Maʼnaviyat – insonning ichki dunyosi, fazilatlari, ruhiy barkamolligi va hayotiy qadriyatlari bilan uzviy bogʻliq tushuncha boʻlsa, maʼnaviy masʼuliyat fuqaroning oʻz qadriyatlariga rioya etish, ularni samarali tatbiq qilish, har bir harakati uchun oʻzini hisobdor deb bilish, ijtimoiy va maʼnaviy meʼyorlarga sodiq qolish hissidir.
Maʼnaviy masʼuliyat deganda, inson oʻz harakatlari, soʻzlari va qarorlari uchun faqat moddiy yoki huquqiy emas, balki axloqiy va ruhiy jihatdan ham javobgarligini anglaydi.
Har bir millatning tarixiy va maʼnaviy boyligi uning ajdodlaridan meros qolgan qadriyatlariga bevosita bogʻliqdir. Bu qadriyatlar nafaqat madaniy yoki tarixiy jihatdan, balki maʼnaviy hayot uchun ham yoʻnaltiruvchi yoʻldosh hisoblanadi.
Ajdodlarimiz merosi orqali maʼnaviy masʼuliyat tushunchasini anglash mumkin. Ular bizga nafaqat madaniy anʼanalar, balki axloqiy normalarni ham meros qilib qoldirgan. Oʻtmishda ular oilada, jamiyatda, tabiatga munosabatda masʼuliyatni eng oliy qadriyat sifatida koʻrgan.
Insoniyat taraqqiyoti tarixiga nazar tashlasak, uning eng yorqin sahifalari ilm-fan va maʼrifat bilan bogʻliq ekanini koʻramiz. Buyuk allomalar nafaqat oʻz davri, balki kelajak avlodlar uchun ham beqiyos maʼnaviy va ilmiy meros qoldirgan. Bugungi kunda ana shu merosga munosabat, uni anglash va asrab-avaylash har birimiz uchun yuksak maʼnaviy masʼuliyat hisoblanadi.
Markaziy Osiyo zamini azaldan ilm-maʼrifat beshigi boʻlib kelgan. Masalan, Imom Buxoriy hadis ilmi rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasi sababli islom olami va muhaddislar orasida “Amirul muʼminiyn fil hadis” (Hadis ilmida moʻminlarning amiri), “Al-Imomul miqdom” (Jasur imom), “Imomul muhaddisiyn” (Muhaddislarning imomi), “Sayyidul fuqaho” (Faqihlar sayyidi), “Imomud dunyo” (Dunyoning imomi) kabi yuksak unvonlar bilan tilga olinadi.
Imom Buxoriy uchun maʼnaviy masʼuliyat – ilmni toʻgʻri qabul qilish, pok niyat bilan saqlash va xolisona yetkazishni anglatgan. U hadis ilmini oddiy rivoyat emas, balki ummat uchun omonat deb bilgan. Shuning uchun “Sahihul Buxoriy” kitobi islom olamida Qurʼoni Karimdan keyingi eng ishonchli manba sifatida eʼtirof etilgan.
Shuningdek, Abu Nasr Forobiy falsafa, mantiq va siyosatshunoslik sohalarida jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. U “Fozil odamlar shahri” asari orqali jamiyatni adolat va maʼrifat asosida qurish gʻoyasini ilgari surgan.
Abu Rayhon Beruniy tabiiy fanlar, geografiya va astronomiya sohalaridagi tadqiqotlari bilan dunyo ilm ahlini hayratga solgan. Uning asarlari bugun ham ahamiyatini yoʻqotmagan.
Tibbiyot ilmini yangi bosqichga olib chiqqan Abu Ali ibn Sino esa “Tib qonunlari” asari bilan asrlar davomida Yevropa va Sharq tibbiyoti rivojiga katta taʼsir koʻrsatgan.
Allomalar merosi oldidagi maʼnaviy masʼuliyat, avvalo, ular qoldirgan asarlarni oʻrganish va targʻib qilishdan iborat. Afsuski, baʼzan biz buyuk ajdodlarimizni faqat nom bilan tanib, ularning ilmiy va axloqiy qarashlariga chuqur kirib bormaymiz.
Merosni anglash – bu uni zamonaviy hayot bilan bogʻlashni anglatadi. Masalan, Imom Buxoriyning ilmga munosabati va uning “Sahihul Buxoriy” asari, Forobiyning adolatli jamiyat haqidagi qarashlari, Beruniyning ilmiy xolislik tamoyili, Ibn Sinoning inson salomatligiga oid fikrlari bugun ham dolzarb ahamiyatga ega, desak, buni inkor qiruvchi topilmaydi.
Maʼnaviy masʼuliyatning yana bir muhim jihati – allomalar merosini yoshlar ongiga singdirish. Zero, oʻz tarixi va ilmiy ildizlarini yaxshi bilgan yosh avlodning dunyoqarashi keng, maqsadi aniq boʻladi. Ular chet el yutuqlarini oʻzlashtirish bilan birga, oʻz milliy ilmiy maktabiga tayanadi.
Allomalarning hayoti jasorat, matonat va ilmga sadoqat namunasidir. Ularning hayot yoʻli yoshlarga sabr-toqat, izlanish va oʻz ustida ishlash kabi fazilatlarni oʻrgatadi.
Bugungi globallashuv va vayronkor gʻoyalar avj olgan sharoitda milliy oʻzlikni saqlab qolish muhim vazifa hisoblanadi. Bu yoʻlda allomalar merosi maʼnaviy tayanch sifatida xizmat qiladi. Ilm-fan taraqqiyotini davom ettirish va yangi kashfiyotlar yaratish orqali biz ajdodlarimizga munosib voris boʻlishimiz shart.
Maʼnaviy masʼuliyat – bu faqat oʻtmishni ulugʻlash emas, balki uning shonli anʼanalari davomchisi boʻlishdir. Agar biz alloma ajdodlar qoldirgan ilm mashʼalini porlatib tursak, jamiyatimiz ravnaqi va millatimiz nufuzi yanada yuksaladi.
Shulardan xulosa qilib aytish mumkinki, maʼnaviy masʼuliyat – bu faqat shaxsiy axloqiy meʼyorlar va ijtimoiy burchlar bilan chegaralanib qolmay, balki millatning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini anglab, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishni ham oʻz ichiga oluvchi keng tushuncha. Ajdodlarimiz, jumladan, yuqorida nomlari tilga olingan Imom Buxoriy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino kabi allomalar, faqat ilm-fan sohasida emas, balki axloq va maʼrifat yoʻlida ham biz uchun namuna boʻlib xizmat qilgan. Ularning ilmiy va maʼnaviy merosiga nisbatan masʼuliyat – bu merosni oʻrganish, targʻib qilish va zamonaviy hayotda samarali qoʻllashdir.
Shuningdek, maʼnaviy masʼuliyatning yana bir asosiy jihati – yosh avlod ongiga ilmiy va axloqiy qadriyatlarni singdirishdir. Bu orqali yoshlar oʻz tarixi va ilmiy ildizlarini chuqur anglab, milliy va global yutuqlarni uygʻunlashtira oladi hamda allomalar yoʻlida ilmiy va maʼnaviy rivojlanishni davom ettirish orqali yangi renessansga oʻz hissasini qoʻshadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





