غمت دلتنگ داریم ای دوست

از غیر تو دربسته داریم ای دوست

گفتی که من با شکستگان نزدیکم

ما نیز دل شکسته داریم ای دوست

To az g‘amat diltang dorem, ey Dӯst,
Az g‘ayri Tu darbasta dorem, ey Dӯst.
Gufti, ki man bo shikastagon nazdikam,
Mo niz dil shikasta dorem, ey Dӯst [1:97].

Mazmuni:

Sening g‘amingdan dilda dardimiz bor, ey Do‘st,
Sendan o‘zga barcha eshiklar bog‘liqdir, ey Do‘st.
Aytdikim men singanlar bilan yaqinman,
Biz ham siniq qalb egasimiz, ey Do‘st.

Bu ruboiyda insonni o‘zligini anglashi uchun manmanlik, kibru havo kabi illatlardan qutulish lozimligi  ta’kidlanmoqda. Chunki kibru havo ilohiy nur va fayz eshiklarini bog‘laydi. Nafs istaklari ustidan g‘olib chiqqan qalbi siniq kishi o‘zligini anglay oladi. Naqshbandiya ta’limotidagi 11 tamoyil bu maqsadga erishishda yordam beradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. رباعیات خواجه نقشبند مرتب و شارح محمد قصوری اردوبازار لاهور الدینیة پیلیکیشنز ۱۹۹۸ ۱۸۴ صحیفه
  2. Abul Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Ali. Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband. – T.: O‘zbekiston, 2019. – 335 b.
  3. Bahouddin Naqshband. Ruboiylar. – Buxoro: “Durdona” nashriyoti, 2023 – 84 b.
  4. Bahouddin Naqshband. (Manbalar tahlili). – T.: Sano standart, 2019. – 256 b.
  5. Bahouddin Naqshband. Hikmatli so‘zlar. Bahouddin Nakshband. Words of wisdom. – Buxoro: “Durdona” nashriyoti, 2020. – 52 b.
  6. Donishmandlar tuhfasi. Ruboiylar. – T.: O‘zbekiston, 2009. – B.277-278.
  7. Navro‘zova G.N. Naqshbandiya tasavvufiy ta’limoti va barkamol inson tarbiyasi. – T.: Fan, 2005. – 233 b.
  8. Navro‘zova G.N. Naqshbandiya – kamolot yo‘li. – T.: Fan, 2007. – 189 b.
  9. Navro‘zova G.N. Bahouddin Naqshband. (Risola). – T.: “Abu matbuot-konsalt” nashriyoti, 2011. – 24 b.
  10. Navro‘zova G.N. Xoja Bahouddin Naqshband hayoti va ma’naviy merosi. – T.: Fan, 2021. – 244 b.
  11. Navruzova G.N. Bahauddin Naqshband – the seventh pir of Bukharai Sharif (Noble Bukhara). Islom tafakkuri (Maxsus son), 2020. – Б.5-8.
  12. Navro‘zova G.N. Shukronalik – inson kamolotining asosi. //Imom Buxoriy saboqlari. 2023 yil 3-son. – B.121-123.
  13. Navro‘zova G.N. Naqshbandiya ta’limotida rizo tushunchasi. // Islom tafakkuri. 2022 yil 2-son. – B.39-46.
  14. Navro‘zova G.N. Buxoroi sharifning yetti piri halol tushunchasi xususida. // Imom Buxoriy saboqlari. 2022 yil 4-son. – B.51-52.
  15. Navro‘zova G.N. Bahouddin Naqshband ruboiylarida insonning ruhiy muvozanati masalasi. Interpretation and researches. Volume 1 issue 22. 30.12.2023. – P.171-176.
  16. Navro‘zova G.N. Bahouddin Naqshband ta’limotida suhbat tushunchasi. Interpretation and researches. Volume 2 issue 1(23). 30.01.2024. – P.19-22.
  17. Navro‘zova G.N. Naqshbandiya: Naqshdan benaqsh sari yo‘l. Interpretation and researches. Volume 2 issue 8(30). 10.05.2024. – P.219-225.
  18. Navro‘zova G.N. Bahouddin Naqshband ma’naviy merosining yangi qirrasi. // Islom tafakkuri. 2024 yil 1-son. – B.3-7.
  19. Navro‘zova G.N. Bahouddin Naqshband ruboiylaridagi inson tushunchasining falsafiy tahlili. // Islom tafakkuri. 2024 yil 2-maxsus son. – B.49-53.
  20. Navro‘zova G.N. Naqshbandiya – hushyorlik yo‘li. – T.: Fan, 2024. – 184 b.
  21. Risolahoi piron va payravoni tariqati Naqshbandiya. – Dushanbe, 2017. – 456 b.
  22. Sayfiddin Sayfulloh. Hazrati Naqshband ruboiylari. – T.: Toshkent islom universiteti. 2009. – 20 b.
  23. Salohiddin ibn Muborak al-Buxoriy.(1410) Anis at-tolibin va uddat as-solikin. Buxoro muzeyi 27772/11 qo‘lyozma, 168 v.
  24. Serjilo tafakkur durdonalaridan. – T.: Navro‘z, 2003. – 320 b.
  25. Faxruddin Ali Safiy. Rashahotu aynil hayot (Obihayot tomchilari). – T.: Abu Ali ibn Sino, 2004. – 536
  26. Xoja Ubaydulloh Ahror. Tabarruk risolalar. – T.: Adolat, 2004. – 385 b.
  27. Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf. – T.: Yangi asr avlodi, 2007. – 372 b.

Gulchehra NAVRO‘ZOVA
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti “Ijtimoiy fanlar”

kafedrasi professori, falsafa fanlari doktori

Check Also

SALAVOT aytishning 40 ta FOYDASI

Bismillahir Rohmanir Rohiym SALAVOT aytishning 40 ta FOYDASIni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:  KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA …