Salomlashishning toʻqqiz odobi bor.
Birinchisi: Ikki moʻmin birbiriga roʻbaroʻ kelsa, xoh tanish, xoh notanish boʻlsin, bir-biriga salom berishi sunnatdir.
Ikkinchisi: “Assalomu alaykum” deb salom berish kerak. “Assalomu alayka” yoki “Salom alaykum” deyilmaydi.
Uchinchisi: Alik olish yolgʻiz kishi uchun farzi ayn, koʻpchilik uchun farzi kifoyadir. “Va alaykum assalom” deb darhol alik olish kerak. Agar kechiktirsa yoki javobini salom bergan kishi eshitmasa, farz soqit boʻlmaydi. Agar ikki kishi bir-biriga birinchi boʻlish maqsadida salom bersa, agar biri avval, biri keyin voqe boʻlsa, alik olingan boʻladi. Agar ikkala salom ham bir paytda voqe boʻlsa, alik oʻrniga oʻtmaydi va ikkisi ham alohida alik olishi kerak.
Toʻrtinchisi: Agar kishi bir jamoa moʻminlarning oldiga kirsa, bir kishini xoslab (alohida ajratib) salom bermaydi. Balki barchaga teng salom beradi. Ammo koʻchada va bozorda bir kishini xoslab salom berish joiz. Agar jamoa bir kishiga salom bersa, oʻsha kishi alik olishda jamoaning hamma aʼzolarini nazarda tutishi kerak. Agar ulardan birini xoslab alik olsa, qolganlarning salomiga alik olinmagan hamda farz soqit boʻlmagan boʻladi. Agar bir kishi tanishiga boshqa kishidan salom aytib yuborsa, xabarchi u kishining salomini yetkazgan zahoti alik olishi vojib. Xabarchining javobini salomga qoʻshmaslik mustahabdir. “Va alayka va alayhi, va alaykumus salom” deyish kerak. Agar maktubda salom bitilgan boʻlsa, xuddi shu shaklda javob qaytarish lozim.
Beshinchisi: Salom berayotib boshni quyi qilmaslik kerak. Qoʻl, kift (yelka) yoki bosh bilan ham ishora qilmaydi. Agar shunday qilsa, bu juda xunuk holatdir. Oltinchisi: Roʻparadagi kishi eshitishi uchun salomni baland ovozda berish kerak. Salom beruvchiga eshittirib alik olish kerak. Agar kar kishiga salom berilsa, ham ovoz chiqarish, ham qoʻl bilan ishora qilish zarur. Agar qoʻl bilan ishora qilinmasa va kar kishi buni eshitmasa, unga javob lozim emas. Agar kar kishi salom bersa, javobda ham talaffuz, ham ishora qilinadi. Agar gung kishiga salom berilsa, u kishi qoʻl bilan ishora qilib alik olsa, farz soqit boʻladi. Agar gung kishi salom bersa, til bilan alik olinib, ishora ham qilinsa, farz soqit boʻladi.
Yettinchisi: Yoshi ulugʻ kishi kichikka, otliq piyodaga, yurib ketayotgan kishi oʻtirgan kishiga, ozchilik koʻpchilikka salom beradi.
Sakkizinchisi: Erkak kishi nomahram ayolga salom bermaydi va nomahram ayolning salomiga alik olmaydi. Agar ular (nomahram ayollar) koʻpchilik boʻlsa, ularga salom berish yoki salomlariga alik olishning zarari yoʻq. Shuningdek, yoshi oʻtgan keksa ayol, kampirga salom berish, salomiga alik olish joiz.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





