Halollik – bu faqat birovning haqqiga xiyonat qilmaslik yo koʻz olaytirmaslik emas, balki vijdon oldida pok yashashdir. Insonning asl boyligi uning moli yo mansabi emas, balki qalbining tozaligidadir.
Katta mol-davlat orttirmagan, baland martabaga erishmagan odamlar koʻp. Ular qoʻli kalta boʻlsa ham jannatda oʻzlariga qasrlar qurmoqda, bogʻlar barpo etmoqda. Qanday qilib, deysizmi?! Bir tasbeh bilan, bir istigʻfor bilan, bir sadaqa bilan, bir yaxshilik bilan, bir ogʻiz iliq soʻz yo tabassum bilan.
Vijdoni pok inson evaz kutib yaxshilik qilmaydi. Yaxshilik qilganga yaxshilik qilish vafo boʻlsa, yaxshilik qilmaganga yaxshilik qilish karamdir. Yomonlik qilganga yaxshilik bilan javob qaytara olish esa, qalbning yuksakligi, imonning goʻzalligidan dalolat boʻladi.
Halol inson yashirin saxovatli amallarni koʻpaytiradi. Chunki odamlar koʻrishini emas, Alloh bilishini istaydi. Kuni kelib, ayni shu pinhona yaxshiliklar uning najotiga aylanadi.
Shuning uchun qalbimizni adovatdan, amalimizni riyodan, niyatimizni manfaatdan poklaylik, halol yashaylik. Vijdonimiz oldida uyalmaydigan hayot eng katta saodatdir. Binobarin, yomonlik ham, yaxshilik ham doim egasiga qaytishini unutmay yashamoq kerak. Siz qaysi biri oʻzingizga qaytishini istar edingiz?!
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





