Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Hadis ilmi maktabi talabalari uchun oʻquv amaliyoti izchil ravishda davom etmoqda. Ushbu amaliy mashgʻulotlar yosh tadqiqotchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va ularni ilmiy izlanish jarayoni bilan bevosita bogʻlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Amaliyot doirasida talabalarning ilmiy-tadqiqot sohasiga oid nazariy qarashlari amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunlashtirilmoqda. Bu esa ularda mustaqil fikrlash, tahlil qilish va ilmiy xulosa chiqarish kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Navbatdagi mashgʻulot “Ilmiy tadqiqot ishini tashkil etish” mavzusiga bagʻishlandi. Dars jarayonida ilmiy izlanishning mohiyati, tadqiqotni toʻgʻri rejalashtirish, maqsad va vazifalarni aniq belgilash, shuningdek, obyekt va predmetni ilmiy asosda tanlash kabi muhim jihatlar atroflicha yoritildi. Shu bilan birga, mavzu tanlash mezonlari — dolzarblik, ilmiy yangilik va amaliy ahamiyat kabi omillar yuzasidan keng qamrovli muhokama olib borildi.

Mashgʻulotni markazning katta ilmiy xodimi Mexrojiddin Amonov olib bordi. U dars davomida tadqiqotni samarali tashkil etish boʻyicha amaliy tavsiyalar, metodik yoʻl-yoʻriqlar va ilmiy faoliyatda uchraydigan dolzarb masalalar yuzasidan zarur tushunchalar berdi.

Bunday amaliy mashgʻulotlar talabalarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularni mukammal tadqiqot ishlarini amalga oshirishga tayyorlash hamda zamonaviy ilm talablariga mos mutaxassis sifatida shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





