Home / MAQOLALAR / ISLOM UMMATINING ENG MOʻTABAR AVLODI

ISLOM UMMATINING ENG MOʻTABAR AVLODI

Arabiston yarim oroli VII asrga kelib har jihatdan jaholatga botgan oʻlkaga aylandi. U yerda yashovchi qabila va elatlar inson tabiatini bezovchi goʻzal fazilatlardan tamoman uzoqlashgan edi. Ahvol shu darajaga yetgan ediki, hududda yashovchi qabilalar biri-biriga hujum qilib, odamlarni asir olar, tabiiyki, asir olingan insonlar qul qilib sotilar edi. Bu davrda qullarni sababsiz oʻldirish odatiy holga aylangan edi. Shu va boshqa omillar tufayli Arabiston yarim oroli razolat va axloqsizlik oʻchogʻiga aylangan, oddiy xalq esa qashshoqlikdan qattiq aziyat chekar edi.

Bundan tashqari, bu davrda insonni mast qiluvchi ichimliklar koʻplab isteʼmol qilinar, qimor, fohishabozlik va sudxoʻrlik kabi illatlar chuqur ildiz otgan edi. Qabilalar oʻrtasidagi xun olish odati esa eng ogʻriqli muammolardan biriga aylangan edi. Baʼzi qabilalar oʻrtasidagi bunday adovat bir necha asr davom etardi. Bunga misol sifatida Madinadagi Avs va Xazraj qabilalarining 130-yildan beri davom etayotgan dushmanlik munosabatlarini keltirish mumkin. Bunday holat hududning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda edi.

Bu davrdagi eng jirkanch holatlardan holatlardan yana biri qiz bolalarning tiriklayin koʻmilishidir. Odatda, koʻpdan beri davom etayotgan anʼanalarga koʻra, qiz bola sharm-hayo ramzi deya baholangan va uni turmushga berish oʻsha xonadon uchun or hisoblangan. Bu esa, yuqorida aytilganidek, oʻta yaramas odatning paydo boʻlishiga olib kelgan. Mazkur holat ham Arabiston yarim orolida yashovchi xalqlarning nechogʻlik jaholat botqogʻiga botganini koʻrsatadi.

Bundan tashqari, zikr qilinayotgan davrda odamlar tosh va yogʻochdan oʻz qoʻli bilan yasagan butlarga sigʻinar, ular nomidan qurbonliklar keltirishardi. Shuningdek, odamlar turli soxta ilohlarga nazr ulashib, ularga iltijo va duo qilardi. Bunday shikr odatlar arablar hayotiga chuqur singib ketgan edi. Shuning uchun ular: “Biz bobolarimizni shu yoʻlda topdik. Bu yoʻl toʻgʻri yoʻldir. Nima boʻlsa boʻlsin, yoʻlimizdan qaytmaymiz”, degan qoidaga qatʼiy amal qilar edi.

Bunday insonlarga najot yoʻlini kim koʻrsatadi, ularning his-tuygʻusi va qobiliyatini kim yoʻnaltiradi va rivojlantiradi? Ularning boshini kim  qovushtiradi?

Shunday bir kishi kelishi kerak ediki, u olamning qanday maʼno kasb etganini, insonning kimligini, nega yaratilganini, bu dunyoga qanday maqsad bilan yuborilganini, vazifasi nimadan iborat ekanini oʻrgatishi lozim edi. Tushunarsiz bir kitob, maʼnosiz qogʻoz toʻplamiga aylangan olamni maʼnosizlikdan qutqarib, nimalarni anglatishini bayon qilishi va insonning mazkur buyuk kitob oldida qanday turishi kerakligini koʻrsatishi lozim edi.

Shunday bir zot kelishi kerak ediki, u zot insonga oʻxshab yashashni, hayotdan haqiqiy lazzat olishni, haq-huquq, adolat, tenglik, muhabbat, hurmat, rostgoʻylik va halollikni mukammal joriy qilishi lozim edi.

Insoniyat yana qancha kutishi mumkin edi? Faqat insoniyat emas, togʻ-tosh, tirik va jonsiz har bir mavjudot ham oʻsha qutqaruvchini sogʻinch va intizorlik bilan kutib, yonar edi.

Janobi Haq bu sogʻinchli koʻzlarni yoʻlda qoldirmadi. Sevikli Rasuli Hazrati Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni yubordi. U zotning kelishi olamlarga rahmat boʻldi. Bir zumda olam charogʻon boʻldi va maʼno kasb etdi, insoniyat u zotga bogʻlanib oʻzini topdi. Insonlar u zot orqali toʻgʻri yoʻlni topdi. U zotga berilgan eng buyuk moʻjiza — Qurʼonni qoʻliga oldi, olamni oʻqidi va oʻqitdi:

“Qarang, – dedilar u zot, – shu muhtasham olamga, shu muhtasham yulduzlar bilan bezatilgan osmonga; quyoshga, oyga qarang, qanday nozik hisoblar bilan aylantirilayotganini koʻring… Qarang kechaga, kunduzga, qanday bir-birini izlab kelayotganini koʻring… Shu togʻlarga, sahrolarga, daryolarga, irmoqlarga, yer ostiga koʻmilgan va yana tirilib chiqadigan sanoqsiz oʻsimliklarga qarang. Oʻz yaratilishingizga qarang. Sizlarni bir qatra suvdan Yaratgan zot haqida tafakkur qiling.

Aqllaringizni ishlating. Bu ishlar tasodifiy ishlar emas, oʻz-oʻzidan boʻlishi mumkin emas. Bir Yaratguchining ilmi, qudrati va irodasi bilan shunday mukammal tartibga solingan. Bularni anglab, hech kimga zarar va foyda bera olmaydigan butlarga sigʻinishdan voz keching. Bu maʼnosiz va kulgili eʼtiqodlar bilan oʻzingizni pastga urmang. Sizlarni inson qilib yaratgan Robbingizga imon keltiring va sanoqsiz neʼmatlar bilan sizlarni yashatgan Xoliqingizga shukr qiling va faqat Unga ibodat qiling».

Aqlini ishlatgan insonlar mazkur ilohiy daʼvatga itoat etdi. Ularning qiynalgan ruhiga abadiylik mamlakati eshiklari ochildi. Shirkdan qutilib, tavhid jannatiga kirdilar. Ular hidoyat nuriga parvona va nubuvvat quyoshining manzumasiga bogʻlangan yulduzlar boʻldi.

Olamning asl mohiyatini bilishni istamagan kimsalar esa mavhumlikdan qutula olmadi. Ularning qaysar qalbi oʻzini aldadi, qattiqqoʻl gʻururi yoʻldan ozdirdi. Aqlini ishlatmagan toifalar ularni bu saodatdan mahrum etdi.

Imon bilan kufr orasi kengayib bordi. Qorongʻulik bilan yorugʻlik, kecha bilan kunduz kabi…

U zot tengi va misli koʻrilmagan shundaqy ulkan inqilob qildiki, qisqa vaqt ichida oʻsha talonchi, parokanda, yovvoyi odamlardan dunyoning eng madaniyatli va ilmi insonlari yetishib chiqdi. U zot ularning ruhiga singib ketgan bir emas, yuzlab odat va xulqni oʻzgartirdi. Bir-birining qonini toʻkishdan qaytmagan millatni, hatto chumoliga ozor bera olmaydigan darajadagi rahm-shafqat timsoliga aylantirdi.

Bu tanlangan insonlarning hammasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nur halqasi ichida tarbiya topdi. Rasululloh ularga insonning kimligini, qayerdan kelib, qayerga ketishini, vazifalarining nimadan iborat ekanini tushuntirdilar. Ularning boshboshdoq boʻla olmasligini, bu dunyoga imtihon uchun yuborilganini, natijada, moʻminlar bilan kofirlar, yaxshilar bilan yomonlarning ajratilishini bayon qildilar.

Ular orasidan shunday buyuk insonlar chiqdiki, doʻst-dushman hammasi ularni taqdir etdi. Masalan, Hazrati Abu Bakr, Rasulullohni tanish bilan paygʻambarlardan keyin eng ulugʻ inson maqomiga yetdi. Hayotini haq yoʻlga bagʻishladi, bor-budini Alloh yoʻliga sarfladi. Rahm-shafqati, hurmat-ehtiromi, olijanobligi, kelajakni koʻra bilishi va matonati bilan ajralib turdi.

Islomdan oldin johil va qattiqqoʻl boʻlgan Umar, imon lazzatidan totib, Paygʻambar alayhissalom tarbiyasini olgach, adolati bilan butun olamga mashhur boʻldi va nomi tarixga oltin harflar bilan yozildi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Agar mendan keyin bir paygʻambar keladigan boʻlsa, Xattob oʻgʻli Umar kelar edi”, degan taʼrifga sazovor boʻldi.

U zotning tarbiyasi bilan farishtalar ham hurmat qilgan va nihoyatda saxiyligi bilan shuhrat qozongan Hazrati Usmon hamda ilm va irfon oshigʻi, zuhd va taqvo timsoli boʻlgan qahramon Hazrati Ali kabi shaxsiyatlar yetishdi.

Oddiy bir askar boʻlgani holda birdan “Allohning qilichi”ga aylangan, jang maydonining dovyurak jangchisi Xolid ibn Valid, siyosat dahosi Amr ibn Os, oddiy bir qul boʻlgani holda umrining oxirigacha bosh qoʻmondonlik maqomini saqlab qolgan Zayd ibn Horisa va uning oʻgʻli Usoma, avval choʻpon boʻlgani holda keyinchalik Eron viloyati hokimi boʻlib, oʻsha maqomda ham oddiy insonlar kabi hayot kechirgan Salmon Forsiy singari zotlar – ana shu oʻn sakkiz ming olamga rahmat qilib yuborilgan paygʻambar alayhissalomdan saboq olib, yorqin siymolarga aylandilar.

Bu insonlar ushbu nur daryosidan shunday bir uchqun oldilarki, natijada, ular eng madaniy, eng maʼrifatli inson boʻlib yetishdi, eng yuqori choʻqqilarga koʻtarildi. Shu bilan birga, ular oʻsha fayz bilan joʻshib, haq va haqiqatni eshitish va taʼminlash uchun mamlakatma-mamlakat kezib yurar edi. Yuqorida nomlari zikr qilingan ulugʻ insonlar eng madaniyatli xalqlarga ham ustoz boʻlib qoldilar.

Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Check Also

FITNALARGA ARALASHIB QOLMANG!

Har bir davlatning fuqarolar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonuniy hujjatlari bor. Shu bilan birga, huquqni …