Home / FOTO LAVHALAR / Asrlar osha soʻnmas maʼnaviy mayoq

Asrlar osha soʻnmas maʼnaviy mayoq

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyuk mutafakkir, davlat arbobi va soʻz mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligiga bagʻishlangan “Sheʼriyat mulkining sultoni — 585 yoshda” mavzusidagi maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Markaz ilmiy xodimlari bilan bir qatorda Hadis ilmi maktabi talablari ishtirok etdi.

Tanlangan mavzu zamirida Navoiy dahosining nafaqat badiiy soʻz sanʼatkori, balki millat tafakkurini yangi bosqichga olib chiqqan ilmiy qudratiga boʻlgan ehtirom mujassam, zero Navoiy nafaqat turkiy tilning imkoniyatlarini dunyoga koʻrsatgan, balki qisqa fursat ichida hayratlanarli darajadagi ilmiy va ijodiy jasorat koʻrsatgan siymodir. Masalan, Hazratning “Xamsa”dek ulkan adabiy obidani 6 oy ichida yakunlagani adabiyot tarixidagi noyob hodisa sanaladi. Bunday shiddat Navoiyning nafaqat shoirlik, balki teran ilmiy tafakkur sohibi ekanligidan dalolat beradi.

Soʻzga chiqqanlar Alisher Navoiy ijodining ilmiy asoslari va uning Imom Buxoriy merosi bilan maʼnaviy mushtarakligi haqida qimmatli fikrlarni ilgari surdi. Taʼkidlanganidek, alloma asarlari mazmuniga islom falsafasi va hadis ilmi shu darajada chuqur singdirilganki, uning har bir gʻazali maʼnaviy poklik sabogʻi boʻlib xizmat qiladi. Ayniqsa, mutafakkirning “Arbain” asari bevosita hadislarga bagʻishlangani, uning ijodi muqaddas manbalardan suv ichganini ilmiy jihatdan isbotlaydi. Maʼruzachilar Alisher Navoiy merosini oʻrganishda zamonaviy internet texnologiyalari imkoniyatlari, raqamlashtirilgan qoʻlyozmalar va xalqaro ilmiy makondagi yangi tadqiqotlarga ham toʻxtalib oʻtdi.

Bugungi kunda Alisher Navoiy ijodiga murojaat qilish shunchaki adabiy anʼana emas, balki millatning oʻzligini anglashi va ona tilimiz sofligini saqlab qolishi yoʻlidagi maʼnaviy ehtiyojdir. Mutafakkir asarlarida tarannum etilgan insonparvarlik gʻoyalari besh asrdan buyon oʻz qiymatini yoʻqotmay kelayotgani, dunyoning turli nuqtalarida navoiyxonlik anjumanlari davom etayotgani ushbu merosning umumbashariy ahamiyatini koʻrsatadi. Tadbirda qayd etilganidek, mutafakkir maʼnaviy olami bilan tanishish uning dahosiga hurmat, boy merosiga nisbatan masʼuliyat hissini uygʻotadi.

Tadbir yakunida hazratning boqiy misralari jarangladi va buyuk mutafakkir ruhiga ehtirom koʻrsatildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Islom ulamolari merosiga bagʻishlangan amaliy muloqot

Islom olami mutafakkirlari boʻyicha 6-seminar (SSIC-2026)ni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan onlayn …