Home / FOTO LAVHALAR / Murojaatnoma mazmun-mohiyati oʻrganilmoqda

Murojaatnoma mazmun-mohiyati oʻrganilmoqda

5-fevral kuni Hadis ilmi maktabida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini chuqur oʻrganish va ilmiy tahlil qilishga qaratilgan maxsus oʻquv kursiga start berildi. Yurtimizdagi diniy taʼlim muassasalari, oliy va oʻrta maxsus diniy taʼlim maskanlari talabalari uchun moʻljallangan ushbu kurs Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Milliy yuksalishning Yangi Oʻzbekiston modeli” nomli dastur va oʻquv qoʻllanmasi asosida tashkil etildi.

Ikki kun davom etadigan mazkur mashgʻulotlar jami 12 soatlik dasturni qamrab olib, kunlik 6 soatdan, oflayn shaklda oʻtkazilmoqda. Oʻquv kursining asosiy diqqat markazida Murojaatnomada belgilab berilgan strategik vazifalarning mohiyatini talaba-yoshlarga yetkazish masalasi turadi. Dastur doirasida dastlabki amaliy maʼruza mashgʻulotlari “Mahalla – Yangi Oʻzbekiston islohotlarining asosiy boʻgʻini: infratuzilmaviy rivojlanish va ijtimoiy qiyofani yangilash” mavzusi bilan boshlandi. Darsni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi J.Jumayev olib bordi.

Mashgʻulot davomida mahalla tizimini rivojlantirishning Murojaatnomada belgilangan ustuvor yoʻnalishlari, xususan, “mahallabay” ishlash tizimi orqali aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy infratuzilmani sifat jihatidan yangilash hamda mahallaning davlat va jamiyat oʻrtasida koʻprik sifatidagi rolini mustahkamlash masalalari tizimli tahlil qilindi. Shuningdek, darsda mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy muhit barqarorligini taʼminlash va yoshlar tarbiyasida diniy soha vakillarining ishtiroki kabi dolzarb vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Oʻquv dasturi diniy taʼlim muassasalari talabalarida Prezident Murojaatnomasida ilgari surilgan “Inson qadri uchun” tamoyilining hayotiy ifodasini anglash va islohotlar mohiyatini ilmiy baholash koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Interfaol muloqot esa talabalarga milliy taraqqiyot istiqbollari va mahalla institutining jamiyat hayotidagi ahamiyatini ilmiy-nazariy jihatdan tizimlashtirish imkonini bermoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Tariqat yoʻli va Markaziy Osiyoda maʼnaviy anʼanalar

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 3-fevral kuni Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi …