TOʻY VA MAʼRAKA MAROSIMLARINI OʻTKAZISH XUSUSIDA
Soʻnggi yillarda xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va anʼanalarini oʻzida aks ettirgan toʻy, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishda isrofgarchilik, xalqimizning milliy urf-odatlari va anʼanalariga hurmatsizlik kabi illatlar koʻzga tashlanmoqda. Oʻrganishlar tahlili ushbu sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda. Xususan, ayrim fuqarolar dabdabali toʻy marosimlari va ularni oʻtkazishga sarflanadigan katta xarajatlar tufayli qarzga botmoqda va oqibatda turli koʻngilsizliklar roʻy bermoqda.
Chunki baʼzi fuqarolar toʻy, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlarni dabdaba bilan oʻtkazishni qoʻshnilar va qarindoshlar tomonidan boʻladigan tanqidlardan, qoralashdan, umuman olganda, ijtimoiy tazyiqdan xalos boʻlish vositasi sifatida tushunmoqda. Vaholanki, bunday tadbirlar yaqin qarindoshlar oʻrtasida turli ziddiyatlarga olib kelmoqda.
Aksariyat aholi, ayniqsa, xotin-qizlar ongida toʻy, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlarda qiz tomonning sarf-xarajatlari qanchalik yuqori boʻlsa, qaynona-kelin munosabatlari shunchalik yaxshi boʻladi, degan notoʻgʻri tasavvur tobora mustahkamlanib bormoqda.
“Nikoh toʻy”, “xatna toʻy” va turli yoshlarda nishonlanadigan yubiley toʻylaridan tashqari “charlar”, “aqiqa”, “muchal toʻyi”, “qiz majlis”, “kuyov chaqiriq”, hayitda “kelin koʻrish” kabi turli toʻy va marosimlar ommalashib, katta sarf-xarajat talab qiluvchi tadbirga aylanib bormoqda.
Bunday toʻy va marosimlarning kim oʻzarga oʻtkazilishi shunday tadbirlarni oʻtkazishga moʻljallangan hashamatli toʻyxona va restoranlar qurilishini avj oldirib, katta biznesga aylanib ketdi. Aksariyat toʻyxona egalari ixcham va kamxarj oʻtkazish niyatida boʻlgan fuqarolardan toʻy, oilaviy tantana, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishda belgilangan qoidalarga zid ravishda toʻy xarajatlarini sunʼiy ravishda ikki-uch baravar oshirib, ehtiyojdan ortiq noz-neʼmatlarni toʻy dasturxoniga qoʻyib, katta isrofgarchilikka yoʻl qoʻymoqda. Bunday tantanalarda sanʼatkorlar qimmat narxda xizmat koʻrsatmoqda. Turli shou chiqishlaridagi milliy qadriyat va urf-odatlarimizga zid xatti-harakatlar yoshlar tarbiyasiga putur yetkazmoqda.
Mazkur beqaror vaziyat ming-minglab oilalarning hayoti va ijtimoiy ahvoliga, qolaversa, jamiyatimizda qaror topgan maʼnaviy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatib, buning natijasi oʻlaroq oilaviy nizo va ajrimlar ortmoqda.
Biroq bunday marosimlarni tashkil etayotgan shaxslarda tadbirlarni yanada hashamatliroq joylarda oʻtkazishga, yutuqlarini koʻz-koʻz qilishga, moddiy mavqei bilan maqtanishga intilish ham kuchayib bormoqda. Shu bois, toʻy, oilaviy tantana va maʼraka marosimlarni oʻtkazish bilan bogʻliq ushbu ziddiyatli vaziyatni bartaraf etish maqsadida 2019-yil 14-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori eʼlon qilindi[1]. Ushbu qaror asosida “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni
oʻtkazishni tartibga solish toʻgʻrisidagi” Nizom tasdiqlandi. Mazkur Nizom toʻy va boshqa marosimlarni oʻtkazish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishga hamda xalqimizning milliy urfodatlari, maʼnaviyati, madaniyati, anʼanalari va qadriyatlarini hurmat qilishga, jamoat tartibini saqlashga, fuqarolar huquqlarini himoya qilishga, oilaviy tadbirlarni oʻtkazishda shuhratparastlik, dabdaba va isrofgarchilikning oldini olishga qaratildi.
Muqaddas dinimiz barqaror hayot kechirish uchun tejamkor boʻlish va isrofdan saqlanishga buyuradi. Bunga amal qilgan ota-bobolarimiz har bir neʼmatni eʼzozlab, ularni uvol qilmaslikka uringan. Aslida toʻy va maʼraka marosimlarida haddan oshish va isrofga yoʻl qoʻyish savob oʻrniga gunoh orttirishga sabab boʻladi.
Chunki Alloh taolo insonlarni turli millat va elat shaklida yaratib, ularga Yer yuzini makon qilib berdi va behisob neʼmatlarni ato etdi. Bu neʼmatlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, isrofga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi. Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Bu borada Qurʼoni karimda bunday buyurilgan:
“…Shuningdek, yenglar, ichinglar, (lekin) isrof qilmangizlar! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmaydi”[2].
Qurʼoni karimda isrofning zarari, isrof qiluvchining mazammati haqida bir qancha oyatlar bor. Alloh taolo aytadi:
“(Baxillik qilib) qoʻlingizni boʻyningizga bogʻlab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda oʻtirib qolursiz”[3].
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver”, deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Faxri koinot aytganlaridek: “Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga oʻtmanglar”, “Kim hayotda tejamkor boʻlsa, zinhor qashshoqlikka tushmaydi”.
Lekin taassuflar boʻlsinki, bugungi kunga kelib, aksariyat hollarda toʻy, maʼraka va marosimlarda isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilmoqda. Yeyishga yaroqli koʻplab noz-neʼmatlar uvol boʻlmoqda. Bunday toʻy va marosimlarni oʻtkazgan xonadonlar boshiga qarzdorlik balosi, oilaviy ajrim kabi ogʻir kulfatlar tushmoqda.
Birgina nahorgi oshga bir necha yuzlab mehmonlarga toʻkin dasturxon yozilmoqda. Toʻy kelar, sabzi toʻgʻrar, nikoh bazmi, charlar, chaqiriq, hayit, undan keyin qovurdoq, beshiktoʻy kabi turfa yangi marosimlar urfga kirmoqda. Shuningdek, qimmatbaho mebel, hashamatli parda va sarpolar sovgʻa qilish majburiyatga aylanmoqda.
Aslida toʻy va marosimlarga sarflanayotgan ortiqcha mablagʻlar yoshlarning kelajak hayotida asqatadigan ilm olishiga, kasb-hunar oʻrganishiga, kam taʼminlangan yaqinlar ehtiyojiga sarflansa, ajru savobi koʻp boʻladi. Chunki Alloh taolo insoniyatga hayot, sogʻliq, oila, mol-mulk kabi ulkan neʼmatlar inʼom etish bilan birga, ulardan toʻgʻri foydalanishga ham buyurgan.
Qurʼoni karimda bunday marhamat qilinadi: “Soʻngra ana oʻsha Kunda, albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) neʼmatlar toʻgʻrisida soʻroq qilinursizlar!”[4].
Shunday ekan, halol mehnat ortidan topilgan boylikning xayrli ishlarga, avvalo, koʻmakka muhtoj insonlar ehtiyojlariga sarflanishi chinakam saxovatdir. Hazrat Navoiy “Hurmatga loyiq odamlar muhtojlikka tushib qolsa yoki keksalik tufayli kasb-hunar qila olmay qolsa va tilanishga tili bormasa, ularga rahm qilmoqni gʻanimat bil va qoʻlingdan kelganicha ehson qil. Lekin yigit kishining qoʻlidan ketmon chopish kelsa, oʻtin tashimoqni uddalasa, unga ehson qilgan kishi Alloh molini zoye qilgan boʻladi”[5], deydi. Yana taʼkidlaydiki, “Isrof qilish saxovat emas, oʻrinsiz sovurishni aqlli kishilar saxiylik demaydilar. Halol molni kuydirganni devona deydilar, yorugʻ joyda sham yoqqanni aqldan begona deydilar”[6].
Bundan ehson va xayr-saxovatni amaldor va puldorlarga emas, balki miskin va muhtojlarga qilish lozim ekanini anglash mumkin.
Nikoh toʻyi sunnat marosimlardan boʻlib, toʻy marosimi kuyov tomonidan kelin sharafiga uyushtiriladi va ularning nikohi eʼlon qilinadi.
Chaqaloqning tugʻilishi bilan bogʻliq aqiqa marosimi ham sunnat amallardandir. Mazkur marosim oilada yangi tugʻilgan farzand va uning onasi haqiga shukrona sifatida oʻtkaziladi.
Toʻy va marosimlarni ixcham, kamtarona oʻtkazish azaldan targʻib etib kelingan. Jumladan, Abdurauf Fitrat: “Nikoh er-xotinning hayotda sheriklik qilishining ahdu paymon bitimi boʻlib, uni shodonlik va xursandchilik bilan oʻtkazish lozim. Toʻy munosabati bilan bir qator yor-birodarlar yigʻilgan holda xursandchilik qilib, samimiy suhbat qilsa, albatta, ular oʻrtasidagi mehr ziyoda boʻladi. Buning ustiga, qancha miskin va muhtoj odamlar shu mavrid bilan toʻy neʼmatlaridan bahramand boʻladi. Shu sababli, toʻy foydali marosimdir. Lekin toʻy foydali boʻlsa ham, uni oʻtkazishda chegaradan oshish zarardan boshqa narsa emas”[7], deb yozadi.
Xalqimizda marhumlar xotirasini yod etish bilan bogʻliq uch, yetti, yigirma, qirq, yil, payshanbalik va yakshanbalik kabi marosimlarni oʻtkazish ham ommalashmoqda. Baʼzida maʼraka marosimlari toʻyxona va restoranlarda yuzlab mehmonlarga toʻkin dasturxon yoziladi. Aslida bu kabi marosimlarni oʻtkazish shariatda belgilanmagan.
Shuningdek, haj va umra ziyoratini ado etib qaytganlar orasida osh berish yoki amri-maʼruf oʻtkazish odat tusiga kirgan. Lekin shariatda biror ibodat amalini bajargandan keyin osh berish lozimligi aytilmagan. Vaholanki, ushbu amalni bajarish orqali kishi oddiy bandalik vazifasini oʻtaydi, xolos. Xulosa oʻrnida ulugʻ mutafakkir Umar Hayyomning quyidagi toʻrtligini keltiramiz:
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





