Bugungi kunda tarix sohasini rivojlantirishga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor berilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda, uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”, deya haq fikrni ilgari surgan. Milliy tarix milliy ruh bilan yaratilsa, uning kelajak uchun ham ijobiy ta’siri kuchli bo‘ladi.
1897-1917-yillarda mamlakatimiz hududida faoliyat olib borgan Turkistonda yer va davlat mulki boshqarmasi tarixi haqida kompleks tadqiqotlar bugungi kunga qadar juda kam olib borilgan. Bu boshqarma tarixini o‘rganishning dolzarbligi shundaki, boshqarma faoliyati davrida Turkiston hududidagi tabiiy resurslarning barchasini ushbu tashkilot nazorat qilgan. Paxta siyosati shu tashkilot faoliyatining asosi hisoblanadi. Yangi yerlarni o‘zlashtirish borasidagi ishlar, sug‘orish masalasini hal qilish ham shu tashkilot tomonidan nazorat qilingan. Boshqa faoliyat turlari ham hisobga olinsa, bu tashkilot tarixshunosligi nihoyatda muhim ahamiyatga ega.
Maqolani tayyorlash jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi I-7 fondi bo‘yicha ish olib borildi. Ushbu fondda aynan Turkistonda yer va davlat mulki boshqarmasi faoliyati jamlangan bo‘lib, boshqarmaning tashkil topishi, faoliyat jarayoni haqida batafsil ma’lumot beradi. Undan tashqari, Samarqand viloyati tarixiga oid yilma-yil sharhlar va Samarqand viloyati ma’lumotnomalar kitobi ushbu maqolani yaratishdagi yana bir muhim manba hisoblanadi. Shuningdek, Ya.Demidov, S.Konopka, G.Gins kabi o‘sha davr mutaxassislarining manbalarida ham ushbu boshqarma faoliyati haqida ma’lumotlar yoritilgan. 1981-yil arxiv manbalari asosida tuzilgan “Golodnoy step” kitobi ham Turkistonni taftish qilish uchun kelgan K.Palenning to‘plagan materiallari, “Turkestanskiye vedomosti” gazetasida, “Dehqon” jurnalidagi ma’lumotlar ham tadqiqotda asosiy rol o‘ynaydi. Undan tashqari, H.Ziyoyev, D.Alimova, N.Qurbonova, B.Eshov, N.Abduraximova, F.Ergashev, N.Kasimov, H.Toshev, B.Ergashev, Sh.G‘affarov, F.Isxakov, T.Saitkulov, S.Tillaboyev, B.Nazirov, D.Yaqubova, O.Irisqulov, G.Normurodova, U.Jumayev kabilar o‘z tadqiqotlarida boshqarma faoliyat yuritgan davr voqeliklari haqida ma’lumotlar berib o‘tgan. M.Jumayev, A.Mirzayev, B.Iminovlar o‘z maqolasida, M.Shushkova dissertatsiyasida boshqarma faoliyatining ayrim jihatlarini yoritib bergan. Lekin Turkistonda yer va davlat mulki boshqarmasi, uning Samarqand viloyatidagi faoliyatiga oid kompleks tadqiqotlar olib borilmaganligi bois ushbu mavzu ustida ishlandi.
Tadqiqot jarayonida umumlashtirish, taqqoslash, tarixiylik, mikrotarixiy, qiyosiy tahlil, tarixiy-genetik metodlardan foydalanildi.
Turkistonda mustamlaka tizimi faoliyatining asosiy yo‘nalishi tabiiy boyliklardan unumli foydalanishga qaratilgan. Tabiiy manbalar ustidan umumiy nazoratni 1897-yilda tuzilgan Dehqonchilik va davlat mulklari boshqaruvi amalga oshirar edi. U irrigatsiya, o‘rmon xo‘jaligi, tajriba qidiruv ishlari bilan shug‘ullanardi. Shuningdek, ushbu boshqaruv qishloq xo‘jaligi o‘quv yurtlari-gidrotexnika va gidrometriya maktablari, bog‘dorchilik, uzumchilik maktablari faoliyatini ham nazorat qilardi. Uning paxtachilikka doir ma’lumotlari, paxta ekiluvchi umumiy maydonlar hisobi, ekinlar ahvoli, paxta tozalash va yog‘ zavodlari, paxta tolasi narxlari to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish borasidagi faoliyati jiddiy ahamiyatga ega edi [1:104-105].
Ushbu tashkilotning nomlanishi o‘zbek tilida chop etilgan turli adabiyotlarda turli nomlar bilan ataladi. Ko‘pchilik tarixchilar bu tashkilotni “Turkistonda dehqonchilik va davlat mulki” boshqarmasi ko‘rinishida atasa, ayrim tarixchilar bu tashkilotning nomini “Turkiston ziroatchilik va davlat mulki” boshqarmasi deb ataydi. Ayrim manbalarda esa “Turkiston qishloq xo‘jaligi va davlat mulki” boshqarmasi deb ataladi. Uni “Turkistonda yer va davlat mulki” boshqarmasi deb atagan tarixchilar ham talaygina. Aslida bu kabi nomlar bilan atashning barchasi bir ma’noni anglatadi.
Ushbu tashkilot Turkiston oʻlkasida davlat mulkini boshqarish boʻyicha oliy organni shakllantirish maqsadida 1897-yil 2-iyunda tasdiqlangan reja negizida tashkil etilgan. Boshqarma o‘z vazifalarini hududiy kengashlar, shuningdek, tuman boshliqlari va qishloq xo’jaligida yer tuzish bo‘limining mansabdor shaxslari orqali amalga oshirgan. Tashkilot tomonidan sug‘orish ishlariga texnik nazorat, qishloq xo‘jaligi muassasalari va qishloq xo‘jaligi faoliyatini nazorat qilish, o‘rmonchilik ishlari va qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurash, foydali qazilmalarni qidirish uchun ruxsatnomalar berish joriy etilgan.
Turkistonda yer va davlat mulki boshqarmasi Turkiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi xalq komissarligining 1917-yil 23-noyabrdagi Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining qarori tuzilgach tugatilgan [10:116-117].
Turkiston zaminida davlat mulklari va yerga doir deyarli barcha masalalarni hal etish bilan shug‘ullangan ushbu tashkilot 20 yildan ortiqroq vaqt davomida faoliyat yuritgan. Bu davr mobaynida yangi yerlarni o‘zlashtirish (masalan, Mirzacho‘l hududini o‘zlashtirishning kengayishi), qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligi sohasini texnikalar bilan ta’minlash, paxtachilik, dehqonchilikning boshqa tarmoqlari kabi o‘nlab sohalarni o‘z ichiga olgan vazifalarni amalga oshirib borgan.
Turkistonda yer va davlat mulki boshqarmasining Samarqand viloyatidagi faoliyati ham muhim ahamiyatga ega. Tarixiy nuqtayi nazardan, Samarqand zaminiga imperiya kuchlarining kirib kelishi XIX asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi.
Ruslar 1865-yilda Turkiston viloyatini tuzdi. Xuddi shu yili ular Toshkentni egallab olishdi. 1867-yilda ular Turkiston general-gubernatorligini tuzdi, uning poytaxti Toshkent hisoblanadi. 1868-yilda imperiya Samarqand va Buxoroni egallab, Buxoro amirligini Rossiya protektoratiga aylantirdilar [4:77].
Turkiston general-gubernatorligi tarkibidagi Samarqand viloyati hududining umumiy maydoni haqida ma’lumotlar 1912-yilga tegishli. Viloyat hududi 60597,6 kvadrat metrni tashkil etadi. Viloyat maʼmuriy jihatdan toʻrt uyezdga boʻlingan: Samarqand – maydoni 7751,3 kv.m. verst. Kattaqo‘rg‘on – maydoni 6997,6 kv. verst, Jizzax – maydoni 25812 kv. verst. Xo‘jand – maydoni 20036.7 kv. verst. Viloyatning asosiy suv manbalariga quyidagi daryolar kiradi: Sirdaryo, Zarafshon, Sangzor [5:116].
Viloyat aholisi 1907-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 1 046 135 kishini tashkil etdi; shundan 166 819 kishi, ya’ni 16% shaharliklar va 879 316 kishi, ya’ni 84% qishloq aholisi [9:66].
Samarqand viloyatida ham boshqarma keng ko‘lamli tarzda faoliyat olib borgan. Jumladan, yangi yerlarni o‘zlashtirishda rejali ishlar olib borgan. Xususan, 1912-yilda Samarqand viloyatining bo‘sh yerlaridan xabardor bo‘lish uchun 1913-1915-yillarga mo‘ljallangan ish dasturi rejalashtirilgan. Shu vaqt ichida viloyatning markaziy qismida joylashgan barcha boʻsh yer maydonlari hisobga olinadi, degan taxmin bor edi. Ushbu taxminlarga ko‘ra, o‘rganilishi kerak bo‘lgan umumiy maydon 1 100 000 desyatina bo‘lib, ulardan xuddi shu taxminlarga ko‘ra, 1915-yilda 300 000 desyatinagacha tekshirilishi kerak edi. Biroq keyin ma’lum bo‘ldiki, bu behisob hududga qo‘shimcha ravishda, ilgari ko‘chmanchi mintaqada joylashgan deb hisoblangan yana 386 ta o‘lchamli yer maydonini o‘rganish kerak edi [11:7].
Mintaqa hududida hosildor yerlar bo‘lishi va yangi yerlar o‘zlashtirilishi amalga oshayotganiga qaramasdan mahalliy aholi yerlari juda kam edi.
K.K.Palenning ma’lumotlariga ko‘ra, tub aholining jon boshiga to‘g‘ri keluvchi sug‘oriladigan yer miqdori quyidagicha: Andijon uyezdida 0,7 desyatina, Marg‘ilon uyezdida 0,65 desyatina, Namangan uyezdida 0,5 desyatina, Qo‘qon uyezdida 0,5 desyatina. Xuddi shu ma’lumotlarga ko‘ra, aholi jon boshiga: Toshkent uyezdida 1,1 desyatina, Xo‘jand uyezdida 1,1 desyatina, Samarqand uyezdida 0,9 desyatina, Kattaqo‘rg‘on, Jizzax va O‘sh uyezdlarida 0,6 desyatina yer to‘g‘ri keladi [1:107].
Boshqarma faoliyati davrida Samarqand viloyatida, ayniqsa, dehqonchilik sohasida tabiiy sharoit bilan bog‘liq bir qancha muammolarga ham duch kelgan.
Masalan, 1899-yil so‘ngi o‘n yil ichida umuman qishloq xo‘jaligi va dehqonchilik uchun juda og‘ir yil bo‘ldi. 1899-yilning quruq va og‘ir qishi, issiq va kam yomgʻirli bahori, togʻ daryolarining kech yoki arzimas suv bilan taʼminlanishi, togʻlarda yetarli miqdorda qorlarning yo‘qligi va chigirtka ofati, tabiiyki, bularning barchasi tayyorgarlik jarayoniga ham salbiy taʼsir koʻrsatdim [7:1].
Undan tashqari, viloyatda yetishtirilayotgan paxta miqdori, paxta navlari va tabiat hodisalari bilan bog‘liq jarayonlar ham aynan ushbu boshqarma faoliyati tarkibiga kiradi. Xususan, uyezdlar misolida oladigan bo‘lsak, Kattaqo‘rg‘on uyezdida 1909-yil 13255 desyatina maydonga paxta ekilgan bo‘lsa, 1910-yilga kelib bu maydon 13601 desyatinani tashkil qildi. Xo‘jand uyezdida esa 1909-yilda 6637 desyatina yerga paxta ekilgan bo‘lsa, 1910-yilga kelib bu ko‘rsatkich biroz pastladi, ya’ni 6571 desyatinani tashkil qildi. Samarqand uyezdida 1909-yilda 9901 desyatina maydonga paxta ekilgan bo‘lsa, 1910-yilga kelib ushbu ko‘rsatkichda sezilarli kamayish ro‘y berdi. Bu yilda uyezd dalalariga 4542 desyatina maydonga paxta chigiti qadaldi. Jizzax uyezdida 1909-yilda 476 desyatina paxta maydoni mavjud bo‘lgan bo‘lsa, keyingi yilda bu maydonlar miqdori 510 desyatinani tashkil qilgan. Umumiy hisobda Samarqand viloyati paxta dalalariga 1909-yilda 30269 desyatina maydonga chigit qadalgan bo‘lsa, 1910-yilga kelib bu ko‘rsatkich 25224 desyatinani tashkil qilgan. Shu bilan birga, paxta yetishtiruvi ham ushbu yillar solishtirmasida quyidagicha ifodalanadi: Kattaqo‘rg‘on uyezdida 1909-yil 803948 pudni ko‘rsatsa, 1910-yilga kelib bu raqamlar 1562832 pudni tashkil qildi. Xo‘jand uyezdida esa 1909-yilda 360225 pud paxta yetishtirilgan bo‘lsa, 1910-yilga kelib bu ko‘rsatkich 424705 pudni tashkil qildi. Samarqand uyezdida 1909-yilda 119260 pud paxta maydonlardan terib olingan bo‘lsa, 1910-yilga kelib bu ko‘rsatkichda sezilarli ko‘tarilish ro‘y berdi. Bu yilda uyezd dalalaridan 173660 pud paxta yig‘ishtirib olindi. Jizzax uyezdida 1909-yilda 18185 pud paxta hosili olingan bo‘lsa, keyingi yili 17486 pud paxta uyezd dalalaridan terib olinib, paxta xirmoni tashkil qilindi. Umumiy hisobda Samarqand viloyati paxta dalalaridan 1909-yilda 1301618 pud, 1910-yilga kelib esa 2178683 pud paxta hosili yig‘ishtirib olinganligi manbalardan ma’lum bo‘ladi [8:15].
Bunday yilma-yil farqli holatlar ko‘proq tabiat injiqliklari, chigirtka galalarining paxta hosiliga qattiq zarba bergani bilan izohlanadi.
Turkistonda yer davlat mulki boshqarmasining yana bir yirik vazifalaridan biri sug‘orish masalasi edi. Bu jarayonga juda katta e’tibor qaratilgan. Hali boshqarma tashkil etilmasdan oldin, Qishloq xoʻjaligi va davlat mulki vazirligidan Samarqand viloyatida 1895-yildan buyon uch nafar texnik xodimdan iborat tadqiqot guruhi ishlagan. Ular yangi yerlarni sug‘orish bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib borgan. 1897-yilda bu partiyaning ikki texnik xodimi Mirzacho‘lni tekislash ishlarini olib bordi, uchinchisi esa Xo‘jand tumanidagi Xo‘jaboqirg‘on, Oqsuv va Shahriston daryolari hududlarida, bir vaqtlar sun’iy inshootlar izlari saqlanib qolgan daryolarda, suv omborlari qurish maqsadida ishladi [2:58]. Mazkur ma’lumot sug‘orish tizimi yangi yerlarni o‘zlashtirish bilan birgalikda izchil amalga oshirib borilgan.
Y.P.Demidov yangi yerlarni sug‘orish tizimi haqidagi nuqtayi nazarida quyidagi fikrlarni keltirib o‘tadi: “Yangi yerlarni sug‘orishning zamonaviy muammosi, ayniqsa, muhim va juda murakkab bo‘lib bormoqda. So‘nggi amaliyot bizga beradigan barcha tajribani hisobga olish uchun unga juda keng yondashish kerak.
Tajriba shuni ko‘rsatadiki, yangi yerlarni sug‘orish muhandislik san’ati doirasidan tashqariga chiqadi va vazifaga aylanadi, uni to‘g‘ri hal qilish uchun tuproqshunos, iqtisodchi va statistik mutaxassislarni jalb qilish kerak. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, sug‘orish qurilishi boshlanishi kerak. Faqat tuproqning barcha kimyoviy, fizik va biologik xossalari to‘liq o‘rganilganda, bo‘lajak tajribali ko‘chmanchilar kontingenti tayyorlanganda, quruvchi drenaj tarmoqlari sxemasini oxirigacha va barcha detallarda ishlab chiqqanda, sun’iy suv havzalari hosil bo‘lishi natijasida yer osti suvlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni hisobga olgan holda va hokazo.
Misr tajribasi shuni ko‘rsatadiki, agar drenaj tizimi yomon yoki yetarli bo‘lmasa, sug‘orish milliy iqtisodiyot uchun qimmatga tushadi. Mirzacho‘l haqida ham shunday deyish mumkin” [3:24-25]. Boshqarma ham buni to‘g‘ri anglagan holda sug‘orish masalasiga jiddiy yondashgan.
Shu bilan bir qatorda mustamlakachilarning kirib kelishi natijasida yirik paxta plantatsiyalari paydo bo‘la boshladi. Samarqandda shunday plantatsiya egalaridan biri Mayerkort bo‘lib, uning yer maydoni 200 gektarni tashkil qilgan. Sug‘oriladigan yerning bir bo‘lagi topilgan joyga ham paxta ekilgan [3:42]. Demak, Turkistonda yer va davlat mulki boshqarmasi katta sa’y-harakatlar asosida mintaqa hududlarini egallash va foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlarni dastur asosida amalga oshirgan. Ammo bu jarayonda juda ko‘p xato va kamchiliklarga ham yo‘l qo‘ygan.
Tadqiqot natijasida 1897-yilda tashkil topgan Turkistonda yer va davlat mulki boshqarmasi, uning Samarqand viloyatidagi faoliyati o‘rganildi. Bu tashkilot mavjud bo‘lgan davr oralig‘ida Samarqand viloyati hududida yangi yerlarni o‘zlashtirishga katta e’tibor qaratildi. Masalan, 1912-yilda viloyatda 1 100 000 desyatina bo‘sh yerlar mavjudligini taxmin qilingan bo‘lib, ularni o‘rganishning keyingi yillardagi rejalari ishlab chiqilgan edi. Yoki paxta eksporti miqdori solishtirilganda, Turkistondan Rossiyaga eksport qilinayotgan tolaning miqdori ham tobora ortdi. Agar 1888-yilda Rossiyaga 873 ming pud paxta tolasi eksport qilingan bo‘lsa, 1913-yilga kelib bu 697 000 pudga yetdi [6:549]. Demak, ushbu boshqarma bu borada faollikni oshirganligini manbalardan ko‘rishimiz mumkin.
Bu davrda paxta siyosatining qo‘llanilishi oqibatida mahalliy aholiga nisbatan bosim va zo‘ravonlik holatlari har doimgidan ham yuqori bo‘lgan. Mahalliy aholining milliy manfaatlari hisobga olinmagan. Yangi yerlarni o‘zlashtirish va ko‘chirib keltirilganlarga yer ajratish masalasida ham shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
-
Abduraximova N.A, Ergashev F.R. Turkistonda Chor mustamlaka tizimi. – T.: Akademiya, 2002.
-
Голодний степь. (История края в документах). – Москва: Наука, 1981.
-
Демидов Я.П. Экономические очерки хлопководства, хлопковой торговли и умышленности в Туркестане. – Москва: Новая Деревня, 1928.
-
Hasan Ali Karasar. National identity and regional integration in Central Asia: Turkestan Reunion. Dissertation. Ankara Institute of Economics and Social Sciences Bilkent University, 2002.
-
Конопка С. Г. Туркестанский край. – Т., 1912.
-
Ляшенко П.И. История народного хозяйства СССР. – Москва. Т-2, 4-изд, 1956.
-
Обзор Самаркандской области за 1899 годъ. – Самарканд: Товариществa, 1900.
-
Обзор Самаркандской области за 1910 год. – Самарканд: Б.Газаров, К.Слёжнов. 1912.
-
Пален К.К. Областное управление. – С.Петербург. Сенатская типография, 1910.
-
Путоводитель. – Ташкент: Ташкентская типография, 1948.
-
O‘z.RMDA: 7-fond, 1-ro‘yxat, 8909-ish.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





