Ijtimoiy tarmoqda “Ayollar sajdada tirsaklarini yerga tekkizishi va kaftlari burunlarining oldida turishi kerakmi. Ruku qilganda tizzalari ozgina bukilish kerakmi,” deb soʻralgan savolga ayrim qoʻshtirnoq ichidagi olimlar: “Bu aytilgan gaplar Hanafiy mazhabini(ng) ijtihodlaridan. Daliliga baʼzi bir asarlar keltirilgan hanafiy fiqhida. Lekin asarlari sahih (e)mas, hujjat boʻladigan dalil emas. Ayollar oʻzi namoz masalasida “Ayollar erkaklarni(ng) tengidir”. Illo dalil ajratgan joylar, sahih dalil bilan ajratilsa, ajratiladi. Shuning uchun hozirgi aytilgan narsalar hanafiy mazhabning ijtihodi. Agar oʻsha mazhabda mana shu toʻgʻri deb eʼtiqod qilgan boʻlsa, oʻsha mazhabga amal qiladi. Lekin dalil jihatdan olganda “Ayollar erkaklarni(ng) tengidir” hadisi bulardan koʻra quvvatli hisoblanadi. Dalil jihatdan qaraganda tirsagini tekkizmasligi va tizzasini ham toʻgʻri qilishi quvvatli boʻlib koʻrinadi”, deb javob bergan.
Quyida yuqorida aytilgan bu javobni tahlil qilamiz, xulosa sizdan, aziz oʻquvchi!
Taʼkidlab oʻtish kerakki, sharʼiy masalalar javobida: “Bu aytilgan gaplar hanafiy mazhabini(ng) ijtihodlaridan. Daliliga baʼzi bir asarlar keltirilgan hanafiy fiqhida. Lekin asarlari sahih (e)mas, hujjat boʻladigan dalil emas”, kabi soʻzlar bilan inkor ohangida, mensimagan holda gapirish salafi solih ulamolarimizga nisbatan hurmatsizlik, past nazar bilan qarash sanaladi. Albatta, bunday ohangda gapirish ortida ularning oʻz maqsadi bor, yaʼni olimlarni behurmat qilish orqali turkiy tilda, xususan, oʻzbek tilida soʻzlashuvchi xalqning qon-qoniga singib ketgan hanafiylikni yoʻqotish maqsadi yotadi.
Olimlikni daʼvo qilib, salafi solihlar yoʻlini va ularning ibodatlarga oid bergan fatvolari haqida “asarlari sahihmas, hujjat boʻladigan dalil emas”, deyish uchun inson munofiq boʻlishi kerak. Sogʻlom fikrli musulmon kishi salafi solihlar haqida bunday soʻzlarni aytmaydi. Chunki, Imom Abu Hanifa 1 mln.ga yaqin hadisni sanadi bilan, Imom Ahmad ibn Hanbal esa 500 mingdan ortiq hadisni sanadi bilan yoddan bilganini eʼtiborga olsak, faqihlar ijtihodi oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolmaganini anglab yetamiz.
Bu fatvolarning vujudga kelishida Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari, sahobai kiromlar va tobeinlarning asarlari muhim asos boʻlib xizmat qilgan. Mujtahid ulamolarimiz oʻz fatvolariga oyat va hadislardan, sahoba va tobeinlarning soʻzlaridan ortiq yana qanday hujjatni manba qilib olishi kerak. Taʼlimni sahoba va tobeinlardan olgan Abu Hanifaning fatvolari sahih emas, zaif boʻlar ekan-da, taʼlimni Ibn Taymiyadan olgan mana bu odamlarning fatvolari sahih boʻlar ekan. Mantiqni qarang. Hayron qolasiz! Bunday kimsalar aytayotgan soʻzlarni aql tarozusiga qoʻymay qabul qilayotgan insonlarning oʻta soddaligi kishini yanada hayratga soladi.
Shubhasiz, mazhab peshvolari Qurʼoni karim va hadislar, har bir oyatning sababi nuzuli va har bir hadisning vorid boʻlish sabablari, tafsiri va taʼvillari bilan toʻliq yoddan bilgan. Mana shu bilim va salohiyati bilan bir qatorda, ularning har biri ulkan fahmu farosat sohiblari boʻlgan.
Imom Abu Hanifa oʻz fahmu farosatining yuksakligidan 600 mingdan ortiq voqelikdagi masalaning yechimini toʻgʻri topib, fatvo bergan va uni zamondosh ulamolari toʻgʻri deb topgan. Imom Abu Hanifa farosat va fahmining oʻtkirligidan hali voqelikda sodir boʻlmagan, ammo kelajakda yuz berishi mumkin boʻlgan 80 ming masalaning yechimini aytib bergan.
Salafi solihlar ilmu irfonning mana shunday yuksak choʻqqisiga yetib fatvo bergan. Shu sababli, ularning Qurʼoni karim va sunnati mutahharrodan ijtihod qilib chiqargan fatvolari asrlar osha musulmonlar uchun dasturil amal boʻlib xizmat qilib kelgan. Ahli sunna val jamoa musulmonlari bu toʻrt mazhab peshvolarining chiqargan fatvolarini toʻgʻri va haq deb hisoblaydi. Aslida ham shunday.
Endi oʻzini salafi solihlar yoʻlini tutganini daʼvo qilgan, aslida esa, salafi solihlarga qarshi goh oshkora, goh pinhona gapirayotgan kimsalar qancha hadisni yod bilar ekan. Komil ishonch bilan aytish mumkinki, ular 100 yoki 200 ta hadisni yoddan aytib berishi mumkin. Ammo, undan ortiq aytib bera olmaydi. Agar sanadi bilan aytib ber, deyilsa, toʻrt dona hadisni ham aytib bera olmasligi aniq.
Ular mana shunday sayoz bilimi bilan ahli sunna val jamoa ulamolari haq deb bilgan mazhabni inkor qilib, sharʼiy masalalarda ijtihod qilmoqda. Ular shunday bilimi bilan rojih marjuh qilib fatvo bermoqda. Bunday holatda ijtimoiy tarmoqda fatvo berayotgan, koʻrinishidan olim, aslida savodsiz kimsalarni Abu Hanifa rahimahulloh bilan qiyoslashning hojati yoʻqdir.
Bunday kimsalar fikrini oʻziga oʻxshagan savodsiz kimsalar maʼqullamasa, ahli sunna val jamoa ulamolaridan birortasi ularning soʻzini tasdiqlamaydi.
Salafi solih ulamolarimiz va mujtahidlarimiz toʻplagan ilmni toqqa qiyos qilsak, bunday kimsalar bilimi goʻyo isteʼmolga yaroqsiz bir dona tuxum kabidir. Majoziy maʼnoda aytganda, ular oʻziga ergashgan kimsalarga palagʻda tuxum yedirmoqda.
Yuqoridagi qiyosimizning haqiqat ekaniga yana bir dalil shuki, asrlar osha mazhab peshvolari va mujtahid ulamolar ijtihodi musulmonlar tomonidan istifoda qilib kelinmoqda.
Mazhab peshvolari va mujtahid ulamolarga tosh otayotgan bunday “olimlar”ning fatvolari esa ularning bu dunyodan ketishi bilan yoki undan ham oldin musulmonlar nazaridan chetda qoladi. Chunki, tarixda islom dini dushmanlari tomonidan muqaddas dinimizga tosh otuvchi yuqoridagiga oʻxshash chalasavod olimlar koʻplab tayyorlangan va bu holat davom etaveradi.
Bir vaqtlar oʻzini hanafiy hisoblagan bu shaxsning “Ayollar oʻzi namoz masalasida erkaklarni(ng) tengidir”. Illo dalil ajratgan joylar, sahih dalil bilan ajratilsa, ajratiladi. Shuning uchun hozirgi aytilgan narsalar hanafiy mazhabining ijtihodi”, degan soʻzlari zamirida hanafiylar fatvosiga amal qilmasangiz ham boʻlaveradi, degan maʼno yotadi. Bundan esa, uning qalbida hanafiy mazhabiga nisbatan nafrat mavjud ekanini anglash mumkin.
Javobda zikr qilingan: “Ayollar erkaklarning tengidir” hadisiga toʻxtalamiz. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
عن عائشةَ أمِّ المؤمنين رَضِىَ اللهُ عَنْها قالَتْ: قال النَّبيُّ ﷺ : إِنَّمَا النِّسَاءُ شَقَائِقُ الرِّجَالِ مَا أكرَمَهُنَّ إلّا كرَيمٌ وَمَا أهَانَهُنَّ إلّا لَئِيم.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Albatta, ayollar erkaklarning ikkinchi yarmidir (yaʼni tengidir).”[1] Bu hadisning vorid boʻlish sababi uyquda ehtilom boʻlib qolish va undan gʻusl qilish masalasi boʻlib, bunda ayollar erkaklar bilan teng ekanligi, agar ular uyquda ehtilom boʻlib qolsa, erkaklar kabi ularga ham gʻusl vojib boʻlishi aytilgan. Bu hadis zamiridagi hukm boshqa ibodatlarga ham qiyos qilinadi.
Shuningdek, ushbu hadis islomda erkaklarning qanday imtiyozlardan foydalanish huquqi boʻlsa, ayollarning ham shunday huquqqa ega ekanini anglatadi. Ayrim oʻrinlarda, xususan, jazoning ijro etilishida ayollar huquqi erkaklar huquqidan yuqori qoʻyiladi, hatto, jinoyatga jazo berishda erkak kishiga berilmaydigan imtiyozlar ayollarga berilgan. Chunki, hadisning davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ayollarni faqat hurmatli kishilargina hurmat qiladi, ularni faqat pastkash kishilargina xorlaydi”, deganlar. Alloh taolo Qurʼoni karimda ham ularga nisbatan yaxshi muomalada boʻlishga buyuradi:
﴿وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ﴾
“Ular bilan totuv turmush kechiringiz”[2].
Darhaqiqat, islom dinida har bir jon egasi, jumladan, inson zotining huquqlari ham kafolatlangan va tabiatga zarar bermaslikka buyurilgan. Xususan, oyat va hadislarga muvofiq ayolning haqi qattiq himoyalangan. Islom zulmning har qanday koʻrinishiga qarshi boʻlgan tenglik dinidir. Ayol va erkak huquqiy masalalarda ilohiy mezonga binoan tengdir. Ammo, bu ayollar erkaklarga berilgan huquqdan, erkaklar esa ayollarga berilgan huquqdan foydalanishi mumkin, degani emas. Alloh taolo Oʻzining ilohiy mezoni bilan erkak va ayolning har birining huquqini oʻzlarining xilqatiga munosib ravishda aniq chegaralar bilan belgilab qoʻygan.
Shu sababli ayrim oʻrinlarda erkaklar (masalan, harbiy ishlar, ogʻir mehnat, oilani boshqarish) ustun boʻlsa, ayrim oʻrinlarda ayollarning huquqlari erkaklardan ustundir (masalan, oila qurishda ayolning mahr olishi, oʻzi ishlab topgan pulini oilasiga ishlatmaslik huquqi, ogʻir ishlarga jalb etish mumkin emasligi, hayz va nifos holatlarida namozning soqit boʻlishi, farzandlar zimmasida onalar haqining otalarga nisbatan uch barobar ortiqligi, ayol jinoyat sodir etsa, jazoga tortilishda bir qator yengilliklar berilgani kabilarni aytish mumkin).
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





