Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / HALOLLIK VA ADOLAT eskirgan tushunchami?

HALOLLIK VA ADOLAT eskirgan tushunchami?

“Barqaror jamiyat” deganda, odatda, iqtisodiy oʻsish, siyosiy tizimning mustahkamligi yoki xavfsizlik masalalari tilga olinadi. Biroq tarixiy tajriba va ijtimoiy tahlillar shuni koʻrsatadiki, bu omillar oʻz-oʻzidan barqarorlikni taʼminlamaydi. Iqtisodiy resurslar yetarli boʻlgan, ammo maʼnaviy meʼyorlar zaiflashgan jamiyatlarda inqiroz, norozilik va ichki ziddiyatlar yuzaga kelgan holatlar kam emas.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, barqarorlik faqat tashqi tizimlar bilan emas, jamiyat aʼzolarining oʻzaro munosabatlarini tartibga soluvchi maʼnaviy ustunlar bilan taʼminlanadi. Bu ustunlar inson xulq-atvorini ichki nazorat orqali boshqaradi, ijtimoiy muhitda esa umumiy meʼyorlarni shakllantiradi. Ana shunday asosiy maʼnaviy tayanchlar orasida halollik va adolat alohida oʻrin tutadi. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti haqida soʻz ketar ekan, uning maʼnaviy arxitekturasida aynan shu ikki qadriyatning oʻrnini qaytaqayta tahlil qilish zarur.

Halollik, avvalo, insonning ichki nazorati, yaʼni vijdoni bilan bogʻliq holatdir. U tashqi majburiyat bilan emas, ichki masʼuliyat bilan amal qiladi. Halol inson suiisteʼmolga moyil boʻlmaydi, omonatga xiyonat qilmaydi, haqidan ortigʻini oʻziniki deb bilmaydi. Bu xususiyatlar yakka shaxs doirasida qolib ketmaydi: ular oila muhitiga, kasbiy munosabatlarga va oxir-oqibat, jamiyatning umumiy axloqiy iqlimiga ijobiy taʼsir qiladi. Halollik ijtimoiy muhit orqali shakllanadigan fazilatdir. U qoʻllab-quvvatlangan, ragʻbatlantirilgan joyda kuchayadi, befarqlik hukm surgan muhitda esa soʻnib boradi.

Ajdodlarimiz halollikni faqat moliyaviy munosabatlar bilan cheklamagan. Ilmda xolislik, soʻzda rostgoʻylik, niyatda poklik, xizmatda masʼuliyat alohida qadrlangan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislarda ham halol rizq va omonatdorlik ijtimoiy barqarorlikni taʼminlovchi eng muhim fazilatlar sifatida taʼkidlanadi.

Halollik shaxsning ichki dunyosiga daxldor boʻlsa, adolat jamiyat hayotini tartibga soluvchi umumiy meʼyor vazifasini bajaradi. Adolat ustuvor boʻlgan joyda qonuniylik mustahkamlanadi, fuqarolik hamjihatligi shakllanadi, qonunga munosabat majburiyat emas, ehtiyojga aylanadi. Tarixda inqirozga uchragan davlatlarning aksariyatida iqtisodiy resurslardan koʻra adolat mezonlarining zaiflashishi hal qiluvchi omil boʻlgan.

Adolatni faqat sud yoki jazo mexanizmi sifatida tushunish uning mazmunini cheklaydi. Aslida, u imkoniyatlarda nisbiy tenglik, mehnat natijasini xolis baholash, inson qadriga hurmat va ijtimoiy muvozanatni saqlash kabi keng tushunchalarni oʻz ichiga oladi. Alisher Navoiy ham oʻz ijodida adolatli boshqaruvni davlat barqarorligi va xalq farovonligi uchun asosiy shart sifatida qabul qiladi. Adolatsizlik esa ijtimoiy ziddiyat va muhim resurslarning zaiflashishiga olib borishini taʼkidlaydi.

Zamonaviy ijtimoiy fanlarda ham halollik va masʼuliyat jamiyat barqarorligining muhim omili sifatida qaraladi. Ijtimoiy tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, oʻzaro ishonch muhiti shakllangan, muomalada shaffoflik ustuvor boʻlgan jamiyatlarda iqtisodiy oʻsish surʼatlari ham, ijtimoiy hamjihatlik darajasi ham yuqori boʻladi. Chunki bunday jamiyatlarda odamlar oʻz energiyasini himoyaga emas, hamkorlik va rivojga sarflaydi.

Shu maʼnoda, halollik axloqiy fazilat bilan cheklanmaydigan ijtimoiy resursdir. U vaqtni tejaydi, kelishmovchiliklarga oʻrin qoldirmaydi, oʻzaro hamkorlikni osonlashtiradi. Adolat esa ushbu resursni toʻgʻri taqsimlaydigan, uning samarali ishlashini taʼminlaydigan mexanizm vazifasini bajaradi. Biri ichki maʼnaviy sogʻlomlikni, ikkinchisi esa tashqi muvozanatni taʼminlaydi.

Globallashuv davrida manfaatparastlik, tez keladigan foyda ortidan quvish, maʼnaviy boʻshliq kabi omillar aynan shu qadriyatlar uchun jiddiy sinov boʻlib turibdi. Shu sababli, barqarorlikni taʼminlash faqat iqtisodiy islohotlar yoki huquqiy choralar bilan cheklanib qolmasligi lozim. Masalaga maʼnaviymaʼrifiy yondashuv, ayniqsa, yosh avlod ongida halollik va adolatni hayotiy meʼyor sifatida shakllantirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Halollik va adolat hech qachon eskirmaydigan ijtimoiy zaruratdir. Bu ikki tushuncha kimgadir yuklanadigan shior yoki faqat davlat zimmasidagi vazifa emas. Ular har bir insonning kundalik qarorlarida, kasbiy faoliyatida va ijtimoiy munosabatlarida namoyon boʻladigan shaxsiy masʼuliyatdir. Jamiyat barqarorligi yuqoridan emas, insonning oʻz vijdonidan boshlanadi. Har kim oʻz burchini halol ado etsa, adolatni faqat talab qilmay, oʻzi ham unga rioya etsa, jamiyatdagi koʻplab muammolar oʻz-oʻzidan yechim topadi.

Shu maʼnoda, barqaror jamiyat qurish yoʻli uzoqdan emas – har birimizning vijdonimizdan, halol niyatimizdan va adolatli amalimizdan boshlanadi. Ana shu yoʻlni tanlasak, jamiyatimiz fozil, kelajagimiz porloq boʻladi.

Shovosil ZIYODOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari doktori, professor
Manba: “Jadid gazetasi 2026 yil 30-yanvar, 5 (109)

Check Also

Xilma-xillik sharoitidagi hamjihatlik — taraqqiyot manbai

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Leybnis nomidagi Zamonaviy sharqshunoslik markazi (Germaniya) ilmiy xodimi Leyla Almazova …