Home / FOTO LAVHALAR / Ilm va maʼnaviyatni uygʻunlashtirgan xalqaro muloqot

Ilm va maʼnaviyatni uygʻunlashtirgan xalqaro muloqot

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Shovosil Ziyodov Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining Lagʻuat shahrida joylashgan Islom ilmlari va sivilizatsiyasi tadqiqot markazi rahbariyatining rasmiy taklifiga binoan, mazkur muassasa tashkil etilganining 10-yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan xalqaro tantanali tadbirda onlayn formatda ishtirok etdi.

Google Meet platformasi orqali xalqaro ilmiy hamjamiyat vakillari ishtirokida oʻtgan anjumanda islom sivilizatsiyasini oʻrganish, ilmiy merosni tadqiq etish va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirga taklif muassasalarimiz oʻrtasida soʻnggi yillarda shakllangan ilmiy hamkorlik aloqalarining uzviy davomi sifatida alohida ahamiyat kasb etdi. Xususan,  Oʻzbekiston ilmiy delegatsiyasining 2025-yil may oyidagi Jazoirga tashrifi bu hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilgan muhim qadamlardan biri sifatida qayd etildi.

Tadbirda professor Shovosil Ziyodov yubiley munosabati bilan tashkilotchilarni tabriklar ekan, Lagʻuat shahridagi Islom ilmlari va sivilizatsiyasi tadqiqot markazi qisqa fursat ichida xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan ilmiy maskanga aylanganini taʼkidladi. Shuningdek, u Lagʻuat shahrida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “SAMAA” xalqaro soʻfiy qoʻshiqlari madaniy festivalini Oʻzbekiston bilan Jazoir oʻrtasidagi maʼnaviy-madaniy muloqotni mustahkamlaydigan nufuzli xalqaro platforma sifatida baholadi. Bunday tadbirlar xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv va yaqinlikni kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Yakunda mazkur yubiley tadbiri islom sivilizatsiyasiga oid ilmiy merosni oʻrganish, xalqaro ilmiy muloqotni rivojlantirish va markazlar oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro platforma sifatida eʼtirof etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Vatan himoyasi – yuksak ong va vatanparvarlik ifodasi

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Imom …