Home / MAQOLA / ISLOMDA TENGLIK MASALASI (2-QISM)

ISLOMDA TENGLIK MASALASI (2-QISM)

U yana soʻzi davomida savolga quyidagicha javob bergan:

“Agar oʻsha mazhabda mana shu toʻgʻri deb eʼtiqod qilgan boʻlsa, oʻsha mazhabga amal qiladi. Lekin dalil jihatdan olganda “Ayollar erkaklarni(ng) tengidir” hadisi bulardan koʻra quvvatli hisoblanadi. Dalil jihatdan qaraganda bilagini tekkizmasligi va tizzasini ham toʻgʻri qilishi quvvatli boʻlib koʻrinadi”.

Sodiq Samarqandiy Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan yuqoridagi hadisni namoz orasidagi bu farʼiy masalaga notoʻgʻri qiyos, notoʻgʻri taʼvil qilmoqda.

Aslida, hadisga koʻra, namoz oʻqish, roʻza tutish, zakot berish va haj qilish kabi bir qancha ibodatlarda ayollar erkaklar bilan tengdir. Yaʼni, erkaklarga bir kunda besh vaqt namoz qanday farz qilingan boʻlsa, ayollarga ham shunday miqdor farzdir. Bir oy roʻza erkaklarga qanday farz qilingan boʻlsa, ayollarga ham shunday farzdir. Zakot, haj va boshqa farz qilingan amallar ham shunga qiyos qilinadi.

Ammo, amallar ijrosida ayrim holatlarda ayollar bilan erkaklar amallarining farqi mavjud. Masalan, zakotni berishda mahrami orqali yetkazishi, haj ibodatida ehrom oʻrniga tikilgan kiyim kiyish mumkinligi, ularning ehromi kiyib yurgan kiyimlari ekani, shuningdek, namozda qiyomda turish, sajda qilish va qaʼdada turish kabi amallarda ham farq mavjud.

Hanafiy mazhabi ulamolarining sahoba va sahobiyalar ibodatlaridan andoza olib qilgan ijtihodiga koʻra, bu ikki xilqat sohiblari namoz oʻqish jarayonida ham farqlanadi. Namozda erkaklar oʻzlarida xushu-xuzu va tavoze bilan birga, gʻayrat va shijoatni namoyon etib tursa, ayollar xushuʼ-xuzuʼ va tavoze bilan birga, maʼsumalik va sharmu hayoni namoyon etib turadi.

Sodiq Samarqandiyning oʻz soʻziga dalil sifatida yuqoridagi hadisni keltirishi notoʻgʻri, uning qiyosi ham notoʻgʻri degan soʻzimizga yana dalil:

Tasavvur qiling! Anavi salafiy aytganidek, ayollar erkaklarga oʻxshab namoz oʻqisa!? Ayollar qiyomda qoʻllarini kindik ostiga qoʻyib, oʻsha salafiylarga oʻxshab oyoqlari orasini ochib yuborib tursa, sajdaga borganlarida tirsaklarini oʻzidan uzoqlashtirib, qoʻltiqlarini keng ochib, tizzalarini toʻgʻri qilib sajda qilsa!? Qanday boʻladi-yu, hanafiy mazhabida koʻrsatilganidek, namozga qoim boʻlganda qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, oyoqlari orasini imkon qadar yopib qiyomda tursa, tirsaklarini yigʻishtirib, qoʻltiqlarini yopib, tizzalarini bukib sajda qilsa?! Bu holat qanday boʻladi? Yuqorida aytilgan ikki holatda namoz oʻqiyotgan ikki ayolning qaysi birining ibodati goʻzal, qaysi birining ibodati farosatsiz ijro etilgan hisoblanadi? Xulosa sizdan.

Islom faqat amalni bajarishdan iborat emas. Amallarni bajarish ikki xildir. Birinchisi, amallarni Allohga mahbub boʻladigan darajaga olib chiqib, fahmu farosat bilan goʻzal tarzda bajarish. Ikkinchisi, shunchaki bajarsam boʻldi, deya pala-partish bajarish. Bu ikki holatdan birinchisi haqiqiy ibodat, ikkinchisi odatga aylangan ibodat deyiladi.

Soxta salafiylarning bu soʻzlari zamirida ham namoz eʼtiborga arziydigan narsa emas, pala-partish boʻlsa ham bir amallab yotib tursang boʻlaveradi, degan maʼno yotadi. Ularning bu soʻzlari ostida necha asrlar davomida xushuʼ-xuzuʼ va hayo bilan bajarib kelinayotgan ibodatni shunchaki kundalik odatga aylantirish harakati mavjud.

Agar yuqoridagi hadisda aytilgan islomda ayol va erkakning tengligini Sodiq Samarqandiy kabi tushunadigan boʻlsak, erkaklar ham ayollarga tenglikni daʼvo qilib, haj va umra qilganlarida ayollar kabi ehrom kiymasdan oʻz kiyimlarida qolishi yoki aksincha, ayollar ham haj va umrada erkaklar kabi ehrom kiyishi mumkin boʻlib qoladi. Shuningdek, yuqoridagi hadis uning tushunchasiga koʻra taʼvil qilinadigan boʻlsa, ayollarni erkaklarga oʻxshab kiyinishini ham islomdagi tenglik deb baholash mumkin boʻladi.

Demak, har bir musulmon Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadislarini toʻgʻri maʼnoda anglamogʻi lozim. Jumladan, yuqoridagi hadisdagi tenglik soʻzidan har bir xilqat sohibi oʻziga belgilab berilgan ilohiy mezonga amal qilishi kerakligi anglashiladi.

Din-diyonatga oid masalalar duch kelgan odamdan soʻrab oladigan masala emasligini yuqorida aytilgan javoblardan ham anlab olamiz. Shu oʻrinda muhtaram ayollarimizdan iltimos qilib qolar edikki, diningizga tegishli savollarni oʻzingiz tanimagan, bilmagan odamdan soʻramang. Aks holda, sizni notoʻgʻri yoʻlga boshqarib, ibodatingizning xarob qilib qoʻyishi, namozingizni ibodatdan odatga aylantirib qoʻyishi mumkin. 

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

FITNALARGA ARALASHIB QOLMANG!

Har bir davlatning fuqarolar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonuniy hujjatlari bor. Shu bilan birga, huquqni …