Hadis ilmi maktabida tashkil etilgan oʻquv kursining navbatdagi darsida mamlakat siyosiy va huquqiy hayotining eng muhim yoʻnalishlaridan biri — “Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirish” mavzusi atroflicha muhokama qilindi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Bayozxon Mahmudov olib borgan mashgʻulotda davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi va sud mustaqilligini taʼminlashning konseptual asoslari tahlil etildi.

Maʼruzachi Murojaatnomadan kelib chiqib, davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va raqamli boshqaruvni imkon qadar keng joriy etish orqali aholiga yengillik yaratish masalalarini ilmiy asoslab berdi. Ayniqsa, “inson qadri uchun” tamoyili asosida davlat xizmatlari sifatini oshirish va mahalliy ijro hokimiyatining masʼuliyatini kuchaytirish borasidagi strategik vazifalarning mohiyati ochib berildi.
Shu bilan birga, dars davomida sud-huquq tizimidagi islohotlarning yangi bosqichi — odil sudlovni taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda sudlarning maqomini yanada oshirish va advokatura institutini mustahkamlash masalalari atroflicha yoritildi.

Kurs tinglovchilarining eʼtirof etishicha, Murojaatnomada bayon qilingan ushbu islohotlarni oʻrganish jarayoni talabalarda davlat boshqaruvining zamonaviy usullari hamda adolat mezonlari haqida teran bilim shakllantirmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





