Samarqand va unga yondosh mintaqalarda koʻplab olimlar yashab, ijod qilgan. Ularning aksariyati mahalliy aholi orasidan yetishib chiqqan. Boshqa mintaqalardan ilm talabida kelganlar ham Samarqanddagi ilmiy muhitning yanada rivojlanishiga munosib hissa qoʻshgan. Shu bois ularning merosini oʻrganish hozirgi kundagi dolzarb masalalardan biridir.
Samarqand ilmiy maktabining yorqin vakillaridan biri Nosiruddin Samarqandiydir. Alloma Qoraxoniylar davlatining yetuk olimidir. XI asr oxiri, XII asr birinchi yarmida yashagan. Umrining aksariyatini Samarqandda oʻtkazgan. Zamondoshlari orasida aqida olimi, faqih, tarixnavis, mutasavvif sifatida mashhur boʻlgan.
Manbalarda Samarqandiyning 17 ta asari haqida maʼlumot mavjud. Ularning 10 tasi fiqhga doirdir. Shuning uchun ham olim koʻproq faqih sifatida tilga olinadi. Bundan tashqari, aqida, tarix, axloq ilmi boʻyicha ham asarlar yozgan. Mazkur asarlardan 6 tasi bugungi kungacha yetib kelgan. Ularning uchtasi ustida tadqiqotlar olib borilgan va nashr qilingan.
Olimning fiqhiy qarashlarini “Kitab al-multaqot”, “Al-Fiqhun nafeʼ”, “Jomi al-fatovo” nomli asarlari orqali oʻrganishimiz mumkin. Aqidaviy qarashlari haqida esa “Fath al-gʻolaq fit tavhid” asaridi maʼlumot beriladi. Mazkur asarlarda olimning chuqur bilim sohibi ekani, ayniqsa, oʻzi yashab turgan mintaqa dunyoqarashidan kelib chiqib, fatvo berganini koʻramiz. Xususan, “Kitab al-multaqot” asarida Samarqand urfiga katta eʼtibor qaratgan. Oila, savdo singari masalalarda aholi ishlatadigan mahalliy iboralarning sharʼiy hukmlarini ochib bergan. Movarounnahr ulamolaridan juda koʻplab iqtibos keltirilgani ham alloma asarlarining oʻziga xos jihatidir.
Alloma qarashlari haqida Olim ibn Aloning “Al-Fatovo Tatarxoniya”, Ibn Obidinning “Raddul muxtor”, Ibn Nujaymning “Al-Bahrur roiq”, Ali ibn Usmon Oʻshiyning “Al-Fatovo Sirojiya”, Boboqushchi Abdurahmon Afandining “Boʻstanush shaqoiqun noʻmon”, Dada Xalifaning “Risala fi amvali baytil mal” asarida ham toʻxtab oʻtilgan.
Tadqiqotda tizimlilik, nazariy-deduktiv xulosa chiqarish, analiz va sintez, tarixiylik va mantiqiylik hamda qiyosiy tahlil kabi metodlardan foydalanilgan.
Nosiruddin Samarqandiyning toʻliq ismi Abulqosim Nosiruddin Muhammad ibn Yusuf ibn Ali Alaviy Husayniy (Hasaniy) Madaniy Samarqandiydir [2:1813]. Manbalarda olimning kunyasi Abulqosim, baʼzi oʻrinlarda esa Abulqutun tarzida keltirilgan [14:113]. Nasabi Imom Husayn yoki Imom Hasanga borib taqalgani uchun Husayniy yoki Hasaniy nisbasini ham olgan [16:17]. Madaniy nisbasi olimning uzoq muddat Madinada yashagani bilan bogʻliq [16:18]. Samarqandiy nisbasi uning tugʻilib, voyaga yetgan, taʼlim olgan va buyuk ulamo sifatida yetishib chiqishiga sabab boʻlgan Samarqand shahri uchun berilgan. Manbalarda “U Samarqand ahlidan” [15:409] degan qayd tez-tez uchrab turadi.
Nosiruddin Samarqandiyning hayoti haqida maʼlumotlar yetarli emas. Oʻzining asarlari, tabaqot va tarojim kitoblaridagi maʼlumotlarga koʻra, olim Samarqandda tugʻilgan, shu yerda taʼlim olgan va shu shaharda vafot etgan.
Allomaning vafot tarixi manbalarda turlicha koʻrsatilgan. Samarqandiy qalamiga mansub “Kitab al-multaqot”, “Jomi al-fatovo”, “Fath al-gʻalaq” kabi asarlarda va tarjimayi hol haqidagi boshqa kitoblarda allomaning 1161-yilda vafot etgani qayd etilgan.
Hoji Xalifa “Kashfuz zunun”da olimning “Masobih as-subul”, “Al-Fiqhun nofiʼ” nomli asarlari haqida maʼlumot bergan holda uni 1258-yilda vafot etganini yozgan.
Boshqa asarlari haqidagi maʼlumotlarda esa 1161-yilni koʻrsatgan. Shu va boshqa aksar manbalardagi maʼlumotga tayangan holda olim 1161-yilda olamdan oʻtganini xulosa qilish mumkin [2:361].
Manbalarda qayd etilishicha, Nosiruddin Samarqandiy zindonda vafot etgan va bunga uning magʻrur feʼli, haqiqat oldida hech kimni ayamasligi sabab qilib koʻrsatilgan. Joyi kelganda sultonga ham oʻz fikrini dadil bildirgani, olimlarni qattiq tanqid qilgani uchun hibsga olingan Samarqandiy zindonda vafot etadi. Laknaviy uning qatl qilinganini aytgan [2:361]. Shu sababli ayrim manbalarda olimning nomiga “shahid” atamasi qoʻshilganini koʻrish mumkin [15:409].
Allomaning hayoti siyosiy beqaror davrga toʻgʻri kelgan. XI-XII asrlarda Movarounnahr shiddatli muhorabalar, siyosiy ziddiyatlar qarshisida qolgan edi. Bu vaqtga kelib 840-yilda tashkil topgan Qoraxoniylar davlati oʻta kuchsizlangan, Sharqiy Qoraxoniylar davlati va Gʻarbiy Qoraxoniylar davlatiga boʻlib ketgan edi [16:135]. Ayni damda tez surʼatda yuksalib kelayotgan Saljuqiylar davlati bilan qoraxoniylar oʻrtasida ixtilof ortgan edi.
1089-yil ikki turk davlati oʻrtasidagi jangda Saljuqiylar sultoni Sulton Sanjar Qoraxoniylar qoʻshinini yengib, Gʻarbiy Qoraxoniylar davlati ortidan Sharqiy Qoraxoniylar davlatini oʻz hukmi ostiga oladi. Biroz oʻtib, hali bu mojarolar sovib ulgurmasdan Movarounnahr qoraxitoylar hujumiga uchraydi. 1137-yildagi Xoʻjand atrofida boʻlib oʻtgan jangda saljuqiylarga tobe Qoraxoniylar davlati tor-mor etiladi va mintaqa qoraxitoylar tasarrufiga oʻtadi. 1141-yilda dushmanga qarshi birlashgan saljuqiylar-qoraxoniylar qoʻshini ham yengiladi [9:86].
Nosiruddin Samarqandiyning hayoti mintaqani avval qoraxoniylar, keyin saljuqiylar, undan keyin qoraxitoylar idora etgan davrga toʻgʻri kelgan. Biroq saljuqiylar ham, qoraxitoylar ham Qoraxoniylar davlatini tugatmagan, balki oʻziga tobe davlat sifatida qoldirgan.
1143-yil qoraxitoylar podshosi vafot etishi bilan mintaqa yana saljuqiylar tasarrufiga oʻtadi. Samarqandiy hayotining soʻnggi davrlarida esa mintaqani xorazmshohlar egallaydi.
Davr siyosiy jihatdan beqaror boʻlsa-da, ilmiy-madaniy jihatdan ahvol yomon boʻlmagan. Ilm-maʼrifat rivojlanishda davom etgan, Buxoro va Samarqand islom olamining ilmiy markazi darajasini hamon saqlab kelayotgandi.
Samarqandiyning ustoz va shogirdlari haqida tarjima hol kitoblarda aytarli maʼlumot uchramaydi. Bu haqda olimning oʻzi yozgan kitoblardan, ustoz va shogirdlarining asarlaridan ayrim xulosalarni chiqarish mumkin.
Muallif “Al-Multaqot” asarida toʻqsonga yaqin ulamodan iqtibos keltirgan. Ularning ichida oʻziga zamondosh juda koʻplab faqihning ismi oʻrin olgan. Shamsulaimma Saraxsiy (vaf.1090), Abul Yusr Pazdaviy (vaf. 1100), Najmiddin Umar Nasafiy singari zamondosh olimlar ichidan faqat uch kishini “shayxim” deb atagan. “Shayx” termini koʻpincha ustozga nisbatan qoʻllangani bois, quyida nomlari zikr etiladigan faqihlarni Samarqandiyning ustozi boʻlganini taxmin qilish mumkin.
Mahmud ibn Abdulaziz Oʻzkandiy (vaf. XII asr boshi). Olim Shamsulaimma Saraxsiyning shogirdi, mashhur hanafiy faqihi Qozixon Oʻzkandiyning (vaf. 1196) bobosidir [2:342]. Manbalardan uning “Al-Favaid fi furuil hanafiya” nomli asar yozgani maʼlum [23:1301]. Samarqandiy “Al-Multaqotda”: “Shayximiz Qozi Mahmud ibn Abdulaziz mana shunday fatvo berdi”, deb uning ustozi ekaniga ishora qilgan [18:454].
Samarqandiy “shayxim” deb atagan faqihlardan yana biri Alouddin Mahmud ibn Masʼud Margʻinoniydir [18:180]. Abdulqodir Qurashiy “Javahirul muziya”da alloma “Al-Fatovo” nomli asar yozganini qayd etgan [15:451].
Olim “Al-Multaqot”da “Shayximiz Alouddin Mahmud ibn Masʼud Margʻinoniy shunday dedi”, deganiga koʻra, u Margʻinoniyning fatvosini bevosita eshitgan va bu ikki olim oʻrtasida ustoz-shogird munosabati boʻlgan.
“Al-Multaqot”da alloma “shayxim” deb atagan faqihlarning uchinchisi Shayxulislom Ali ibn Muhammad Isbijobiydir (vaf.1140). Samarqand muftiysi va shaharning peshqadam ulamosi boʻlgan Isbijobiy oʻz zamonida hanafiy fiqhining eng bilimdoni sifatida tanilgan edi. Uning shogirdlari orasida “Hidoya” muallifi Burhoniddin Margʻinoniy ham borligi ahamiyatga molik. Olimning “Sharhul muxtasarit tahoviya” [10:213], “Kitabuz zad” [11:697], “Al-Mabsut” [2:209] singari asarlari maʼlum.
Manbalarda Nosiruddin Samarqandiyning shogirdi sifatida yagona nom uchraydi. Sirojiddin Ali ibn Usmon Oʻshiy oʻzining “Al-Fatavous Sirojiya” va “Nisabul axbar” nomli asarida Samarqandiyni oʻzining ustozi sifatida zikr qilgan. “Nisabul axbar”da yozishiga koʻra, u ustozidan Zindovastining “Ravzatul ulamo”, Qosim ibn Salomning “Gʻoribu Abu Ubayda”, Muhammad ibn Ahmad Marvaziyning “Al-Iqno” asaridan dars olgan.
Nomlari zikr etilgan buyuk ustozlardan taʼlim olgan Samarqandiy oʻz ortidan nomiga xos katta ilmiy meros qoldirgan. Alloma haqida maʼlumot berilgan adabiyotlarda uning 20 ga yaqin asar yozgani qayd etilgan. Eʼtiborlisi, ularning 11 tasi hanafiy fiqhiga oiddir.
Mazkur asarlardan 6 tasi bugungi kungacha yetib kelgan:
- Kitab al-multaqot yoki Al-Multaqot fil fataval hanafiya. Asarda allomaning saralangan fatvolari jamlangan boʻlib, bir jilddan iborat [18:487].
- Al-Fiqhun nafeʼ. Furuul fiqhga doir keng qamrovli bu asar faqihlar tomonidan eʼtirof etilgan, doimiy murojaat qilingan qimmatli kitoblardan biridir. Asar Ibrohim Abbud tomonidan tahqiq etilib, olti jildda nashr qilingan [17].
Asarga Abu Barakot Nasafiy “Al-Mustasfo” nomli sharh yozgan va bu sharh ham bizning davrimizga qadar yetib kelgan. Uning zamonaviy nashri mavjud [3].
- Al-Jomiul kabir fil fatovo. Manbalarda asarning nomi “Jomi al-fatovo” shaklida ham kelgan [22:565]. Asarning qoʻlyozma nusxasi Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi Malik Saud universiteti kutubxonasida №.1827 raqam bilan saqlanmoqda [9].
- Fath al-gʻolaq fit tavhid. Kalom ilmiga doir bu asar bugungi kungacha saqlanib qolgan. Qoʻlyozma nusxasi Turkiyadagi Sulaymoniya kutubxonasida №.3142 raqami ostida saqlanadi.
Mutashobih oyatlar talqiniga bagʻishlangan asar oʻz mohiyatiga koʻra ayni mavzuda hozirgi kungacha yetib kelgan yagona asardir. Asar Oʻzkan Shimshak va Yusuf Arikaner tomonidan oʻrganilgan va nashr etilgan [21:1340].
- Kitabul ihqof (ihqoq). Asar Qurʼon ilmlariga bagʻishlangan [23:1386]. Samarqandiyning “Al-Fiqhun nafeʼ” asari tadqiqotchisi Abbud Brokkelmandan havola keltirib, bu asarning qoʻlyozma nusxasi Germaniyadagi Berlin kutubxonasida №.728 raqami ostida saqlanishini taʼkidlagan [17:17].
- Riyozul axloq. Manbalar bu asarning odob-axloq va tasavvuf masalasiga doir ekanini yozadi [22:938]. Asarning ikkita qoʻlyozma nusxasi maʼlum. Birinchisi, Saudiya Arabistonidagi Malik Muhammad Hasan ibn Hamza Zohir shaxsiy kutubxonasida, ikkinchisi Suriyadagi “Zohiriya” kutubxonasida 11139 raqami ostida saqlanadi [13:37].
Samarqandiyning aksar asarlari, afsuski, bizgacha yetib kelmagan. Binobarin, yozma manbalarda quyidagi asarlar ham olimga mansub deb keltirilgan:
- Al-Misdoq. Kalom ilmi haqida yozilgan bu asar haqida Husamiddin Sigʻnoqiyning “At-Tasdid fi sharhit Tamhid” nomli asarida maʼlumot berilgan hamda juda koʻp iqtibos keltirilgan [24:64].
- 2. Sharhun nafiʼ. Alloma Ali Qori Samarqandiyning shunday asari boʻlganini va bu asarni muallif oʻzining “Al-Fiqhun nafeʼ” asari sharhiga bagʻishlaganini yozgan [4:638].
- Masobihus subul. Ikki jildli fiqh ilmiga doir asar [10:229].
- Qonun fil furuʼ. U ham fiqh ilmiga oid asarlardan biridir [23:1313].
- An-Manshur fil furuʼ. Bu ham fiqhga doir asardir [23:1861].
- Mabsut. Ibn Obidin “Uqudu rasmil muftiy” asarida hanafiy mazhabi asosida yozilgan mabsut asarlarni sanash barobarida: “Ulardan biri sayyidimiz Nosiruddin Samarqandiyning mabsutidir”, degan va uni Imom Muhammad, Jurjoniy, Halvoniy, Saraxsiyning mabsuti singari moʻtabar kitoblar bilan birga zikr qilgan. Bu esa asarning ahamiyatiga ishoradir [14:113].
- Xulasatul muftiy fil furuʼ. Hoji Xalifa Nosuriddin Samarqandiyning fiqh ilmiga oid shu nomli asari borligini qayd etgan [22:717].
- Kitabul vofiy. Nosuriddin Samarqandiy bu asari haqida oʻzining “Al-Fiqhun nafiʼ” asarida maʼlumot bergan. Asarning “Daʼvo” bobida er-xotin masalalariga doir hukmlarni ochiqlar ekan: “Bu haqda “Vofiy”da batafsil bayon qilganmiz”, deb yozadi. Bu esa, olimning shu nomdagi asari boʻlganini bildiradi [17:1212].
- Bulugʻul eʼrob min tahqiqi istiaratil arab. Bu asar arab tili va balogʻati haqidadir [11:194].
- Tarixu Balx. Samarqandiyning tarix haqidagi mazkur asari boʻlganini “Al-Fiqhun nafiʼ”ni tahqiq qilgan Ibrohim Abbud va bu asarning sharhi boʻlgan “Al-Mustasfa”ni tahqiq qilgan Gʻomidiy “Mashayixu Balx minal hanafiya” nomli asarga tayanib maʼlum qilgan [3:20].
- Kitabul ihsaf. Bu asar haqida birgina Laknaviy “Al-Favaidul bahiya”da soʻz yuritgan boʻlib, mazmun-mohiyati, qaysi fanga doir ekani xususida maʼlum qilmagan [2:360]. Tadqiqotchi B.Muxtarov mazkur asarni “Kitabul ihqof”ning boshqacha nomlanishi, yaʼni ikkisi bitta asar ekanini yozgan [13:39].
- Asʼila va ajviba. Savol-javob janrida asar yozgan koʻplab olimlar qatorida Nosiruddin Samarqandiyning ham nomi mavjud [13:46].
Samarqandiyning bugungacha yetib kelgan asarlaridan biri “Kitab al-multaqot” mazhab doirasida muhim ahamiyatga ega fatvo asaridir. “Maol al-fatovo” nomi bilan ham atalgan bu asar Samarqandiyning “Al-Jomiul kabir fil fatovo” nomli boshqa bir kitobidan qisqartirib olingan.
“Al-Multaqot” (الملتقط) “laqota” (لقط) oʻzagidan kelib chiqqan boʻlib, “topish”, “har yerdan, turli joylardan toʻplash” degan maʼnoni bildiradi. Bunga koʻra asarni “Hanafiy mazhabidagi saralangan fatvolar” shaklida tarjima qilish maqsadga muvofiq.
Asar bugungi kunda u qadar mashhur boʻlmasa-da, oʻz davrida anchayin shuhrat qozongan va unga faqihlar koʻp murojaat etgan. Nosiruddin Samarqandiydan keyin yashagan ulamolar oʻz asarlarida “Al-Multaqot”dan koʻplab iqtibos keltirgan. Masalan, Olim ibn Alo (vaf.1384) “Al-Fatovo Tatarxoniya”da [20:174], Ibn Obidin (vaf.1836) “Raddul muxtor”da, Ibn Nujaym (vaf.1563) “Al-Bahrur roiq”da [5:480], Ali ibn Usmon Oʻshiy “Al-Fatovo Sirojiya”da [8:19], Boboqushchi Abdurahmon Afandi (vaf.1576) “Boʻstanush shaqoiqun noʻmon”da [6:1786], Dada Xalifa (vaf.1567) “Risala fi amvali baytil mal”da [1:298] Nosiruddin Samarqandiyning fatvolariga oʻrin bergan.
“Kitab al-multaqot”ning qoʻlyozma nusxalari u qadar koʻp emas. Aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, mavjud qoʻlyozmalar Turkiyaning Istanbul shahridagi “Sulaymoniya” kutubxonasida №.575, “Domadzoda” kutubxonasida №.1056-1057 raqam ostida saqlanadi.
Asarning zamonaviy nashri Sayyid Yusuf Ahmad va Mahmud Nassor tomonidan 2000-yil Bayrutda chop etilgan.
“Al-Multaqot” “kitob” nomi berilgan 40 boʻlim va “matlab” nomi berilgan 315 bobdan tashkil topgan bir jildli fatvo asaridir. Asarning boshqa fatvo kitoblari bilan taqqoslanganda nisbatan qisqa ekani koʻzga tashlanadi.
Muallif mavzularni bayon qilishda oʻziga xos uslub tanlagan. Kitobni oʻqish davomida asarda odamlar bergan savollarga qisqa javoblar toʻplangan yoki boshqa asarlardagi kamchiliklarni toʻldirish maqsadida yozilgan, deb xulosa qilish mumkin. Negaki:
– Fatvolar juda qisqa va aksariyat oʻrinlarda hukmlar orasida bogʻliqlik yoʻq.
– Muallif kitob yoki bob avvalida mazkur kitob yoki bobga taʼrif bermagan, mavzuga doir kirish qilmagan, toʻgʻridan toʻgʻri hukmlarni bayon qilgan.
– Hukmlar batafsil, tartibli bayon qilinmagan.
– Baʼzan bir mavzu ichida unga aloqasi boʻlmagan boshqa bir mavzuni koʻrish mumkin.
Ehtimol, shu sababdan asar 1207-1219-yillar davomida Majduddin Ustrushaniy (vaf. 1240-yildan keyin) tomonidan tartiblangan boʻlishi mumkin. Ustrushaniy asarning tarqoq mavzularini tartibga keltirib, “Tajnisu masail al-multaqot” yoki “Tartib al/multaqot” deb atagan. Mazkur asar qoʻlyozmasi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Manbalar xazinasida №.283 raqami ostida saqlanmoqda [13:46].
Arab tilida yozilgan asarning koʻplab oʻrinlarida forscha kalimalar qoʻllangan. “Nikoh” kitobidan boshlab, “taloq”, “qasam”, “savdo”, “siyar”, “hiba”, “sadaqa”, “iqror”, “vasiyat” kitobida koʻplab forscha jumlalarni uchratish mumkin. Muallif forsiyzabonlar ham yashaydigan Samarqand shahri urfidan kelib chiqib, shunday uslub tanlagan boʻlishi mumkin.
“Al-Multaqot” hukmlar qisqa shaklda bayon qilingan fatvo asar ekani sabab unda bayon qilingan aksar masalalarning manbasi zikr etilmagan. Bu esa ayrim manbalarda “Al-Multaqot”da dalillarga oʻrin berilmagani zikr qilinadi [5:480]. Aslida, bir necha oʻrinda Qurʼon, sunnat, qiyos, istihson, urf va sahobalar vositasidagi dalillar alohida keltirilgan.
Muallif Qurʼondan dalil keltirar ekan, soʻzini “li qavlihi taala” deb boshlaydi va oyatning faqat masalaga tegishli qismini keltiradi. Asarda jami 15 ta oyat dalil qilingan.
Asarda dalil qilingan hadislarda baʼzi istisnolardan tashqari ularning sanadi yoʻq. Ayrim oʻrinlarda hadisning maʼnosi rivoyat qilingan.
Asardagi 10 ta oʻrinda “qiyosan” termini ishlatilgan va hukmlar shunga oʻxshash boshqa bir hukmga muqoyasa qilingan.
Shuningdek, istihson dalili 41 oʻrinda kelgan. Oz boʻlsa-da, “sahoba” soʻzi va urf dalillari ham mavjud.
Bir mazhab yoki faqihning fiqhini tushunish uchun u qoʻllagan istilohlarni yaxshi tanib olish lozim. Ayniqsa, tarjih va fatvoga oid soʻzlar mutlaqo ajratib olinishi kerak. Aks holda, rojih hukm oʻrniga marjuhni, fatvo berilgan hukm oʻrniga rad etilganni olish xavfi paydo boʻladi [7:107].
Nosiruddin Samarqandiy ham “Al-Multaqot”da bir qancha fiqhiy terminlardan foydalangan. Ularning bir qismi mazhab imomlariga doir istilohlar, qolgani “fatvo belgilari” deb nomlanuvchi tarjih (afzal koʻrilgan) lafzlardir. Mazhab imomlariga tegishli istilohlar quyidagilardan iborat:
- asʼhabuna /أصحابنا, (mazhabimiz peshvolari);
- mashoix /مشايخ, (shayxlar, ustozlar);
- mashoixu Balx مشايخ بلخ/, (Balx ustozlari);
- ahli Samarqand /أهل سمرقند, (Samarqand ahli);
- ulamoi Samarqand /علماء سمرقند, (Samarqand ulamolari);
- mutaqoddiminالمتقدمون/, (ilk davr ulamolari);
- mutaaxxirinالمتأخرون/ (keyingi davr ulamolari).
“Fatvo belgilari” deb nomlanuvchi tarjih lafzlari esa quyidagilardir:
- haza indanaهذا عندنا/, (bu bizning nazdimizga koʻradir);
- bihi naqulبه نقول/, (biz buni aytamiz);
- alayhil fatvoعليه الفتوى/, (fatvo shunga berilgan);
- qavlu asʼhabinaقول أصحابنا/, (peshvolarimizning qarashi);
- kasirun min mashaixinaكثير من مشايخنا/, (ustozlarimizning aksari);
- bihi axozaبه أخذ/, (shuni olgan);
- bihi naʼxuzuبه نأخذ/, (biz ham shuni olamiz);
- haza ahsanu ma samiʼnaهذا أحسن ما سمعنا/
(bu eshitganlarimizning eng sarasi).
Sanab oʻtilgan istilohlarning har biri oʻziga xos maʼnoni anglatadi.
Tarjih lafzlari qoʻllanilmagan, fatvolar tartiblanmagan oʻrinlarda Nosiruddin Samarqandiy quyidagi oʻziga xos uslubdan foydalangan:
– Mazhab imomlaridan kimning fatvosini olgan boʻlsa, faqat uning ismini zikr etgan, boshqa qarash va ixtiloflarni keltirmagan.
– Birinchi Abu Hanifa, keyin Abu Yusuf, undan soʻng Imom Muhammadning fatvolari singari ilmiy tartibga rioya qilmagan.
– Ayrim oʻrinlarda Zufar ibn Huzayl, Hasan ibn Ziyod qarashlarini keltirgan.
- Baʼzi hukmlarni bayon qilganidan keyin ortidan “xilofan” lafzini keltirish orqali, masala ixtilofli ekani, ikkinchi tarafning farqli qarashlari borligini eslatib oʻtgan.
Asarda oz boʻlsa-da, boshqa mazhab, xususan, molikiylik va shofeiylik fatvolarini koʻrish mumkin. Hanbaliylik mazhabi fatvolari esa uchramaydi.
Nosiruddin Samarqandiy baʼzi hukmlar ustida bahs yuritgandan keyin molikiy va shofeiylarning fatvolarini [18:40] misol tariqasida sanab oʻtadi.
Muallif asarda mazhab imomlari va keyingi davr ulamolaridan iqtibos keltirish bilan birga, oʻz qarashlarini alohida ifodalagan. Fatvolarini bayon qilishda “qolal abd” [18:34] (“ojiz banda dedi”) terminini qoʻllagan. Mazkur termin kitobning 49 yerida uchraydi.
Muallif oʻzining fatvolarini bayon qilishda oʻziga xos odobga rioya qilgan. Birinchi mazhab imomlarining yoki ulardan keyingi davr ulamolarining qarashlarini keltirib, undan keyin oʻzi toʻgʻri deb bilgan hukmlarni ochiqlagan.
Nosiruddin Samarqandiy “Al-Multaqot”da oʻndan ziyod fiqhiy asarlardan iqtibos keltirgan va bir qancha faqihlar qarashiga oʻrin bergan.
Iqtibos keltirilgan asarlar orasida Imom Abu Yusufning “Kitabul javomiʼ”i, Imom Muhammadning hadis ilmiga oid “Kitabul osor”, zohirur rivoya tipidagi asarlaridan “Mabsut”, “Jomius sagʻir”, “Siyarul kabir”, “Ziyodot”, nodirur rivoya tipidagi “Kaysoniyot”, Xassofning “Maxorijul Xassof”, Abu Zayd Shurutiyning “Ash-Shurut”, Hishom ibn Ubaydullohning “Navodirul Hishom”, Abu Bakr ibn Yoqubning “Ixtilaful fuqaho”, Faqih Abu Lays Samarqandiyning “Navozil”, Hilol ibn Yahyoning “Ahkomul vaqf” asari kabilar bor.
Iqtibos keltirilgan olimlar sirasiga tobein tabaqasidan boshlab, XII asrga qadar yashagan 80 ga yaqin faqih joy olgan.
Muallif Abu Hanifa, Abu Yusuf, Imom Muhammad, Imom Zufar, Hasan ibn Ziyoddan tashqari, Kufa, Iroq Xuroson va Movarounnahr olimlaridan naql qilgan.
Asarda Imron ibn Husayn, Qozi Shurayh, Said ibn Musayyib singari tobeinlar;
Nuh ibn Maryam, Abdulloh ibn Muborak, Abu Muqotil Samarqandiy singari Abu Hanifaning shogirdlari;
Abu Sulaymon Juzjoniy, Xalaf bin Ayyub, Abu Hafs Kabir singari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadning shogirdlari;
Abu Jaʼfar Tahoviy, Abulqosim Saffor, Abulhasan Karxiy, Abu Lays Samarqandiy, Halvoniy, Saraxsiy, Pazdaviy singari buyuk faqihlar fatvolari naql qilingan.
Mazkur faqihlar ichida eng koʻp Abu Jaʼfar Hinduvoniyning qarashlariga oʻrin berilgan boʻlib, olimning ismi 80-marta zikr etilgan.
Ikkinchi oʻrinda Abulqosim Safforning qarashlari 42-marta tilga olingan.
Uchinchi oʻrinda 33 fatvo bilan Muhammad ibn Salama joy olgan. Abu Lays Samarqandiyning esa 30 ta fatvosi sanab oʻtilgan.
Asarda nomi zikr etilgan 82 olimning 66 nafari haqida manbalarda aniq maʼlumot mavjud. Mazkur 66 olimning 7 tasi Kufa, 11 tasi Bagʻdod, 22 tasi Xuroson, 26 tasi Movarounnahr ulamolaridir.
Nosiruddin Samarqandiy ilmiy merosi bugungi kun uchun nisbatan yangi nom. Ilmiy jamoatchilik bu nom bilan tom maʼnoda oʻtgan asrning soʻnggi yillarida tanishishni boshlagan, ungacha uning nomini ayrim maqolalardagina uchratish mumkin edi.
Allomaga mansub asarlar ilk bor 2000-yilda nashr etilgan. Mazkur yilda uning “Kitab al-multaqot” va “Al-Fiqhun nafeʼ” asarining zamonaviy-tanqidiy nashrlari dunyo yuzini koʻrgan.
“Fathul gʻolaq fit tavhid” asari 2020-yilda chop qilingan. “Jomiul fatovo”, “Kitabul ihqof”, “Riyozul axloq” hanuz qoʻlyozma holatida qolmoqda.
Taʼkidlash lozimki, olimning bizgacha yetib kelgan asarlari juda qimmatlidir. “Kitab al-multaqot” boshqa fatvo asarlarida uchramaydigan ayrim hukmlarga javob berilgani, xususan, Samarqand urfiga koʻproq urgʻu qaratilgani bilan oʻziga xos hisoblanadi.
“Al-Fiqhun nafiʼ” keng qamrovli, ravon tilli furuul fiqh asaridir. “Fathul gʻolaq fit tavhid” esa hozircha mutashobih oyatlar talqiniga oid bizga maʼlum yagona asar boʻlib turibdi. Ayni shu jihatdan qoʻlyozma holida qolayotgan mazkur asarlarning nashr etilishi alloma ilmiy merosi qadrini yanada oshiradi.
Oʻzbekistonda alloma merosini oʻrganishga allaqachon qoʻl urilgan. Uning ilmiy merosi haqida tizimli oʻrganish tadqiqotchi Bekzodbek Muxtarov tomonidan amalga oshirilgan. Tadqiqotchi “Nosiruddin Samarqandiyning “Al-Fiqhun nofiʼ” asari hanafiy fiqhiga oid muhim manba” mavzusida dissertatsiya himoya qilgan va “Nosiruddin Samarqandiy va “Al-Fiqhun nofiʼ” asari” nomli risola nashr etgan.
“Kitab al-multaqot” boshqa fatvo asarlariga nisbatan moʻjaz boʻlib, bir qancha mavzular yoritilmay qoldirilgani maʼlum. Bundan tashqari, asarda odatda eʼtiborni tortmaydigan hukmlarga ham alohida ahamiyat qaratilgan.
Muallif oʻzi istiqomat qilgan hudud urfiga jiddiy eʼtiborli boʻlgan. Bu uning oʻz asarida bir qancha forsiy iboralardan foydalangani bilan izohlanadi. Alloma hanafiylik mazhabi asosini tashkil etgan Imom Muhammadning zohirur rivoya tipidagi asarlaridan iqtiboslar keltirgani, Abu Sulaymon Juzjoniy, Xalaf bin Ayyub, Abu Hafs Kabir singari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadning shogirdlari, Abu Jaʼfar Tahoviy, Abulqosim Saffor, Abulhasan Karxiy, Abu Lays Samarqandiy, Halvoniy, Saraxsiy, Pazdaviy singari buyuk faqihlar fatvolariga oʻrin bergani asarning ilmiy qimmatini yanada oshiradi.
Buyuk faqih Abu Jaʼfar Hinduvoniyning fiqhiy qarashlariga katta oʻrin ajratilgani kitobni mazhab doirasida yanada muhim darajaga koʻtargan. Asar ustida tadqiqot olib borish va uni ilmiy muomalaga kiritish hanafiy mazhabi manbalar doirasining kengayishiga xizmat qiladi.
- Abdulxoliq Uygʻur. Dada Xalifaning “Risala fi amvali baytil mal” asarining tahqiqi va tahlili. // Tahqiq islomiy bilimlar tadqiqot va nashr jurnali, 2022. – J. 5/1.
- Abdulhay Laknaviy. Al-Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya. – Bayrut: Dorul arqam, 1998.
- Abu Barakot Hofizuddin Abdulloh ibn Ahmad Nasafiy. Al-Mustasfo. – Ar-Riyod: Ummul quro, 2011.
- Abulhasan Nuriddin ibn Ali ibn Sulton Muhammad Qori. Al-Asmarul janiya fi asmail hanafiya. – Iroq: Markazul buhus val dirasatul ilmiya, 2009. – J 2.
- Ahmet Oʻzal. Samarqandiy, Muhammad ibn Yusuf. Turkiya diyonat vaqfi islom ensiklopediyasi. – J. 36. – Istanbul: TDV, 2009.
- Ahmet Furat. Koʻzga tashlanmagan bir fatvo majmuasi: // Boʻstonu shaqoiqun Noʻmon. Jumhuriyat ilohiyot jurnali, 2017. – J. 21/3.
- Ahmet Yaman. Fatvo usuli va odobi. – Istanbul: M.U. IFAV, 2019.
- Zarkunbai Sabitov. Al-Fatovos Sirojiya nomli asari misolida Ali ibn Usmon Ushiyning fiqh ilmida tutgan oʻrni. – Istanbul: Marmara universiteti, 2015.
- Ziyadulla Muqimov. Oʻzbekiston davlati va huquqi tarixi. – T.: Adolat, 2003.
- Ibn Qutlubugʻo. Tojut tarojim. – Damashq: Dorul qalam, 1992.
- Ismoil Posho Bogʻdodli. Izahul maknun fiz zayli ala Kashfuz zunun an asmail kutub val funun. – J.1. – Bayrut: Daru ihyait turosil arabiya.
- Ismoil Posho Bogʻdodli. Izahul maknun fiz zayli ala Kashfuz zunun an asmail kutub val funun. – J.2. – Bayrut: Daru ihyait turosil arabiya.
- Muxtarov B. Nosiruddin Samarqandiyning “Al-Fiqhun nofiʼ” asari – hanafiy fiqhiga doir muhim manba. – T.: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, 2021.
- Muhammad Amin ibn Obidin. Uqudu rasmil muftiy. – Qohira: Dorul ihson, 2018.
- Muhyiddin Abu Muhammad Abdulqodir ibn Muhammad Abulvafo Qurashiy Hanafiy. Javohirul muziya fi tabaqotil hanafiya. – J.3. – Ar-Riyod: Dorul ulum, 1993.
- Nasimi Yozichi. Ilk turk-islom davlatlari. – Anqara: TDV nashri, 2020.
- Nosiruddin Abul Qosim Muhammad ibn Yusuf Samarqandiy. Al-Fiqhun nafiʼ. – Ar-Riyod: Maktabatul Ubaykan, 2000.
- Nosiruddin Samarqandiy. Al-Multaqot fil fataval hanafiya. – Bayrut: Darul kutubil ilmiya, 2000.
- Nosuriddin Samarqandiy. Al-Jomiul kabir fil fatovo. – SAP, Malik Saud universiteti kutubxonasi.
- Olim bin Alo. Al-Fatovo Tatarxoniya. – J.1. – Devband: Maktabatu Zakariyo, 2010.
-
Hoji Xalifa Mustafo ibn Abdulloh. Kashfuz zunun an asmail kutub val funun. – J.1. – Istanbul: Rogʻib Posho, 1941.
-
Hoji Xalifa Mustafo ibn Abdulloh. Kashfuz zunun an asmail kutub val funun. – J.2. – Istanbul: Rogʻib Posho, 1941.
-
Husomiddin Sigʻnoqiy. A-Tasdid fi sharhit Tamhid. – Istanbul: Marmara universiteti, 2016.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





