Home / MAQOLALAR / ROSSIYA SHARQSHUNOSLIGIDA QUR’ONI KARIMNING DASTLABKI O‘RGANILISHI TARIXIDAN (TARIXSHUNOSLIK TAHLILI)

ROSSIYA SHARQSHUNOSLIGIDA QUR’ONI KARIMNING DASTLABKI O‘RGANILISHI TARIXIDAN (TARIXSHUNOSLIK TAHLILI)

XIX asrning o‘rtalarida rus sharqshunosligida islomshunoslik mustaqil tadqiqot sohasi sifatida shakllanib, islom dini bilan bog‘liq masalalar alohida ahamiyat kasb etadi. Bu holat nafaqat akademik qiziqish bilan, balki Turkistonning zabt etilishi bilan yuzaga kelgan islom masalasining siyosiy va ilmiy dolzarbligi bilan ham bog‘liq edi. Rossiya ilm-fani va siyosiy doiralarida yangi egallangan hududlarni o‘rganishga kuchli qiziqish uyg‘ongan edi. Ushbu hududlarni zabt etish orqali Rossiya ko‘p asrlik rivojlangan islomiy diniy va ijtimoiy-madaniy an’analarga ega bo‘lgan mintaqaga kirib keldi va «tashqi» musulmon olami chegarasiga yaqinlashdi.

Tadqiqot doirasidagi asosiy ilmiy uslub mavzuga tarixiy haqiqat asosida yondashish bo‘lib, tarixiylik va mantiqiylik tamoyillariga mos tizimli, obyektiv, qiyosiy va statistik tahlil, muammoviy-xronologik va tanqidiy yondashuv nazariy-uslubiy tamoyillariga tayanildi.

Islom mintaqa aholisi hayotining barcha jabhalariga ta’sir ko‘rsatgan kuchli omil bo‘lgani sababli Turkistonni o‘rganayotgan barcha tadqiqotchilar uchun musulmonlarning muqaddas kitobi – Qur’oni karim, shariat qonunlari hamda musulmon jamiyatining ichki hayotini tartibga soluvchi axloqiy va me’yoriy ta’limotni rus tiliga tarjima qilish muhim edi.

P.V.Gusterin rus tilidagi qur’onshunoslik tarixi tahlilida Qur’on bilan tanishish jarayonini bir necha bosqichga bo‘ladi. Birinchidan, Qur’on haqidagi ma’lumotlar davlat ehtiyojlari uchun to‘plangan. Bu bosqichga Qur’onning asl mazmunini aniq ifoda bera olmagan dastlabki ruscha tarjimalari hamda bevosita qur’onshunoslikka doir ma’lumotlar kirar edi. Ikkinchidan, XVIII asrning ikkinchi yarmidan Rossiyadagi ommaviy jurnallarda Qur’on haqida ilmiy asosga ega bo‘lmagan ommabop maqolalar chop etila boshlandi. Uchinchidan, XIX – XX asr boshlarida rus klassik shoirlari ijodida bevosita diniy, xususan, islomiy jihatlarni o‘z ichiga olgan sharqiy-adabiy mavzuga murojaat etish kuzatildi. Bu holat, o‘z navbatida, Sharq musulmon madaniyatiga yaqinlashish yo‘li sifatida talqin qilinishi mumkin. To‘rtinchidan, XIX asrning ikkinchi yarmida Qozon diniy akademiyasida, xususan, uning missionerlik bo‘limida, islom va Qur’on chuqur o‘rganila boshlandi. Beshinchidan, Rossiya imperiyasining Kavkaz va Turkiston kabi musulmon hududlarga faol kirib borishi diplomatik vazifalarni ham bajarib kelayotgan harbiy sharqshunoslarning faoliyatiga turtki berdi. Ular harbiy razvedka orqali ilm-fanga kirib kelib, Rossiyada sharqshunoslikni yuksaltirilishiga katta hissa qo‘shdi [8].

Rossiyada musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’oni karim XVIII asr boshlaridayoq yuqori doiralar diqqat markazida bo‘lgan. Masalan, Yekaterina II tomonidan Qur’oni karim birinchi marotaba arab tilida nashr etilgan, ammo bu ish mahalliy xalqlarni o‘rganish uchun emas, balki musulmon aholining, ayniqsa, tatarlarning diniy ehtiyojlarini qondirish uchun amalga oshirilgan. Sankt-Peterburg va Moskvada masjidlar paydo bo‘ldi, islom Butunrossiya shahar madaniy muhitiga kirib keladi. Rossiya hukumati musulmonlarning diniy e’tiqodini haqorat qiluvchi materiallarni nashr qilishni taqiqlagan. Rossiya universitetlarida islomni o‘rgangan olimlar ichida nafaqat ijtimoiy kelib chiqishi musulmon (masalan, Mirza Kazem-Bek musulmonlikdan xristianlikka o‘tgan), balki diniy e’tiqodi bo‘yicha musulmon bo‘lganlar (professor Shayx Tantaviy) ham bor edi [1:88-89].

Qur’oni karimning birinchi ruscha tarjimasi 1716-yilga oid bo‘lib, P.Postnikovga tegishlidir. Bu qo‘lyozma XIX asrning 60-yillarida P.Pekarskiy tomonidan Moskva tashqi ishlar arxividan topilgan. Pyotr I davridan to XIX asrning 60-yillarigacha Qur’oni karimning ruscha tarjimasi asl nusxadan amalga oshirilmagan. “Алкоран или закон магометанский. Переведённый с арабского на французский язык через господина дю Рие” nomli qo‘lyozmaning arab tilidan fransuz tilidagi tarjimasi 1790-yilda M.Veryovkin tomonidan rus tiliga tarjima qilingan. Ushbu qo‘lyozma 1913-yilda V.Sreznevskiy Sankt-Peterburgdagi Fanlar akademiyasi kutubxonasining qo‘lyozmalar bo‘limidan topgan. Bu topilma P.Postnikovning tarjimasi yagona bo‘lmagani va ikkita tarjimaning mavjudligi rus jamiyatida islomga qiziqish tobora o‘sib borganini isbotlaydi. 1792-yilda A.V.Kolmakov Qur’oni karimni arab tilidan ingliz tiliga o‘girdi. Bu tarjima islomning muqaddas kitobining ilk ilmiy-izohli ruscha tarjimasi bo‘ldi [6:86,88].

Musulmon adabiyotining muntazam nashri Qozonda 1802-yildan boshlanadi. Bundan oldin Qur’oni karimning dunyodagi birinchi bosma nashri 1787-yilda mulla Usmon Ismoil tomonidan amalga oshirilgan edi. 1801-1829-yillarda 93 ta kitob nashr etiladi. XIX asrning I yarmida jami 401 ta kitob nashr etilgan bo‘lib, birinchi chorakda diniy va ilk ta’limga oid adabiyotlar ustun bo‘lsa, ikkinchi chorakda huquq, falsafa va she’riyatga oid adabiyotlar ko‘paygan [21]. XIX asrning II yarmida rus sharqshunoslari tomonidan Qur’oni karim tadqiqotlari ko‘payib borgan. A.K.Kazem-Bek deyarli 25 yil davomida tayyorlagan “Полный конкорданс Корана, или ключ ко всем словам и выражениям его текстов для руководства к исследованию религиозных, юридических, исторических и литературных начал сей книги” kitobi 1859-yilda nashrdan chiqdi. I.F.Gotvaldning 1861-yilda “Ученые записки Казанского университета” nashrida, 1863-yilda alohida nashr sifatida Qozonda batafsil havolalardan iborat bo‘lgan “Опыт словаря на Коран…”  chop etildi. 1881-yilda “Опыт словаря на Коран…” Qozonda nashr etildi.

Harbiy tarjimon D.N.Boguslavskiy Istanbulda yashagan vaqtda Qur’on matnining ruscha tarjima versiyasi ustida ish olib bordi (1871-yilgacha). U K.Nikolayevning o‘z zamonasida mashhur bo‘lib ketgan Qur’on tarjimasini past baholadi. Chunki u tarjima asl matndan emas, balki A.de Bibershteyn-Kazimirskiyning fransuzcha tarjimasi asosida tayyorlangan edi [13]. Shu sababli, D.N.Boguslavskiy o‘z oldida boshqa muhim vazifa – musulmon ulamolarning tafsirlariga suyangan holda Qur’on matnini iloji boricha aniq va batafsil tarjima qilishni belgiladi. U o‘z tarjimasida nafaqat asl arabcha matndan, balki turk diniy adabiyoti, ayniqsa, tafsirlardan ham keng foydalandi. Muqaddimada D.N.Boguslavskiy turli matnlarni taqqoslash natijasida mazmundagi jiddiy farqlar, xato va ayrim holatlarda asl matnga mutlaqo teskari bo‘lgan ma’nolar mavjud holatlarni aniqladi. Shu munosabat bilan u o‘z ishiga izoh va musulmon manbalaridan olingan sharhlarni qo‘shdi. Arabshunos olim, akad. I.Y.Krachkovskiy o‘z tahlilida, “D.N.Boguslavskiyning tarjimasini mukammal deb bo‘lmaydi, ammo u o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsad – keyingi davrlarda musulmon olamida Qur’oni karimning qanday anglanganini ko‘rsatish – to‘liq amalga oshirilgan” [11:300], deydi.

1877-yilda G.S.Sablukovning Qur’on tarjimasi nashr etilganidan so‘ng, D.N.Boguslavskiy o‘z tarjimasini chop etishdan voz kechdi. Shunga qaramay, uning ishini keyinchalik mashhur sharqshunos V.R.Rozen yuqori baholadi. 1995-yilda D.N.Boguslavskiyning Qur’on tarjimasi rossiyalik tarixchi va qur’onshunos prof.Y.A.Rezvan sa’y-harakatlari bilan nashr etildi [10].

1894 va 1907-yillarda Qozon islomshunoslik maktabi vakili, turkshunos va arabshunos G.S.Sablukov tomonidan nashr qilingan Qur’on tarjimasi arabcha matn bilan birga tuzildi. 1907-yilgi nashrning faksimile (qayta nusxa) shakli 1991-yilda chop etildi. 1879-yilda G.S.Sablukov “Qur’on tarjimasiga qo‘shimchalar”ni ham nashr qildi. Unda izohli ko‘rsatkichlar va ikki mukammal traktat – risolalar kiritildi: 1) “Сведения о Коране” (“Qur’on haqida ma’lumotlar”) – bu ishda missionerlik nuqtayi nazaridan o‘ziga xos talqin qilingan islom asoslari manba va musulmon ulamolar ta’limotlari asosida tanqidiy tahlil qilingan [17]. 2) “Сличение магометанского учения о именах Божиих с учением о них христианским” – bu ishda islomiy ta’limot boshqa dinlar, jumladan, xristianlik bilan qiyosiy tahlil qilingan [18]. Tadqiqotchi Y.S.Fligin fikriga ko‘ra, “G.S.Sablukovning Qur’on tarjimalari va islom asoslariga bag‘ishlangan ishlari qur’onshunoslikning ilmiy asoslarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilgan” [20:11]. Zamonaviy tarixchi – sharqshunos R.M.Valeyev ham G.S.Sablukovning xizmatlarini yuqori baholagan [ 5:89]. G.S.Sablukov uchun islomshunoslik asosiy tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan [16], u Qur’onni nafaqat musulmon aqoidining asosiy manbai, balki islom tarixi va qadimiy arab adabiyotining nasriy rivoyatlarda yozilgan noyob yodgorligi sifatida baholagan. Bunday yondashuv Rossiya tarixshunosligida alohida ahamiyat kasb etadi [9:36]. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, G.S.Sablukov o‘z tarjimalarida qozonlik tatarlar orasida ommalashgan diniy sharhlarga suyangan bo‘lsa, D.N.Boguslavskiy esa turk ulamolarining tafsirlaridan keng foydalangan [6:94].

A.Y.Krimskiy “Islom tarixi” asarida Qur’oni karimni ilmiy tahlil qilib, uning asosiy jihatlarini yoritgan: 1) Qur’on haqidagi adabiyotlar va ularning o‘rganilish darajasi; 2) Qur’on tarixi, manbalari va shakllanish bosqichlari; 3) Qur’onning asliyligi haqidagi masalalar; 4) Suralarning davriy joylashuvi; 5) Qur’onning estetik baholanishi; 6) Qur’on shakli va uning mazmuni bilan hamohangligi; 7) Qur’on tili; 8) Muhammad Payg‘ambar zamondoshlari tomonidan Qur’onning baholanishi; 9) Ayrim suralar boshidagi oyatlar (al-Huruful muqattaot); 10) tafsirlar va Qur’onni tushunish uchun Yevropada yaratilgan qo‘llanmalar; 11) Qur’on qo‘lyozmalari, nashrlari va tarjimalari. U Qur’oni karimga ikki alohida universitetda o‘qitiladigan ma’ruzalar, ensiklopedik maqolalar, islom tarixi bo‘yicha ayrim ishlari hamda ba’zi suralarning sharhli tarjimasini e’lon qilgan [14]. Uning fikricha, Qur’on – sharqshunoslar uchun “islomning haqiqiy, asl g‘oyalarini o‘rganishdagi eng ishonchli manba” bo‘lib, ushbu buyuk arab-musulmon va jahon madaniyati yodgorligini to‘liq anglash uchun uning yaratilgan davr ruhini his etish lozim. Shunday qilib, A.Y.Krimskiy yondashuvi Qur’oni karimni turli jihatdan ko‘rib chiqish orqali uning nafaqat diniy, balki madaniy, estetik, lingvistik va tarixiy ahamiyatini ham ochib beradi. Bu ko‘pqirrali yondashuv ilmiy izlanishda katta hajmdagi ma’lumot va turli manbalardan foydalanishga asoslangan bo‘lib, Qur’oni karimni to‘liq va chuqur tushunishda muhim ahamiyatga ega. Ammo uning ishlari ilm-fan taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan bo‘lsa-da, ularda mustamlakachilik tafakkuri ta’siri ham seziladi. Bu – islomshunoslikka yuqoridan qarash, G‘arb markazchiligi va Sharqni tadqiqot obyekti sifatida ko‘rish jarayonida namoyon bo‘ladi. Buni V.V.Bartoldning tanqidi orqali ham ko‘rish mumkin. Uning fikricha, A.Y.Krimskiyning islomshunoslik bo‘yicha amalga oshirgan ishlarini shunchaki “bibliografik ma’lumotlar”dir va ular mazmuni hamda bayon uslubi jihatidan har doim ham xolis va mukammal emas [4:288], bu esa mustamlakachilik nuqtayi nazaridan ilmiy muomalada Sharq haqidagi bilimlar qanday shakllantirilganini ochib beradi.

N.P.Ostroumovning tadqiqotlari, avvalo, ommabop-ilmiy maqsadlarga yo‘naltirilgan. U islomni keng auditoriyaga tushunarli qilib yetkazishga intiladi va buning uchun maqola, o‘quv qo‘llanma va umumlashtiruvchi kitoblar yaratadi. Ular mazmunan islom asoslarini sodda va tushunarli tilda bayon qilish, Qur’oni karimning tarixiy va diniy ahamiyatini ochib berish, muqaddas matnni tahlil qilish orqali islom dini ahamiyatini baholashni ko‘zda tutadi. Bu ommabop uslub mustamlakachilik mafkurasida diniy bilimni xalq orasida nazorat qilib tarqatish va uni madaniy vosita sifatida idora qilish amaliyotiga mos keladi. Uning “Что такое Коран?” (“Qur’on nima?”) nomli ilmiy-ommabop maqolasida Qur’on matnining qisqacha tarixi orqali islom aqidasini tushuntirishga harakat qilingan. Boshqa bir ishda Qur’oni karimga yahudiy va xristian ta’limotlari ta’siri ko‘rib chiqilgan, shuningdek, lingvistik nuqtayi nazardan Qur’on tilining aynan arab tili ekani alohida ta’kidlangan. Qur’oni karim haqidagi eng mufassal sharh “Коран и прогресс…” (“Qur’on va taraqqiyot…”) nomli tadqiqotda taqdim etilgan bo‘lib, bu asar 1912-yilda sezilarli tuzatish va qo‘shimchalar bilan alohida nashr etilgan. Shuningdek, alohida kitob sifatida “Догматы Корана” (“Qur’on aqidalari”) ham chop etilgan bo‘lib, u islom va xristianlikning umumiy qoidalari, din ta’limotlari va muqaddas kitoblarning asosiy jihatlariga bag‘ishlangan mulohazalarni o‘z ichiga oladi [15]. N.P.Ostroumov o‘zining islomshunoslik tadqiqotlarida Qur’onning nafaqat ilmiy, balki umuminsoniy ahamiyatini targ‘ib qilgan. U Qur’oni karimni faqatgina muhim musulmon hujjati sifatida emas, balki O‘rta Osiyo xalqlari uchun muhim tarixiy manba sifatida o‘rganish lozim, deb hisoblagan [14:9,18]. Shu nuqtayi nazardan Qur’on mustamlakachilik siyosatini asoslashda foydalaniladigan madaniy legitimatsiya vositasiga aylanadi – ya’ni Qur’onni o‘rganish orqali mustamlaka hududdagi xalqlar haqida “ilmiy” bilim yaratish va uni boshqaruvda qo‘llash.

Shunday qilib, N.P.Ostroumovning Qur’oni karimga oid ishlari, bir tomondan, ma’rifiy va lingvistik xarakterga ega bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mustamlakachilik kontekstda shakllangan nazariy va ideologik yondashuvni aks ettiradi. U Qur’onni nafaqat diniy, balki tarixiy-madaniy manba sifatida o‘rganish zarurligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, uning tahlilida islomga nisbatan yevrosentrizm, qiyosiy teologiya va nazorat qilish maqsadi sezilib turadi.

1915 va 1916-yillarda akademik I.Y.Krachkovskiy Sankt-Peterburg universitetining Sharq tillari fakultetida Qur’on haqidagi ilk ma’ruzani o‘qidi. 1917-yilda u Osiyo muzeyiga kelib tushgan Qur’on qo‘lyozmalarining tavsifini tayyorladi. Bundan keyin esa to‘qqiz yil davomida Qur’on ma’nolarining yangi ruscha tarjimasining tayyorlanishi haqida xabar berdi. U shu bilan birga, musulmonlarning muqaddas kitobi bo‘yicha muntazam ma’ruza o‘qib borgan va doimiy ravishda Qur’on haqidagi arab va Yevropa adabiyotlarini chuqur o‘rgangan [7:80-81].

V.V.Bartoldning islomshunoslik sohasidagi faoliyati, Qur’onga munosabati va uning mustamlakachilik sharoitida qanday ilmiy munosabatni shakllantirgani, uning ilmiy pozitsiyasi va mustamlakachilik ongi bilan bog‘liq jihatlarini tahlil etish alohida ahamiyatga ega. V.V.Bartoldning faoliyati A.Y.Krimskiy yoki N.P.Ostroumov bilan taqqoslanganda, ma’lum ma’noda mustamlakachilik ongi ta’siridan ozod ekani ko‘rinadi. Uning asarlarida islom tarixi va Qur’on haqidagi ma’lumotlar asl manbalar asosida, komparativ va tarixiy-tanqidiy uslubda tahlil qilingan: Payg‘ambar Muhammad (s.a.v)ning faoliyati faqat diniy emas, balki ijtimoiy-siyosiy hodisa sifatida baholanadi, islomni “turli dinlar ta’sirida vujudga kelgan g‘oyalar yig‘indisi” deb hisoblashga qarshidir. Buni esa yevrosentrizm va mustamlakachilik siyosatiga zid ilmiy pozitsiya sifatida ko‘rish mumkin.

Qur’on va islomshunoslik masalalariga bag‘ishlangan qator asarlar “Islom” (1918), “Musulmonlik madaniyati” (1918), “Musulmon dunyosi” (1922), “Qur’on va dengiz” (1925), “Muhammad haqida” (1939)dagi asosiy g‘oya – “Islom ta’limoti diniy va umumbashariy madaniy hayotda deyarli ishtirok etmagan bir xalq ichida paydo bo‘ldi. Muhammad nafaqat din, balki davlatga asos solgan. Islom o‘z asoschisining hayoti davrida buddizm va xristianlik kabi rivojlanish bosqichlarini o‘z boshidan kechirdi… Qur’onning haqiqiyligi isbot talab etmaydigan darajada aniqdir” [3:81]. V.V.Bartold islomning mazmuni, uning turli xalqlar tomonidan qabul qilinishi, madaniy merosning uzluksizligi kabi masalalarni ham o‘rgangan. Uning fikriga ko‘ra, O‘rta Osiyoning islomlashuvi dastlabki bosqichda zo‘ravonlik yo‘li bilan amalga oshgan va samarasiz bo‘lgan, chunki bu jarayon arab harbiy bosqini bilan chambarchas bog‘liq edi [1:88-89].

U islomni “boshqa dinlardan olingan ayrim jihatlar yig‘indisi” sifatida tushunishga qarshi chiqib, asl manbalarni tahlil qilish orqali uning betakrorligi va mustaqil rivojlanish yo‘lini ko‘rsatishga harakat qilgan. Uning ta’kidlashicha, barcha dinlar orasida islom o‘z xalqi o‘tmishi bilan eng kam bog‘langan. Shuningdek, olim islom dinining paydo bo‘lishiga birinchi navbatda, ijtimoiy-siyosiy tarixiy hodisa sifatida qarash zarurligini bildirgan [21]. Shunday qilib, V.V.Bartold islomni modernizatsiya va islohotga to‘sqinlik qiluvchi din emas, balki dinamik va adaptiv tizim sifatida baholaydi. U Turkiston madaniyatining tarixiy kuchli pozitsiyasini tan oladi va bu orqali kolonial madaniy iyerarxiyalarga qarshi chiqadi. U Yevropa sharqshunoslari ichida islomni faqat mustamlaka obyekti sifatida emas, balki musulmon jamiyatlarining ijtimoiy ongi va sivilizatsiyasini tushunish vositasi sifatida o‘rgangan olim sifatida ajralib turadi.

V.V.Bartold faoliyatini V.V.Radlov, K.G.Zaleman, S.F.Oldenburg, N.Y.Marr kabi rus sharqshunoslari yuksak baholagan [2]. O‘rta Osiyo musulmonlari bilan bog‘liq masalalar uning Prjevalsk atrofidagi XII asrga oid ikki musulmon qabristoni haqidagi hisobotlarida ham aks etilgan, ya’ni u yerda qabrlarning joylashuvi, maqbara turlari va boshqa xususiyatlar tavsiflangan. Olim, shuningdek, ushbu hududda 19 ta musulmoncha yozuvli qabr toshlari topilgani haqida ham ma’lumot bergan [19:69,72].

V.V.Bartold asarlarida islomni o‘rganishga bag‘ishlangan bibliografik ro‘yxat, xususan, ruscha Qur’on tarjimalariga oid ma’lumot mavjud. A.Y.Krimskiy, I.Y.Krachkovskiy, V.R.Rozen, A.E.Shmidt, V.Solovyov, N.A.Mednikov, V.A.Jukovskiy, A.A.Semyonov, N.N.Martinovich, Karsavin, A.N.Samoylovich, P.Svetkova kabi mualliflarning islom tarixi, Muhammad Payg‘ambarning hayotlari, islom marosimlari va aqidalari, hadislarning kelib chiqishi, musulmon matbuotining rivoji, g‘arb va fors mistitsizmi, arab geografiyasi va Tabariyning tarixi va Qur’on tafsiriga oid fikr va xulosalari alohida e’tirof etiladi [3:138-139].

Tadqiqotchi T.Uvarova fikriga ko‘ra, V.V.Bartold islom dini va ta’limotiga bag‘ishlangan ilmiy ishlarda musulmon jamiyatlarining yutuqlari, jumladan, islom mamlakatlaridagi diniy bag‘rikenglik kam baholanganini keskin tanqid qilgan. Uning o‘zi esa islomni ijobiy baholagan: islom – islohot va modernizatsiyaga to‘sqinlik qilmaydigan din, deb hisoblagan. U keng tarqalgan qarashlarga zid ravishda, Turkiston madaniyati O‘rta asrlar oxirigacha Rus madaniyatidan ustun bo‘lganini ta’kidlagan. Shunday qilib, V.V.Bartoldning islomshunosligi – bu mustamlakachilik doirasida yuzaga kelgan, ammo undan chiqishga harakat qilgan ilmiy faoliyat namunasidir. Uning ishlarida Yevropa markazchiligi va tarixiy zo‘ravonlikni tan olish bilan birga, islom madaniyatining mustaqilligi, Qur’onning haqiqiyligi va Turkiston xalqlarining madaniy yutuqlarini tan olish mavjud. V.V.Bartoldni klassik kolonial sharqshunoslikni ilmiy asoslangan, xolis va tanqidiy yondashuv orqali qayta shakllantirgan olim sifatida baholash mumkin.

Rossiyada Qur’oni karimni ilmiy o‘rganish XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi sharqshunoslik taraqqiyoti doirasida shakllandi. Ushbu jarayonda Qur’onga nisbatan yondashuvlar turlicha bo‘lib, ular orasida ma’rifiy, tilshunoslik, manbashunoslik, dinshunoslik va geosiyosiy maqsadlar bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan. A.Y.Krimskiy Qur’oni karimni kompleks tarzda tahlil qilib, uni islomning asl g‘oyalari va madaniy muhiti bilan bog‘lashga harakat qilgan. N.P.Ostroumov esa Qur’oni karimni ommaga tushunarli qilish maqsadida ma’rifiy uslubda talqin qilgan, biroq uning ishlarida yevrosentrizm va interreligioz qiyoslashga moyillik kuzatiladi. V.V.Bartold Qur’on va islom tarixini xolis, manbalar asosida o‘rganib, islomning ijtimoiy-siyosiy va sivilizatsion ahamiyatini alohida ta’kidlagan. Rossiya sharqshunoslari Qur’onni o‘rganish orqali Sharq jamiyatlarini anglash, boshqarish va tasniflash vazifalarini bajargan bo‘lsa-da, mustamlakachilik yondashuvidan chiqishga intilgan. Shu tariqa, Qur’on Rossiya ilm-fanida faqat diniy emas, balki madaniy, lingvistik va geosiyosiy manba sifatida namoyon bo‘lgan.

Shunday qilib, Rossiya imperiyasida Qur’oni karimni o‘rganish jarayoni bir vaqtning o‘zida ham ilmiy izlanish, ham ma’rifiy missiya, hamda mustamlaka idora qilish amaliyoti bilan bog‘liq bo‘ldi. Sharqshunos olimlarning islomshunoslik tadqiqotlari nafaqat Rossiyaning, balki butun musulmon olami bilan munosabatlarini shakllantirishda muhim ilmiy va mafkuraviy vosita bo‘lib xizmat qildi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Аликберов А.К., Бобровников В.О., Бустанов А.К. Российский ислам: Очерки истории и культуры. 2-е изд., испр. и доп. / Группа стратегического видения “Россия – Исламский мир”. – М.: ИВ РАН,
  2. Архив РАН. Ф.2. Оп. 17. Ед.хр. 122. Л. 1. Бартольд В.В. Отчет о поездке в Среднюю Азию с научною целью. 1893-1894 гг. Соч. Т.4.
  3. Бартольд В.В. Ислам. Соч. Т.6.
  4. Бартольд В.В. Мусульманский мир. Соч. Т.6.
  5. Валеев Р.М. Из истории казанского востоковедения середины – второй половины XIX в.: Гордий Семенович Саблуков – тюрколог и исламовед. – Казань,
  6. Гаврилов Ю.А., Шевченко А.Г. Коран в России: переводы и переводчики. // Вестник Института социологии. №5. Декабрь 2012. – С.82-96.
  7. Грязневич П.А. Коран в России (изучение, переводы и издания) // Ислам: Религия, общество, государство: сб. ст. – М.: Наука,
  8. Густерин П.В. Коран как объект изучения. Саарбрюккен: Lap Lambert Academic Publishing,
  9. История отечественного востоковедения с середины XIX века до 1917 года. – М.: Восточная литература, 1997. – 536 с.
  10. Коран (коллекционное издание). Перевод и комментарий Д.Н.Богуславского. Публикация Е.А. Резвана и А.Н.Вейрауха. – М.: СПб, – 576 с.
  11. Крачковский И. Перевод Корана Д.Н.Богуславского. В кн.: Советское востоковедение. Вып.III. – М.-Л,
  12. Крымский А.Е. Очерк развития суфизма до конца III в. хиджры. СПб. 1895. // Труды Восточной Комиссии Имп. Московского Археологического Общества. – М., Т.2; Он же. Лекции по Корану. – М., 1902; Он же. Арабская литература в очерках и образцах. В 3-х тт. – М., 1911; Он же. История арабов и арабской литературы светской и духовной: В 3 ч. – М.: 1911-1913; Он же. История Персии, её литературы и дервишской теософии: В 3 т. Изд., перераб. совместно с Н. Фрейтагом. – М., 1909-1917.
  13. Le Koran, traduction nouvelle faite sur le texte arabe / par M. Kasimirski, interprète de la légation française en Perse, 1840, 1841, 1844, Paris, Charpentier, 511 p., 1970, Garnier Flammarion, avec une préface de Mohammed Arkoun, et 1997, Jean de Bonnot.
  14. Остроумов Н.П. Коран. Религиозно-законодательный кодекс мусульман. – Ташкент, 1912.
  15. Остроумов Н.П. Что такое Коран? Туркестанские Ведомости. 1883. № 1–10; Аравия и Коран. роисхождение и характер ислама. “Православный Собеседник” 1896–1898; Коран и прогресс. По поводу умственного пробуждения современных российских мусульман. – Ташкент, 1901; Коран. Религиозно-законодательный кодекс мусульман. – Ташкент,
  16. Саблуков Г.С. О магометанском пении при богослужении // Саратовские губернские ведомости. 1845; Путевые записки двух ходжиев (1751 и 1783 гг). – Казань, 1862; Сличение мохаммеданского учения о именах Божиих с христианским о них учением. – Казань, 1873; Коран, законодательная книга мохаммеданского вероучения. Перевод с арабского. – Казань, (С параллельным арабским текстом); Приложения к переводу Корана. – Казань, 1879; 1898; Сведения о Коране, законодательной книге мохаммеданского вероучения. – Казань, 1884; Рассказы мухаммедан о Кыбле. – Казань, 1889.
  17. Сведения о Коране, законоположительной книге мохаммеданского вероучения / Составил Гордий Саблуков; изд. Комиссии Миссионерского противомусульманского сборника при Казанской Духовной Академии. – Казань: Унив. тип, – 386 с.
  18. Сличение мохаммеданского учения о именах божиих с христианским о них учением / Сост. Г.Саблуков. – Казань: Унив. тип, IV, 220, IV, 197.
  19. Уварова Т. Рец. на кн.: Вера Тольц. “Собственный Восток России”: Политика идентичности и востоковедение в позднеимперский и раннесоветский период. – М.: Новое литературное обозрение, 2013. – 332 с.
  20. Флыгин Ю. Н.П.Остроумов: от выпускника Духовной семинарии до “патриарха туркестановедения”. // Востоковедческие чтения памяти Н.П. Остроумова: сборник материалов / Русская православная Церковь, Ташкентская и Среднеазиатская Епархия, Просветительский отдел; отв.ред. Ю.С. Флыгин. Т.: 2008. – 428 с.
Dilora RADJABOVA,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat
universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi

Check Also

Sukut saqlashning 703 ta eng muhim foydasi (5-qism)

1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism faqat ASOSIYLARIni sanab o‘tamiz ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:   SUKUT saqlashning703 ta eng muhim XISLATI (faqat ASOSIYLARI) Sukut …