17-fevral kuni onlayn muloqot shaklida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Turkiyaning Najmiddin Erbaqan universiteti huzuridagi Anʼanaviy sanʼatni qoʻllash va tadqiqot markazi oʻrtasida Anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan tadbirda ikki tomon rahbariyati va ilmiy xodimlar ishtirok etdi.

Marosim avvalida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi izchil rivojlanayotgan doʻstona munosabatlar hamda samarali hamkorlik aloqalarini alohida taʼkidladi.
Qayd etilganidek, davlat rahbarlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan oʻrtasidagi samimiy munosabatlar ikki mamlakat oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Muloqot davomida xalqaro ilmiy aloqalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berildi. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nufuzli xorijiy ilmiy muassasalar bilan 50 dan ortiq hamkorlik memorandumi imzolangani, ularning salmoqli qismi Turkiya hissasiga toʻgʻri kelishi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shuningdek, har yili oʻtkazib kelinayotgan xalqaro konferensiya va ilmiy anjumanlarda turkiyalik olimlarning faol ishtiroki hamkorlikning amaliy samarasi sifatida eʼtirof etildi.

Uchrashuv yakunida imzolangan hujjat kelgusida ilmiy-tadqiqot sohasida aloqalarni kengaytirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, akademik almashuvlarni rivojlantirish, anʼanaviy sanʼat va madaniy meros boʻyicha tajriba almashish kabi yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Tadbir doirasida ishtirokchilarga Markaz faoliyatiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





