Home / FOTO LAVHALAR / Tariqat yoʻli va Markaziy Osiyoda maʼnaviy anʼanalar

Tariqat yoʻli va Markaziy Osiyoda maʼnaviy anʼanalar

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 3-fevral kuni Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo – Islom madaniyati va sanʼati oʻchogʻi” ilmiy loyihasi doirasida navbatdagi onlayn seminar oʻtkazildi. Unda IRCICAning xalqaro munosabatlar boʻyicha maslahatchisi, professor, dr. Ashirbek Moʻminov “Tasavvuf tarixini tadqiq etishdagi yangi yondashuv va uslublar” mavzusida maʼruza qildi.

Seminarda Markaz ilmiy xodimlari, IRCICA vakillari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, OʻzFA Sharqshunoslik instituti, Toshkent islom instituti olimlari, Samarqand va Buxorodagi oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari va talabalari, shuningdek Turkiya, Misr va Qozogʻistondan tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Maʼruzada Xoja Ahmad Yassaviy merosini tadqiq etishda shakllangan anʼanaviy va shoʻro davriga xos qarashlar tanqidiy tahlil qilinib, soʻfiylik tarixini oʻrganishda yangi, kompleks va manbashunoslikka asoslangan yondashuvlar zarurligi taʼkidlandi. Qayd etilganidek, soʻnggi qariyb 80-90 yil davomida Yassaviy taʼlimoti cheklangan holda – asosan “Dyevoni hikmat” asari orqali oʻrganilgan. Xoja Ahmad maktabiga oid boshqa muhim qoʻlyozma manbalar ilmiy muomaladan chetda qolgan.

Maʼruzachi ilmiy dalil sifatida mazkur asarning XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Qozon, Istanbul, Buxoro va Toshkentda bir necha bor nashr etilganini, ulardagi hikmatlar soni va tarkibi farqlanishini qayd etdi. Jumladan, Iosif Gotvaldning ilk bosma nashrlarida 65-70 ta hikmat mavjud boʻlgan, keyingilarnikida esa 140 tadan oshgan. Bu esa “Dyevoni hikmat”ni yagona va oʻzgarmas matn sifatida qabul qilish borasidagi qarashlarni ilmiy jihatdan qayta koʻrib chiqish lozimligini koʻrsatadi.

Shuningdek, Ahmad Yassaviy shaxsiyati nafaqat tariqatchi, balki tarixiy shaxs, milliy qahramon va xalq maʼnaviy xotirasida muqaddas timsol sifatida shakllangan koʻp qirrali obraz ekani ilmiy manbalar asosida yoritildi. Shoʻro davri tadqiqotlarida Yassaviy taʼlimoti “geterodoks islom”, yaʼni rasmiy islom taʼlimotidan farq qiluvchi shakllar va shamanizm yo zardushtiylik qoldiqlari bilan bogʻlangani ilmiy jihatdan asoslanmagani taʼkidlandi.

Maʼruzada yana bir muhim masala – yassaviya taʼlimotini oʻrganishda turkologiya va iranistika (turkiy va eronzabon xalqlarning til, tarix va madaniyatini oʻrganuvchi ilmiy yoʻnalishlar) orasidagi uzilishlarga eʼtibor qaratildi. Professor Moʻminov bu sohalarni yaqinlashtirish orqali Markaziy Osiyoda islom madaniyati yoyilishining real tarixi va mexanizmlarini xolis oʻrganish mumkinligini qayd etdi.

Seminar yakunida soʻfizm tarixi Markaziy Osiyo xalqlarining maʼnaviy merosi, islom sivilizatsiyasi taraqqiyoti va mintaqaning tarixiy oʻzligi bilan uzviy bogʻliq ekani alohida taʼkidlandi. Ishtirokchilar Yassaviy merosini oʻrganish boʻyicha yangi qoʻlyozmalarni ilmiy muomalaga kiritish, xalqaro tadqiqotlarni muvofiqlashtirish va hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Xilma-xillik sharoitidagi hamjihatlik — taraqqiyot manbai

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Leybnis nomidagi Zamonaviy sharqshunoslik markazi (Germaniya) ilmiy xodimi Leyla Almazova …