Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 42-sonli umumtaʼlim maktabida yoshlar orasida maʼnaviy-maʼrifiy muhitni mustahkamlash, ularni turli yot gʻoyalar taʼsiridan asrash maqsadida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Unda maktabning yuqori sinflarida tahsil olayotgan 200 nafardan ziyod oʻquvchi ishtirok etdi.

Tadbir davomida oʻquvchilarga ilm-maʼrifatning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni, yoshlarning maʼnaviy kamoloti, shuningdek, jaholat va mutassiblikning salbiy oqibatlari haqida atroflicha maʼlumot taqdim etildi.

Markaz ilmiy xodimi B.Mahmudov ochiq muloqot, savol-javob va hayotiy misollar orqali yoshlarning mavzuga qiziqishini oshirib, ularda mustaqil fikrlash va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratdi.

Tadbir ishtirokchilari bunday maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar yoshlarda bilim olishga ishtiyoqni kuchaytirishi, ularning dunyoqarashini kengaytirishi hamda hayotda ongli qaror qabul qilish koʻnikmasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida eʼtirof etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





