Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislari ishtirokida ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Uning tarkibida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi nomidan katta ilmiy xodim, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarov faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuv doirasida yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy hazratlarining hayoti va boy ilmiy-maʼnaviy merosini xalqaro miqyosda, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tasarrufidagi maydonlarda taqdim etish boʻyicha ilmiy kontentlar tayyorlash, taqdimot konsepsiyasini takomillashtirish va amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, diyorimizdan yetishib chiqqan boshqa allomalar merosining Birinchi, Ikkinchi va Uchinchi Renessans taraqqiyotiga poydevor boʻladigan oʻrnini ilmiy asosda yoritish va xalqaro jamoatchilikka yetkazish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti” nomli yangi ilmiy-maʼrifiy teleloyiha doirasida Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan tayyorlangan 30 ta qisqa metrajli hujjatli film mazmuni yuzasidan ekspertiza oʻtkazish, ilmiy tahlil va tahrir qilish, efirga uzatilishini muvofiqlashtirish masalalari koʻrib chiqildi. Bu jarayonda allomalarimiz hayoti va merosiga bagʻishlangan bu filmlarning ilmiy asosli, tarixan haqqoniy va keng jamoatchilik uchun tushunarli tarzda taqdim etilishiga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Ishchi guruh faoliyati izchil davom etmoqda.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





