Home / MAQOLA / SAHOBA VA ULAMOLAR – UZILMAS SILSILA

SAHOBA VA ULAMOLAR – UZILMAS SILSILA

Shariat ilmlari oʻz-oʻzidan shakllanib qolmagan, balki avloddan-avlodga oʻtib kelgan taʼlimotdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilmni sahobalarga oʻrgatganlar. Sahobalar tobeinlarga, ular esa – keyingilarga. Bizga yetib kelgan har bir hadis, har bir fiqhiy masala shu silsilaning mahsulidir.

Baʼzilar bunday deydi: “Modomiki, sen “Alloh aytdi, Rasuli aytdi, Rasulullohning soʻzlarini sahobalar mana bunaqa tushungan ekan” deyapsan ekan, demak, kattalardan ilm olayapsan. Bu gapni aytayotgan odam oʻn yashar bola boʻlsa ham. Kichkinalardan kelsa halok boʻladi, degani shuki, sahobalardan keyingi avlodning gapini koʻtarib yursang, unaqa odamlar halok boʻladi. Hozir “sahobalar aytgan” desang, bittasi keladi-da, “Imom Moturidiy aytgan” deydi. Sahobalar kattami, imom Moturidiymi? “Sahobalar aytgan desang”, “Abu Hanifa rahimahulloh aytgan” deb dalil qilmoqchi boʻladi. Hech kim oʻz-oʻzicha gapirmaydi. Lekin bu degani “soʻzlovchi hamma narsani biladi” degani emas-da”.

Bu soʻzlarda bir necha jiddiy ilmiy xato bor. Usulga oid muammolar ham. Bu fikr zohirda sahobalarni ulugʻlashdek tuyuladi, lekin pirovardida ahli sunna usuliga zid natijalarga olib boradi.

“Kichiklardan ilm kelsa halokat boʻladi” degan gapning yoshga taalluqli joyi yoʻq. Salafi solih ulamolar bu maʼnodagi rivoyatlar yosh emas, balki ilm va usul masalasi ekanini bayon qilgan.

Ibn Muborakdan “kichiklar” haqida soʻralganda, “Ular shaxsiy fikri bilan gapiradiganlardir. Ammo katta olimdan rivoyat qilayotgan yosh kishi kichik hisoblanmaydi”, degan. Boshqa rivoyatga koʻra, Ibn Muborak “kichiklar” deganda, ahli bidʼatni nazarda tutgan, sunnat ahlini emas.

Ilm odamlarining baʼzilari: “Kichik” degani odamlar fatvo soʻraydigan, ammo oʻzi ilmsiz kimsa, “katta” esa, yoshi nechchida ekanidan qatʼi nazar, olimdir”, degan. Shuningdek, “johil kishi yoshi katta boʻlsa ham kichikdir, olim esa yoshi kichik boʻlsa ham kattadir”, deyiladi. Dalili bunday: “Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu yosh boʻlishiga qaramay, undan fatvo soʻralardi. Muoz ibn Jabal va Attob ibn Usayd roziyallohu anhumo ham yosh boʻlishiga qaramay, odamlarga fatvo bergan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni yoshligiga qaramay hokim etib tayinlaganlar” (Ibn Abdulbarrning “Jomiʼ bayonil ilmi va fazlih” asaridan).

Bu taʼriflardan koʻrinib turiptiki, “kichiklar” deganda yoshi kichik boʻlganlar emas, balki ilmda pishiq boʻlmagan, sunnatdan uzoq yoki havoi nafsga ergashgan kimsalar nazarda tutilgan ekan. Agar inson yoshi kichik boʻlsa ham, ilmni sahobalar manhaji (yoʻli)dagi katta ulamolardan olsa, bu halokat emas.

Shu bois mujtahid ulamolar mazkur tahdid doirasiga kirmaydi. Ilmning qadri uning qaysi manbaga suyangani bilan oʻlchanadi.

“Sahobalar kattami yo mujtahid imomlar?” deb qarama-qarshi qoʻyish toʻgʻri emas. Sahobalar – asos, imomlar esa shu asosni saqlab qolgan olimlardir. Mujtahid imomlar boʻlmaganida, har kim “falon sahoba bunday degan” deb, toʻgʻrimi-notoʻgʻrimi, oʻz fikriga suyangan boʻlardi. Imomlarni tan olmaydigan ayrimlarda bu holat hozir ham namoyon boʻlmoqda.

Sahobalar ummatning eng afzal tabaqasi ekani qatʼiyan maʼlum. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Sizlarning yaxshilaringiz – mening zamonimdagilar. Soʻng ulardan keyin keladiganlar, soʻng ulardan keyin keladiganlar…” (Buxoriy rivoyati). Biroq ularning fazilatini dalil qilib, mujtahid ulamolarni chetga surish buzuq qiyosdir. Sahobalarning soʻzlarini har kim ham oʻz aqli bilan tushuntirib bera olmaydi. Shuning uchun Alloh ummatga olimlarni ato etgan. Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad, Imom Moturidiy kabi allomalar sahobalarga qarshi gap aytmagan, balki ular aytgan maʼnolarni tartiblab, himoya qilgan.

Imom Abu Hanifa rahimahulloh tobein boʻlib, sahoba va tobeinlardan ilm olgan. Fiqhni sahobalar qavli (soʻzi) va sunnat asosida tizimlagan. Imom Moturidiy rahimahulloh esa, ilmiy uslubda, dalillar bilan sahoba va tobeinlarning aqidasini bidʼat ahlidan himoya qilgan. Ular sahobalarga raqib emas, balki ularning ilmdagi vorislaridir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ulamolar nabiylarning merosxoʻrlaridir”, deganlar (Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja va Ahmad rivoyat qilgan).

Navaviy “Majmuʼ sharhul muhazzab” asarida mana bu rivoyatni keltirgan: “Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: “Kim faqihga aziyat yetkazsa, Rasululloh sollallohu alayh vasallamga aziyat yetkazibdi. Kim Rasululloh sollallohu alayh vasallamga aziyat yetkazsa, Alloh azza va jallaga aziyat yetkazibdi”. Bu yerda “aziyat yetkazish” deganda, jismoniy zarar emas, kamsitish, haqorat qilish, ilmini yengil sanash, obroʻsini tushirish nazarda tutiladi, albatta.

Ulamolarni haqorat qilish Paygʻambar sollallohu alayh vasallamning meroslarini kamsitishga, bu esa Alloh taoloning diniga hurmatsizlik qilishga olib boradi. Holbuki, islomni Alloh bandalariga qiyinchilik tugʻdirish uchun emas, rahmat oʻlaroq joriy etgan. Alloh taolo Moida surasining 6-oyatida bunday deydi: “Alloh sizlarga biror qiyinchilik (paydo) qilishni ravo koʻrmaydi, aksincha, sizlarni poklash va neʼmat(lar)ini sizlarga mukammal berishni xohlaydi, zora shukr qilsangiz”. Haj surasining 78-oyatida “Sizlarni (shu din uchun) U tanladi va dinda sizlarga biror tanglik (qiyinchilik) qilmadi” deydi.

Mazkur rivoyat “faqihlar xato qilmaydi” deb daʼvo qilish uchun emas, balki ularning ilmiy maqomini tan olish, ahli ilmni hurmat qilish, dinni tushunishda ularni chetga surmaslik lozimligini uqtiradi. Bu ulamolarga nisbatan odob saqlash, ilm ahlini qadrlash va shariat kimlar orqali saqlanib kelayotganini anglashga chaqiriqdir.

“Ular hamma narsani bilavermaydi” degan gap toʻgʻri, lekin buni asos qilib, ulamolarni chetga surib qoʻyish kerak emas. Alloh taolo: “Bilmasangiz, ilm ahlidan soʻrang” degan (Anbiyo surasi, 7-oyat). Bu umumiy va doimiy qoidadir. Yaʼni, bilmagan odam olimga murojaat qilishi lozim. Hech bir ahli sunna olimi oʻzini xatodan xoli deb bilmagan. Biroq bu iqror uning ilmiy hujjat ekanini inkor qilishga asos boʻla olmaydi.

Sahobalarning soʻzlarini ulamolarsiz “toʻgʻridan-toʻgʻri” olish daʼvosi amalda har kimning oʻz aqliga tayanib ish tutishini keltirib chiqaradi. Tarixda xavorij, moʻtazila va boshqa bidʼat firqalar aynan shunday shior bilan chiqqan. Ular sahobalarni tilga olgan, ammo sahobalar fahmini saqlab qolgan ilmiy yoʻldan uzoqlashgan.

Ulamolarni inkor qilish sahobalarni ulugʻlash emas, balki ularning gap va amallarini notoʻgʻri talqin qilishga yoʻl ochadi va ilmda havoi nafsga ergashishga olib boradi.

Ahli sunna val jamoa yoʻli Qurʼon, Sunnat, sahobalar fahmi va shu fahmni saqlab kelgan mutaqaddim (eng avvalgi) ulamolar yoʻlidir.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISLOMDA TENGLIK MASALASI (1-QISM)

Ijtimoiy tarmoqda “Ayollar sajdada tirsaklarini yerga tekkizishi va kaftlari burunlarining oldida turishi kerakmi. Ruku qilganda …