Home / MAQOLALAR / KIYINISH ODOB-AXLOQI

KIYINISH ODOB-AXLOQI

Islom dini insonning tashqi koʻrinishi, kiyinish masalasiga alohida eʼtibor qaratadi. Libos goʻzallik, ziynat boʻlish bilan bir qatorda kishining ruhiy kechinmalarini ifoda etuvchi, ichki olamini bayon qiluvchi oynadir. Kishining diyonati ham koʻpincha uning liboslarida aks etadi.

Alloh taolo Aʼrof surasida marhamat qiladi: “Ey Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni toʻsadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana oʻsha yaxshidir. Ana oʻshalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki eslasalar” (26-oyat).

Inson oʻz fitratidan kelib chiqib ham jismoniy, ham maʼnaviy libosga ehtiyoj sezadi. Chunki Hazrati Odam bilan Havvo onamiz jannatda oʻzlaridan boshqa inson boʻlmasa-da, uyalganlaridan oʻzlarini barglar bilan oʻrashlari bu sifat inson tabiatidagi eng chuqur ildizlardan biri ekaniga dalolatdir. Hech kim kiyimsiz boʻlishni va boshqalarni kiyimsiz koʻrishni xohlamaydi.

Barcha ishlarda boʻlgani singari, libos kiyishning ham meʼyor va tartib-qoidalari bor. Inson bu borada oʻzi bilganicha, koʻngli tusaganicha harakat qilish huquqiga ega emas. Kiyinish diniy meʼyorlar, milliy qadriyatlarga muvofiq boʻlishi kerak.

Kiyimning ham oʻziga xos jihatlari bor. Insonning shaxsiyat va oʻziga xosligini yaqqol ifoda etadigan jihat ham kiyim tanlovidir. Kishi egnidagi goʻzal libos doimo atrofga ijobiy ishora beradi. Xalq orasida keng tarqalgan “Inson kiyimi bilan kutiladi, fikri bilan kuzatiladi” degan soʻz shu nuqtayi nazardan mantiqiydir.

Musulmon kishi kiyimi bilan doimo odamlarga oʻrnak boʻlishi, yaxshi taassurot qoldirishga intilishi kerak. Ichki goʻzalligi tashqi tomonda ham aks etishi lozim. Ayniqsa, biron joyga borayotgan kishi oʻziga yaxshi eʼtibor qaratishi, kiyim-kechagi, yurish-turishiga diqqatli boʻlishi muhimdir. Zero, u safar davomida nafaqat oʻzining, balki ortida qolgan yurti va millati shaʼni uchun ham javobgardir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarga chiqqan ayrim sahobalarga quyidagi nasihatni qilganlari bejiz emas: “Sizlar, birodarlaringizning oldiga boryapsizlar. Ulovlaringizga yaxshi qarang, kiyimlaringizni tuzating! Yuzdagi xol qanday diqqat tortadigan boʻlsa, siz ham odamlar orasida shunday koʻzga tashlaning! Chunki Alloh chirkin koʻrinish, chirkin soʻz va harakatni yoqtirmaydi” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Libosning halolligi masalasiga kelsak, kishi uni xarid qilishda matosiga jiddiy eʼtibor berishi kerak. Erkak kishiga ipak matodan tikilgan kiyim, shuningdek, tilla harom qilingan. Ali (roziyallohu anhu)dan qilingan rivoyatda: “Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam ipak matoni olib oʻng tomonlariga qoʻydilar, tillani olib chap tomonlariga qoʻydilar. Soʻng: “Mana bu ikki narsa ummatimning erkaklariga haromdir!” dedilar”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).

Yaxshi va goʻzal kiyinishni erkagu ayol barobar istaydi. Bezanish, koʻrkam koʻrinish istagi esa koʻproq ayollarga xosdir. Shundan kelib chiqib, islom taʼlimotida mayinlik va hassoslikni koʻrsatuvchi ipak kiyimlar, oltin kabi bezaklar ayollarga xoslangan, erkaklardan bunday kiyimlardan uzoq turishi talab qilingan. Shu sababli, Paygʻambarimiz alayhissalomga toʻliq ipakdan toʻqilgan kiyim sovgʻa qilinganda, uni Ali roziyallohu anhuga yuborganlar. Hazrati Alining “Buni nima qilaman?” degan savoliga, rafiqasi Fotimani, onasi Fotima binti Asadni va amakisi Hamza roziyallohu anhuning qizi Fotimani nazarda tutib, “Uni roʻmol qilib Fotimalar orasida tarqat”, deb javob berganlar (Ibn Moja rivoyati).

Ipak kiyimlar va oltin bezaklarga qoʻyilgan taqiq sabablaridan yana biri bu buyumlarning kibr va xoʻjakoʻrsinga olib kelishidir. Kibr va koʻz-koʻz qilish goʻzal bezakli liboslar kiyib jamiyatga aralashgan har bir inson duch kelishi mumkin boʻlgan salbiy his-tuygʻulardir. Bu illatni anglagan Paygʻambar alayhissalom bir tomondan moʻminlarga goʻzal va toza kiyinishni tavsiya qilgan boʻlsalar, boshqa tomondan bu neʼmatni odamlarga yuqoridan qarash vositasiga aylantirmaslikka amr qilganlar.

Inson oʻziga yarashib turgan goʻzal liboslarni kiyishi kerak. Shayx Shaʼbiy: “Ahmoqlar ustingdan kulmaydigan va faqihlar (shariat bilimdonlari) ayblamaydigan kiyimni kiy”, degan. Unutmaslik lozimki, kiyim kibrlanish, oʻzidagi boylikni koʻz-koʻz qilish vositasi emas. Imom Ahmadning “Musnad”da Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kimki, dunyoda shuhrat libosini kiysa, Qiyomat kunida Alloh unga xorlik libosini kiygizadi”. Demak, kiyinish kibru havo, oʻzini oʻzgalardan yuqori tutish, shuhrat qozonish uchun boʻlmaydi. Abu Homid Gʻazzoliy “Qalb ajoyibotlari” kitobida koʻrkam va qimmatbaho kiyimlarga oʻchlik shaytonning inson qalbini zabt etish uchun kiradigan eshiklaridan biri ekani haqida yozgan.

Taʼkidlash lozimki, insonning tabiiy istagi boʻlgan goʻzal koʻrinish bilan kibr hissini qorishtirib yubormaslik kerak. Abdulloh ibn Masʼud rivoyat qilgan hadisda aynan shu ikki jihat aniq ajratib koʻrsatilgan. Mazkur hadisda Paygʻambarimiz bunday deganlar: “Yuragida zarracha kibr boʻlgan kishi jannatga kirmaydi”. Bu soʻzdan soʻng bir odam, “Inson kiyimi va poyabzali goʻzal boʻlishidan xursand boʻladi”, deganida, Paygʻambar alayhissalom: “Shubhasiz, Alloh goʻzaldir, goʻzallikni yaxshi koʻradi. Kibr esa haqiqatni inkor etish va odamlarni kichik koʻrishdir”, deb javob berganlar (Imom Muslim rivoyati).

Shuningdek, libos kishining ijtimoiy holatini ham koʻrsatib turadigan, imkoniyati va maqomiga mos boʻlishi kerak. Kengchilik, mol-davlat ato etilgan insonlar oʻzidagi bu neʼmatni kiyimlarida aks ettirishi maqsadga muvofiq. Zero, Alloh bandasining ustida unga bergan neʼmatining asarini koʻrishni sevadi. Abul Ahvas nomli sahobiy oʻz otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga past (eskirib ketgan, uvada) kiyimlarda keldim. Shunda u kishi menga: “Sening mol-davlating bormi?” dedilar. Men: “Bor!” dedim. “Nimalaring bor?” soʻradilar. Men: “Alloh menga tuya, qoʻy, ot hamda qullar ato qilgan” dedim. Buni eshitgach, Nabiy alayhissalom: “Alloh senga mol-dunyo ato qilgan boʻlsa, Uning senga bergan neʼmati va ikromining asari koʻrinib tursin!” dedilar (Abu Dovud rivoyati).

Ammo neʼmatlarni libosda aks ettirish, yuqorida taʼkidlanganidek, kibru havodan uzoq turish sharti bilangina toʻgʻri boʻladi.

Baʼzan koʻcha-koʻyda oʻzini ayolga oʻxshatgan erkaklar yoki erkakcha kiyingan ayollarni koʻramiz. Bu ish ogʻir gunoh va laʼnatga qolishga sabab boʻladi. Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (kiyinishda) oʻzini ayollarga oʻxshatadigan erkaklarni va erkaklarga oʻxshab kiyinadigan ayollarni laʼnatladilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Barcha ishda boʻlgani singari, liboslarda ham poklik birlamchi vazifadir. Islom poklik dinidir, poklik imondandir. Qurʼoni karimda ham “Alloh poklanuvchilarni yaxshi koʻradi” (Tavba surasi, 108-oyat), deya kishilar ruhiy, maʼnaviy, jismoniy poklikka daʼvat etilgan. “Muddassir” surasida Nabiy alayhissalomga qarata “Kiyimlaringni pok tut!” deyilgan xitob libos pokizaligi nihoyatda muhim ekanini anglatadi.

Libos kiyishda ayrim sunnat amallar ham aytib oʻtilgan. Hadislarga koʻra libosni oʻng tomondan boshlab kiyish sunnatdir. Oisha (roziyallohu anho) aytadi: “Nabiy alayhissalomga poklanishda (yaʼni tahorat va yuvinishlarda), soch tarashda va oyoq kiyim kiyishda oʻng tomondan boshlash yoqar edi”. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Shuningdek, kiyim kiyishda ayrim duolarni oʻqish ham sunnat amallardandir. Nabiy alayhissalom koʻp hollarda, jumladan, libos kiyishda ham Allohni zikr qilardilar. Hadislarda kelgan “Alhamdu lillahillaziy kasaaniy haza va rozaqoniyhi min gʻoyri havlin minniy valaa quvvah”, yaʼni “Barcha hamdu sanolar oʻzimda hech qanday kuch-qudrat va imkoniyat boʻlmagan holda bu libosni menga kiydirgan va rizq qilib bergan Allohga xosdir” singari duolarni oʻqib, kiyim kiyish savobli ishlardandir.

Hadis kitoblaridagi kiyinishga doir rivoyatlar uning axloqiy tomonlari haqida bizga muhim maʼlumotlar taqdim etadi. Shuningdek, musulmon kishi yangi va goʻzal kiyim kiyganda, kibr va maqtanishga yoʻl qoʻyish oʻrniga, oʻzidagi bu neʼmatning asl sohibini eslab, Allohga shukur qilishi kerak.

Globallashuv jarayonidagi murakkab va tezkor hayot keltirib chiqargan ijtimoiy oʻzgarishlar, yangiliklar insonning boshqa inson va jamiyat bilan munosabatlariga doir turli xavotirlarni kuchaytirmoqda. Shu sababli, moʻmin kishi imon chaqirigʻi va vijdon amridan kelib chiqib kiyinishi, xohish-istaklarini qondirishda Qurʼoni karimda ifodalanganidek “taqvo libosini”ni kiyishni unutmasligi kerak. Toki ushbu maʼnaviy libos uning hislari bilan chambarchas bogʻlanib, tashqi koʻrinishida ham goʻzal ifodasini topsin.

Usmonxon MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

FITNA QOTILLIKDAN HAM OGʻIR GUNOHDIR

Ijtimoiy tarmoqlarda tinch-osoyishta yashayotgan musulmon xalqlar orasida fitna chiqarib, konstitutsion hokimiyatlarni agʻdarishni oʻylayotganlar, davlatni tuzumini …