Home / FOTO LAVHALAR / Global ilmiy maydonda – Margʻinoniy merosi

Global ilmiy maydonda – Margʻinoniy merosi

12-fevral kuni poytaxtimizda islom huquqshunosligining buyuk namoyandasi Burhonuddin Margʻinoniy tavalludining 900-yilligi munosabati bilan xalqaro konferensiya boshlandi.

Anjumanda jahonning yetakchi islomshunos olimlari qatorida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov ham qatnashib, alloma merosini zamonaviy dunyoga taqdim etishning strategik yoʻnalishlari haqida maʼruza qildi.

Maʼruzachi Margʻinoniy merosini zamon talablari asosida qayta tadqiq etish va jahon jamoatchiligiga taqdim qilishning konseptual asoslarini ilmiy jihatdan yoritdi. Taʼkidlanganidek, allomaning mashhur “Hidoya” asari nafaqat islom fiqhining yuksak durdonasi, balki umuminsoniy huquqiy tafakkur rivojiga qoʻshilgan beqiyos hissadir.

Bugungi globallashuv sharoitida ushbu boy merosni targʻib etishda “maʼrifat diplomatiyasi” tamoyillariga tayanish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda tarjima, raqamlashtirish va xalqaro hamkorlik oʻzaro uygʻun va uzviy bogʻliq ekani alohida qayd etildi. Xususan, ushbu asarning jahonda keng tarqalgan tillardagi sifatli va mukammal tarjimalarini yaratish orqali islom huquqshunosligi bilan umuminsoniy qadriyatlar oʻrtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqish mumkinligi asosiy tezis sifatida ilgari surildi.

Maʼruzada shuningdek, Margʻinoniy asarlarining jahon qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan nusxalarini raqamlashtirish va yagona elektron bazani shakllantirish zaruratiga eʼtibor qaratildi. Bu tashabbus mahalliy tadqiqotchilar bilan bir qatorda xorijiy olimlar uchun ham alloma merosini masofadan turib tizimli oʻrganish imkoniyatini yaratadi.

Shu bilan birga, YUNESKO va AYSESKO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida Margʻinoniy merosini keng targʻib etish insoniyat huquqiy madaniyatini boyitishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Bu yoʻnalishda xalqaro ilmiy hamjamiyat saʼy-harakatlarini birlashtirish muhimligi qayd etildi.

Yakuniy xulosa sifatida Burhonuddin Margʻinoniyning ilmiy merosi bugungi radikallashuv va turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashishda oʻziga xos “ilmiy immunitet” vazifasini oʻtashi taʼkidlandi. Allomaning adolat va moʻtadillik tamoyillariga asoslangan qarashlari jamiyatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda bugun ham dolzarb ahamiyatga ega.

Ishtirokchilar mazkur anjuman va undagi teran ilmiy tahlillar Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi maʼrifiy nufuzini yanada yuksaltirishga, milliy maʼnaviy merosimizni jahon miqyosida kengroq namoyon etish va uning davomiyligini taʼminlashga zamin yaratishini eʼtirof etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ajdodlarimiz merosining xalqaro taqdimotiga tayyorgarlik

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislari …