Roʻza – buyuk ibodat. U faqatgina yeb-ichishdan tiyilishdan iborat emas. U jamiyatda tenglik va mehr-oqibatdan iborat yangicha ruhni shakllantirish uchun joriy qilingan ilohiy tarbiya uslubi hamdir. Shuning uchun samoviy dinlarning barchasida turli koʻrinishlarda farz qilingan. Bu maʼno Qurʼoni karimning ushbu oyatida taʼkidlab qoʻyilgan: “Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli boʻlsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat). Bundan ayon boʻladiki, roʻza ibodati Odam alayhissalomdan boshlab, Muhammad alayhissalom davrlariga qadar yashab oʻtgan barcha paygʻambarlar va ularning ummatlariga farz qilingan, faqat shartlari va tartib-qoidalari turlicha boʻlgan. Binobarin, roʻza kishining nafsini poklash, goʻzal xulqlar va adolat hukm suradigan hamjihat jamiyat barpo qilish maqsadida indirilgan ilohiy amrdir.
Roʻzaning ijtimoiy foydalari quyidagilar misolida namoyon boʻladi.
Birinchi – jamiyatda tenglik va birdamlik ruhini paydo qiladi.
Roʻza – uni tutishga qodir boʻlgan boyga ham, kambagʻalga ham birdek farz. Binobarin, u sababli jamiyatdagi sinfiy tafovut yoʻqoladi, har bir shaxs boshqalarning muhtojligini oʻz tanasida his qiladi. Ana shu tuygʻu oʻzaro xayrixohlikni paydo qiladi, saxovatli boʻlishga, koʻproq xayr-ehson qilishga undaydi. Ramazon oyida bajariladigan bir amal borki, oʻz oʻrniga tushadigan boʻlsa, undan savobliroq saxovat va xayr-esʼhon yoʻqdir. U – kam taʼminlangan va ehtiyojmand insonlardan roʻza tutganlariga iftorlik qilib berishdir. Bu xususda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir roʻzadorga iftorlik qilib bersa, unga oʻsha roʻzadorga beriladigan ajrning misli beriladi, ammo uning ajridan biror narsa kamaymaydi”, deb xushxabar berganlar (Imom Termiziy rivoyati). Demak, Ramazon roʻzasi xayr-ehsonning ajrini bu qadar yuksaltirish orqali insonlarni yaxshilik qilishga ragʻbatlantirib, jamiyatdagi birdamlik eshiklarini ochadi.
Ikkinchi – oilaviy va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlaydi.
Saharlik va iftorlik vaqtida yozilgan dasturxon oila aʼzolari va qarindoshlar oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanishiga, pirovardida silai rahm va mehr-oqibat tuygʻulari ziyodalashishiga xizmat qiladi. Nabiy alayhissalom: “Saharlik qilinglar, chunki saharlik qilishda baraka bordir”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan). Bu baraka nafaqat taomda, balki hamjihatlikda ham namoyon boʻladi. Ahillik boʻlmagan joyda baraka boʻlmasligi tayin, axir.
Uchinchi – jamiyat aʼzolarida bagʻrikenglik va halimlik hissini paydo qiladi, kimda bu xislatlar mavjud boʻlsa, uning fazilatlari darajasini oshiradi.
Roʻza tutish insonga sabrli boʻlish va gʻazabni ichga yutishni oʻrgatadi. Ochlik va tashnalikning oʻzi kishini ancha vazminlashtirib qoʻyadi. Gʻazab kelganda oʻzni bosish fenomeni orqali esa, jamiyatda turli nizolar va janjallar kamayadi, kechirimlilik ruhi hukm suradi. Nabiy alayhissalom bunday koʻrsatma berganlar: “Birortangiz roʻza tutadigan boʻlsa, axloqsiz soʻzlarni gapirmasin, baqir-chaqir qilmasin. Biror kishi uni haqorat qiladigan yo u bilan janjallashadigan boʻlsa: “Men roʻzadorman”, deb aytsin” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Shunga koʻra, roʻza tutish ijtimoiy bagʻrikenglikni jamiyat hayotiga tatbiq etish uchun katta imkoniyatdir.
Toʻrtinchi – ijtimoiy tartib-intizom oʻrnatilishiga xizmat qiladi.
Roʻza – jamiyat hayotini bir maromda ushlab turadi, odamlar undan tartib-intizomli va axloqan masʼuliyatli boʻlishni oʻrganadi. Bu – jamiyat hayotida oʻzining ijobiy samarasini berishi shubhasiz. Ana shu ijtimoiy tartib-intizom birlik ruhini mustahkamlaydi va aloqadorlik hissini kuchaytiradi.
Eʼtibor bersangiz, Ramazon oyida kishi hatto roʻza tutmagan boʻlsa ham oʻzini roʻzadordek tutadi. Bu – jamoat joylarda yemay-ichmay yurishning oʻzigina emas, balki oʻzgargan muomala, yaxshiroq xulq-odob, til parhezi, nazar parhezi, davra parhezi, umuman, parhez soʻz va amallardir. Muqaddas oyning ruhiyati mana shunday omillarda namoyon boʻladi.
Beshinchi – roʻza kishilar qalbida muhtojlarga nisbatan rahm-shafqatli boʻlish tuygʻusini paydo qiladi, kimda bor boʻlsa, yana ham mustahkamlaydi.
Bu hodisa jamiyatning umumiy saviyasi, maʼnaviyati va qadriyatlari yuksalishiga sabab boʻladi. Shuning uchun Rasululloh alayhissalom: “Roʻza – sabr oyi. Sabrning mukofoti jannatdir. U oʻzaro tenglik oyidir”, deganlar (Ibn Xuzayma rivoyati). Demak, Ramazon – rahm-shafqat va oʻzaro tenglikning eng oliy koʻrinishlari namoyon boʻladigan oydir.
Nafsilamrini aytganda, roʻza – manfaati bir shaxs bilan chegaralanib qolmaydigan, balki butun jamiyatni qamrab oladigan ibodat turidir. U oʻzaro aloqalarni mustahkamlaydi, kechirimli, rahm-shafqatli, tartib-intizomli boʻlishga oʻrgatadi. Shuningdek, mehr-oqibat va adolat hukmron boʻlgan, mustahkam va barqaror jamiyat barpo qilishda ishonchli ustun vazifasini bajaradi. Shuning uchun har bir musulmon Ramazon roʻzasini individuallikdan koʻra koʻproq ijtimoiy foydalar bilan oʻtkazish harakatida boʻlishi maqsadga muvofiqdir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





