Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / YURTIMIZDA DINIY BAGʻRIKENGLIKNING MUSTAHKAM OʻRNI VA HAMISHA DOLZARB AHAMIYATI

YURTIMIZDA DINIY BAGʻRIKENGLIKNING MUSTAHKAM OʻRNI VA HAMISHA DOLZARB AHAMIYATI

Hozirgi globallashuv davrida turli millat, elat va din vakillari bir makonda tinch-totuv yashashini taʼminlash butun insoniyat oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, diniy bagʻrikenglik (tolerantlik) jamiyat taraqqiyotining asosiy ustunlaridan biriga aylanmoqda.

Diniy bagʻrikenglik – turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi shaxslar va jamoalarning tinch-totuv hayot kechirishi, hamkorlikda yashashi hamda diniy sabablarga koʻra kamsitilish va tajovuzga uchramasligini taʼminlovchi muhim ijtimoiy tamoyil hisoblanadi.

Oʻzbekiston tarixan turli din va madaniyatlar tutashgan mintaqa sifatida alohida oʻrin tutadi. Markaziy Osiyoda islom asosiy din hisoblansa-da, xristianlik, buddizm va yahudiylik hamisha mavjud boʻlib kelgan. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar diniy bagʻrikenglik anʼanalarining tarixiy namunasi sifatida tanilgan. Shu tariqa, turli xalqlar va diniy jamoalar oʻzaro madaniy-maʼnaviy aloqalar orqali jamiyatda tinchlik muhitini saqlab kelgan.

Mustaqillikdan keyin Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglikning huquqiy asoslari Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlandi. Xususan, Bosh qonunimizning 19-moddasida jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, barcha fuqarolar qonun oldida teng ekanligi belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, 35-moddada har kimning vijdon erkinligi kafolatlanishi, xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega ekanligi hamda diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmasligi qayd etilgan.

Oʻzbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish jarayoni 1990-yillardan boshlangan. 1991-yil 14-iyunda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinib, turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi fuqarolar, diniy tashkilotlar hamda din va davlat oʻrtasidagi yangi huquqiy munosabatlarni shakllantirishga asos solindi.

1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligini, shuningdek fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligini kafolatlab, fuqarolarning vijdon erkinligiga boʻlgan huquqini konstitutsiyaviy darajada mustahkamladi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda radikal, ekstremistik va terroristik guruhlarning qonunga xilof faoliyati faollashuvi, jumladan, ularning klerikal davlat tuzishga qaratilgan urinishlari fuqarolarning vijdon erkinligi borasidagi konstitutsiyaviy huquqlariga jiddiy tahdid soldi. Chora oʻlaroq, 1998-yil 1-mayda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

2000-yillarda jahon miqyosida xalqaro terroristik tashkilotlar faoliyatining keskin faollashuvi kuzatildi. Bu jarayon Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi. Shunga qaramay, vijdon erkinligiga nisbatan tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib, jamiyatda barqarorlik muhitini saqlab qolishga erishildi.

2025-yil 25-fevralda koʻp millatli va koʻp konfessiyali Oʻzbekistonda umumjamiyat manfaatlarini roʻyobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida totuv hayotni taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” ishlab chiqildi.

Konsepsiyada quyidagi asosiy tushunchalarga ilmiy-huquqiy taʼrif berilgan:

Vijdon erkinligi – fuqarolarning xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik boʻyicha kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqi;

Dunyoviylik – vijdon erkinligi, erkin fikrlash hamda Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq insonparvar qadriyatlar va umumjamiyat manfaatlariga asoslangan axloqiy norma va qarashlar tizimi;

Dunyoviy davlat – har kim uchun vijdon erkinligi, mafkura va fikrlar xilma-xilligi kafolatlangan, davlat hokimiyati diniy-konfessiyaviy institutlardan ajratilgan hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligiga tayanuvchi davlat;

Dunyoviy qadriyatlar – vijdon erkinligi, qonun ustuvorligi, mafkura va fikrlar xilma-xilligi, dinlararo bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikka asoslangan umuminsoniy prinsiplar, normalar va qarashlar majmui;

Umumjamiyat manfaatlari – jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar har bir shaxsning huquq va erkinliklarini taʼminlash, tinch-totuv yashash, adolatli taraqqiyot va barqaror rivojlanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan jamiyatning ongli ehtiyojlari yigʻindisi.

Konsepsiyada vijdon erkinligiga oid huquqiy kafolatlar, Oʻzbekiston Respublikasining dunyoviy davlat sifatidagi konstitutsiyaviy maqomi hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari va ustuvor yoʻnalishlari aniq belgilab qoʻyilgan. Ushbu hujjat nafaqat diniy sohani huquqiy tartibga solish, balki butun jamiyatda totuvlik va barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

– fuqarolarning qonun oldida tengligini taʼminlash hamda konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik;

– koʻp millatli va koʻp konfessiyali Oʻzbekiston xalqining birligi va birdamligini mustahkamlash;

– fuqarolarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy shart-sharoitlar yaratish;

– vijdon erkinligini taʼminlash va diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻymaslik;

– davlat siyosatini yuritishda dunyoviylik prinsiplariga tayanish;

– davlat boshqaruvi organlari va jamoat institutlari faoliyatini dunyoviylik asosida tashkil etish;

– jamiyatda diniy bagʻrikenglik va qonuniylikni qaror toptirishda fuqarolik faolligini mustahkamlash.

Bugungi kunda Oʻzbekiston millatlararo va konfessiyalararo totuvlik amalda taʼminlangan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida barqaror rivojlanib kelmoqda.

Mamlakatda 16 ta konfessiyaga mansub 2300 dan ortiq diniy tashkilot faoliyat koʻrsatadi, 130 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qiladi. 7 tilda taʼlim olish imkoniyati, 12 tilda teleradio eshittirishlar, 14 tilda matbuot nashrlari, 157 ta milliy-madaniy markaz va 38 ta doʻstlik jamiyati faoliyat yuritishi Oʻzbekistondagi millatlararo va dinlararo totuvlik muhitining amaliy ifodasidir.

Diniy bagʻrikenglikning ahamiyati juda katta va koʻp qirralidir. U tinchlik va barqarorlikni taʼminlaydi, inson huquqlarini himoya qiladi, oʻzaro anglashuv va hamkorlikni rivojlantiradi, maʼnaviyat va axloqni yuksaltiradi, xalqaro munosabatlarda ijobiy imijni mustahkamlaydi hamda yosh avlodni sogʻlom dunyoqarash asosida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik huquqiy, siyosiy, maʼnaviy va madaniy fenomen sifatida jamiyat barqarorligi, milliy birdamlik va demokratik taraqqiyotning asosiy omillaridan biriga aylangan. Turli din va konfessiyalar oʻrtasidagi hamkorlik mamlakatda ijtimoiy barqarorlik va madaniy rivojlanishning muhim kafolati boʻlib xizmat qilmoqda.

Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAʼNAVIY MASʼULIYAT ORQALI MILLIY OʻZLIKNI ASRASH ZARURATI

Maʼnaviyat – insonning ichki dunyosi, fazilatlari, ruhiy barkamolligi va hayotiy qadriyatlari bilan uzviy bogʻliq tushuncha …