Oʻzlikni anglash, eng avvalo, oʻtmishni oʻrganish va tarixni bilishdan boshlanadi. Uzoq oʻtmishga ega Vatanimiz turli zamonlarda har xil nom bilan atab kelingani, shuningdek, uning chegaralari ham muayyan davrlarda oʻzgarib turgani tarixiy manbalardan maʼlum. Hamma davrlarda yurtimiz ulugʻ zotlar, aziz avliyolar vatani sifatida dovruq qozongan. Bunday shaxslar faoliyati haqidagi maʼlumotlarni yoshlar ongiga singdirish ularda vatanparvarlik tuygʻusining shakllanishiga katta yordam beradi. Bu haqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “Diniy ulamolarimiz ham maktablarda maʼrifat, bagʻrikenglik, odob va axloq ilmlarini, Imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi ulugʻ ajdodlarimiz maʼnaviy merosini oʻrgatishi maqsadga muvofiq” [1:148].
XVII asr oxiri – XVIII asr boshlari Markaziy Osiyo tarixida ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy sohada muhim oʻzgarishlar boʻlgan davr hisoblanadi. Bu vaqtga kelib, Markaziy Osiyoning katta qismida bir asrdan koʻproq hukmronlik qilgan Ashtarxoniylar sulolasi (1601–1757) zaiflashib, tanazzulga yuz tutdi. Uning soʻnggi vakili Abulfayzxon (1711–1747) saltanatining parchalanish jarayonlari manbalarda aks etgan. Xususan, tarixnavis Jumaquli Urgutiy Xumuliy bu xususda shunday bayon qiladi:
اما ابو الفیض خان پادشاهی بود ملایم طینت و بی آزار، زیاده از مرسوم از فقرا چیزی نمیخواست طبعش از محاربه و پرخاش متنفر و جانش از تحمل میثاق متفرر مشعوف عيش و طرب تارك طیش و غضب بود از آنجهت فتوری عظیم و ضعف جسیم در قواعد سلطنتش راه یافت قبایل اوزبکیه بیقاعدگی ها برپا کردند. هر کرا اندك قومي بود دعوی سرداری داشت و هر کدام را دستی بود از راه اعتدال پای بیرونگذاشت. از توهمی که در مزاجش طاری گشته بود چند دفعه
امرا و سرداران اوزبکیه را ببهانه مشورت جمع کرده جمعی را قتل .نمود ایلات از وی نفور نموده، اینمعنی علاوه ضعف
و باعث وهن او گردید
Maʼnosi: “Abulfayzxon muloyim tiynatli, beozor bir podshoh edi. Fuqarodan belgilangandan ortiq hech narsa olmas, tabiati jangu jadalni yoqtirmas, ayshu tarabga berilgan, junbush va gʻazabni tark qilgan kishi edi. Shu sababli saltanatiga katta putur yetdi va kuchsizlanib qoldi. Oʻzbek qabilalari orasida tartibsizlik roʻy berib, ozgina qavmi boʻlgan har bir kimsa sardorlik daʼvosini qilar, har qaysisi adolat yoʻlidan chetga chiqish imkoniyatiga ega edi. Bundan tashvishga tushgan xon oʻzbek amirlari va sarkardalarini kengash bahonasi bilan toʻplab, ularning barchasini qatl qildi. Natijada, elatlar undan yuz oʻgirdi, hokimiyati zaiflashdi” [4:192a].
Shu asnoda alohida oʻzlarini mustaqil deb eʼlon qilgan amir va sarkardalar oʻrtasida hokimiyatni egallash uchun urushlar boshlandi.
1709-yilda Fargʻona viloyati Buxorodan siyosiy jihatdan mustaqil deb eʼlon qilindi va Qoʻqon xonligiga asos solindi, Turkiston va Toshkent viloyatlari esa qozoq xonligiga boʻysundirildi. Ayni paytda Eron shohi Nodirshohning Markaziy Osiyoga qilgan yurishi Ashtarxoniylar davlatining butkul yemirilishiga olib keldi. Nodirshoh Ashtarxoniylar sulolasining oxirgi vakili Abulfayzxonni oʻzining Movarounnahrdagi noibi qilib tayinladi. Nodirshoh huzurida harbiy lashkarboshi sifatida xizmatga olingan Muhammad Rahim Mangʻitning hukumat ishlarida taʼsiri kuchliroq edi. 1747-yili Nodirshohning oʻlimidan soʻng Muhammad Rahim Mangʻit Buxoroda Mangʻitlar sulolasiga (1753–1920) asos soldi.
Nodirshoh vafot etmasdan bir necha muddat avval Muhammad Rahimni huzuriga chorlaydi va yorliq berib, uni Buxoroga joʻnatadi. Yorliqda Abulfayzxonni Makkaga – Haj ziyoratiga yuborish, uning oʻrniga hali yosh boʻlgan oʻgʻli Ubaydullaxonni taxtga oʻtkazish, Muhammad Rahimni esa vazir va otaliq vazifasiga tayinlash koʻrsatilgan edi. Muhammad Rahim shitob bilan kelib, Buxoroni egalladi. Abulfayzxon esa Mir Arab madrasasining hujralaridan birida qatl etildi. Ubaydullaxon taxtga oʻtirganidan bir necha kun oʻtgach, ark devoridan qulab, halok boʻladi va Muhammad Rahim rasman hukumat boshqaruvini qoʻlga kiritadi. Bu voqealar manbada shunday tasvirlanadi:
اول پادشاهی که از جماعه منغیت بر اورنگ پادشاهی نشست محمد رحیم خان بود که بعد از شهادت ابو الفيض خان برعاية رسوم اوزبکیه که از زمان ظهور دولت چنگیزخانی تا این زمان آن بود که بغیر از اولاد چنگیزخان بکسی بیعت نمیکردند. بنابرین پسر خان شهید عبید الله خانرا که قریب ببلاغت رسیده بود بخانی برداشته خود بدستور اتالیقی قیام نمود و لشکر را مواجب و احسان آنمقدار بجای آورد که همه از وی راضی شدند. علما و سادات را تعظیم و توقیر بحد کمال ،نموده فقرا و رعیت از استمالت او شاکر گشتند. رسوم و آداب سلطنت و جهانداری را از نادرشاه آموخته بود قواعد پسندیده در ملك نصب نموده، نظام عسکریه که از بی پروایی (193) خان شهید برهم خورده بود، از سر تازگی یافت و صلبيه محترمه خود را در عقد نکاح خانزاده عبید الله درآورد در ایام کورونش اورا بر تخت خانی نشانیده خود بر کرسی وزیری و اتالیقی مینشست و خطبه و سکه را بنام عبید الله خان موشح و مذیل گردانید اکثر امراء قبائل اوزبك منقاد او گردیدند، بعد از ایامی چند عبید الله خان ببالای حصار ارك بخارا باطفال بازی میکرد. ناگاه از شعبده بازی ایام بتماشای چرخ فلک که در آن وقت بنا نموده، ببالا آب از وی می برآوردند، رفته در اثنای تماشا پایش لغزیده از بالای قلعه بزیر افتاده بهلاکت رسید. محمد رحیم خان برسوم عزا و قاعده سوگداری او چنانچه قاعده پادشاهان عظام است قیام نموده، بدخمه آبا و اجدادش بخاک سپارید دُودَۀ چنگیز شاه و پیضه جوجی تباه گردیده دفتر اعتبار آن خاندان مختوم گردید ابو الفیض خان دیگر پسرانش را بدست خود هلاك كرده بود غیر از عبید الله فرزند پسرینه نداشت و شامت فعل فرزندکشی را در خاندان خود بعين اعتبار مشاهده ،نموده نسل آن خاندان از اولاد ذکور منقطع گردید.
Maʼnosi: “Mangʻitlar sulolasidan birinchi boʻlib taxtga oʻtirgan Muhammad Rahimxon edi. Abulfayzxonning vafotidan keyin Chingizxon davridan shu kunga urf boʻlib kelayotgan oʻzbek urf-odatlariga rioya qilib, uning balogʻat yoshiga yetay deb qolgan oʻgʻli Ubaydullaxonni taxtga oʻtqazib, oʻzi Otaliq vazifasini oldi. Vazifasidan kelib chiqib, lashkarni tartibga soldi, barcha undan rozi edi. Ulamo va sayyidzodalarni imkon qadar ulugʻladi, shuningdek, fuqaro ham uning tadbirlaridan minnatdor edi… Oʻzining pushti kamaridan boʻlgan qizini xonzoda Ubaydullaxonga nikohlab qoʻydi, oʻzi vazirlik lavozimiga oʻtirdi. Xutba aytish va pul zarb qilish Ubaydullaxon nomiga boʻldi. Koʻplab oʻzbek amir va beklarini oʻziga boʻysundirdi. Bir necha vaqtdan soʻng Ubaydullaxon bolalar bilan oʻynab yurib, Arkning tepasiga oʻrnatilgan charxpalakni tomosha qilaman, deb pastga qulab tushdi va halok boʻldi. Muhammad Rahimxon barcha rasm-rusumlar bilan uning tanini ota-bobolari yoniga qoʻydi. Abulfayzxonning boshqa oʻgʻil farzandi qolmagani sababli u xonadonning nasli uzildi” [4: 186b-193a].
Muhammad Rahim uch yilga yaqin hukmronlik qildi. Bu davrda u koʻp janglar oʻtkazdi. Qunduzdan Qavadiyongacha boʻlgan Hisor, Koʻlob, Badaxshon, Hinduvon yerlarini oʻziga boʻysundirdi. Uning ismi tangalarga zarb qilinib, nomi xutbaga qoʻshib aytiladigan boʻldi.
Ayrim tarixnavislar Abulfayzxonning oʻlimida aynan Muhammad Rahimbiyning qoʻli bor, deb xabar beradi. Sayyid Nasriddinxon al-Buxoriy ham oʻzining “Tuhfat az-zoirin” asarida: “Abulfayzxon 1747-yili Muhammad Rahimbiy boshchiligida uyushtirilgan fitnaning qurboni boʻldi” [11], deb qayd etadi. Xumuliy “Tarixi Xumuliy”da Muhammad Rahimbiy Erondan qaytib kelganida Abulfayzxonning oʻldirilganini, soʻng uni shohlarga xos izzat-ikrom bilan dafn etib, oʻrniga balogʻat yoshiga yetay deb qolgan oʻgʻli Ubaydullaxonni (1747-1753) xon qilib koʻtarganini taʼkidlaydi. Keyinroq Muhammad Rahimxon unga oʻz qizini nikohlab beradi. Ubaydullaxon oʻn besh yoshida Buxoro arki qalʼasida bolalar bilan oʻynab turib, yiqilib oʻladi va Muhammad Rahim Otaliq taxtga oʻtiradi [4: 189b-192b]. Xumuliy balki Mangʻitlar sulolasidan koʻplab iltifotlar koʻrgani sabablidir, Muhammad Rahimxon nomini qora qilishni istamaydi. Boshqa tarafdan, Abulfayzxonning oʻlimi mantiqan Mangʻitlar foydasiga xizmat qilgan boʻlsa-da, Muhammad Rahimxonning oʻzi shaxsan bu fitnada ishtirok etmagan boʻlishi mumkin.
Muhammad Rahimxon Chingizxon nasli boʻlmagani uchun oʻsha davr odatiga koʻra xon boʻla olmasdi. Shu tufayli u Abulfayzxonning qiziga uylanadi. 1757-1758-yillarda uni tan olmagan viloyatlarga bosqin qilib, koʻplab qirgʻin uyushtirdi va markazlashgan Buxoro davlatini tuzdi. Muhammad Rahimbiy 1758-yil 24-martda vafot etdi.
“Tarixi Xumuliy” asarida Xumuliy Muhammad Rahimxonning davlat boshqaruvini oʻz qoʻliga olishidan to uning qoʻshni viloyatlarga, jumladan, Balx, Badaxshon, Hisor, Xazlon va Qunduzga qilgan zafarli yurishlari, shu bilan birga, uning Oʻratepaga yurishidagi talafoti haqida ham maʼlumotlar mavjud [4:192b-200a].
Muhammad Rahimbiy vafotidan soʻng Mangʻitlar uning oʻrniga amakisi Doniyolbiyni taxtga oʻtqazadi. Rahimbiy vafotidan soʻng qator mintaqalarda qoʻzgʻolonlar boshlanib ketdi. Bu tartibsizliklar tezda bostirildi. Doniyolbiy taxtga Rahimbiyning nevarasi Foziltoʻrani oʻtqazib, amalda oʻzi davlatni boshqarishda davom etdi. Lekin uning hukmronligi boshdan-oxir ichki qoʻzgʻolonlarga toʻla boʻldi. Shuningdek, buxoroliklar 1782-yili Xorazmga bosqinchilik yurishi uyushtirdi. Buxoroda 1784-yili boshlangan qoʻzgʻolon Doniyolbiyni taxtdan voz kechishga majbur qildi. U oʻz oʻrniga oʻgʻli Shohmurodni taxtga chiqardi.
Amir Shohmurod mangʻitlar sulolasiga mansub barcha hukmdorlardan tubdan farq qiladi. U zulm va istibdodga qarshi boʻlib, adolatsizlikka toqat qilmasdi. Uning hukmronligi davrida Buxoro amirligi haqiqiy markazlashgan davlatga aylandi. 1786-1790-yillarda Marvni egallash yakunlandi. Oʻsha zamonda Chingizxon avlodi boʻlgan kimsalar nomi juma namozi xutbalarida oʻqilardi. Uzoq davom etgan moʻgʻullar istilosi xalqning ongini zaharlashga ulgurgandi. Amir Shohmurod davrida ham moʻgʻul Donishmandchi va Abulgʻoziy nomi juma va hayit xutbalarida masjid minbarlarida yangrardi va ular nomidan tanga zarb etilardi.
Doniyolbiy oliy hukmdor boʻlgach, oʻgʻli Shohmurodni Samarqandga hokim etib tayinlagan edi. U Samarqandga kelganida shahar xaroba ahvolda edi. Ijtimoiy sharoitning ogʻirligidan aholi nihoyatda kamayib, shahar qishloq darajasiga tushib qolgan. Uning fidoyiligi va jonbozligi tufayli Samarqandga qaytadan fayz kirdi. U turli joylardan aholini koʻchirib kelib, shahar gavjumlashadi, iqtisodiy va madaniy ahvol ancha tiklanadi. Shohmurod ayniqsa, ilm-fanga jiddiy eʼtibor qaratadi. Xaroba holiga tushib qolgan Shayboniyxon va Xoja Ahror Valiy madrasalarini qayta tiklaydi. Manbalarda aytilishicha, Amir Doniyol 75-yil umr koʻrdi. Amir Doniyol Bahouddin Naqshband mozori yonidagi “Dahmayi shohon” (“Shohlar dahmasi”)da dafn etilgan. Uning oʻn ikki oʻgʻil farzandi boʻlib, hammasidan Amir Shohmurod farosatli, aqlli va taqvodor boʻlgan. Doniyolbiyning katta oʻgʻli Shohmurod manbalarda Amiri Kabir, Amiri Maʼsum, Amiri Gʻoziy, Amiri Jannatmakon, Amiri Valiy va Ikkinchi Umar kabi nomlar bilan ulugʻlangan.
Mangʻitlar sulolasining yirik vakillaridan biri sanalgan amir Shohmurod hokimiyat tepasiga kelgach, oʻzidan oldingi soxta xon va xon unvonini bekor qilib, oʻzini “Amir” deb eʼlon qiladi [5]. Shohmurod davlat boshligʻi – amirlik unvonini taʼsis etar ekan, ushbu unvonning oʻzbek va moʻgʻul urugʻlari anʼanalari bilan emas, balki shariat qoidalari asosida yuzaga kelganini asoslab beradi va shu davrdan boshlab mamlakat rasman Buxoro amirligi deb atala boshlanadi.
Yoshligidan xudojoʻy, porso boʻlib oʻsgan, madrasani bitirib, tariqat yoʻliga kirgan Shohmurod shaxsiyatida hukmdor va soʻfiy sifatlari mujassam. Muarrixlar taʼbiri bilan aytganda, u “soʻfiytalʼat, darveshsurat” kishi edi. Bizningcha, u Samarqand hokimligi mansabida uzoq vaqt turmagan boʻlsa kerak. Chunki baʼzi tarixiy manbalarda hammollik bilan kun kechirgani yozib qoldirilgan.
“Tarixi Xumuliy”da Amir Shohmurod Maʼsum faoliyati kengroq yoritilgan. Bunga qator sabablar bor: birinchidan, Xumuliy aynan shu hukmdor zamonida yashagan boʻlsa, ikkinchidan, ular bir tariqat, yaʼni Naqshbandiya-Mujaddidiyaga mansub boʻlgan. Xumuliy maʼlumotlariga koʻra, hatto Muhammad Doniyol taxtda oʻtirgan paytda ham hukumat ishlari Shohmurodning maslahati yoki bevosita ijrosi bilan amalga oshirilar edi[1]. Amir Doniyolning Karmana, Miyonqol, Qarshi, Kitob, Shahrisabz, Keshga qilgan yurishlarida lashkarni aynan Shohmurod boshqargan. Bu haqda Xumuliy shunday deydi: “Amir Doniyol davlati mustahkamlangach, mamlakatni boshqarishdagi barcha ishlarni suyukli oʻgʻli amir Maʼsumga topshirdi” [4:201a-208b].
ذکر جلوس سعادت مانوس سلطان السلاطین برهان الخواقین مجدد الملة محيى السنة، ماحى البدعة و الضلالة و حامي الشريعة و الهداية، نور الخلفاء شمس العرفاء ، حجة الرحمان، رحمت المنان فاروق الزمان، مهدی ،دوران مصباح الطريقة، منهاج الشريعة، ظهير المسلمين مغيث المساكين ملاذ الامم ملجأ العالم فخر الاوتاد نجم الافراد اعنى جامع الخلافة الحقيقى و المجازی امیر المؤمنين المعصوم شاه مراد الغازی انار الله تعالی برهانه
Maʼnosi: “Baxt charogʻi, sultonlar sultoni, xoqonlar hujjati, din mujaddidi va sunnat tiriltiruvchisi, bidʼat va zalolatni yoʻq qiluvchi, shariat va hidoyat himoyachisi, xalifalar nuri, oriflar quyoshi, Rahmonning hujjati, Mannonning rahmati, zamonaning Umar ibn Xattobi, Mahdiy, tariqat chirogʻining davroni, shariat dasturi, musulmonlar suyanchigʻi, miskinlar yordamchisi, olamning quvvati, rahbarlarning faxri, insonlarning yulduzi, nazarda tutganim haqiqiy va ramziy xalifalik jamlovchisi, moʻminlar amiri Shohmurod Gʻoziy Maʼsumdir [4:213b].
XVII-XVIII asrlar Movarounnahr ijtimoiy-falsafiy fikr tarixida muhim davr ekanini taʼkidlab, bu davrda adabiyot, sanʼat, meʼmorchilik, sheʼriyat, tarix, falsafa bilan bir qatorda tasavvuf ham rivoj topdi.
Ashtarxoniylar davrida Oʻrta asr anʼanaviy tarixnavisligi davom ettirilib, koʻpgina tarixiy adabiyotlar yaratildi. Ular ichida Mahmud ibn Valining XVII asr oxiri – XVIII asr boshlaridagi Xuroson va Movarounnahr tarixiga oid “Baxr al-asror” [6:412], Muhammad Yusuf Munshiyning “Tarixi Muqimxoniy” [9:210], Samandar Termiziyning “Dastur al-muluk” [12:435], Mir Muhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullanoma” [7:305], Abdurahmon Davlat (Toleʼ)ning “Tarixi Abulfayzxon” [2] kabi asarlar alohida oʻringa egadir. Bu asarlarda XVII – XVIII asrdagi ijtimoiy, siyosiy, madaniy, iqtisodiy muammolar haqida maʼlumot berilgan.
Samarqandlik yana bir shoir Muhammad Badeʼ Samarqandiy (1641-1692) qalamiga mansub 200 ga yaqin ijodkor hayoti va ijodi haqida maʼlumot beruvchi “Muzakkirul asʼhob” [10:217] asari shu davr mahsulidir. Bu majmuadagi maʼlumotlar XVII-XVIII asrlar ijtimoiy-madaniy hayoti haqida aniq tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar rivojiga oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Bu davrda Turdi Farogʻiy (vaf.1700), Soʻfi Olloyor (1644-1724), Boborahim Mashrab (1657-1711), Abdulaziz Majzub Namangoniy (XVIII asr oxiri – XIX asr 1-yarmi), Musoxonxoja Dahbediy kabi buyuk ijodkorlarning ijodiy faoliyati jamiyat hayotida adolat ustunlik qilishi uchun kurashning oʻziga xos ifodasidir.
Xumuliy keltirilgan voqea-hodisalarning koʻpchiligida shaxsan ishtirok etgan boʻlib, oʻzi koʻrgan va eshitganlarini haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslangan holda bayon etadi. Shuningdek, u tarixiy maʼlumotlarni toʻplash va oʻziga nomaʼlum boʻlgan voqealarni oydinlashtirish maqsadida oʻzidan oldin oʻtgan xalq ommasi hamda ziyolilar doirasida moʻtabar hisoblangan tarixiy manbalarni ham sinchiklab oʻrganadi. Jumladan, Ashtarxoniylar sulolasining tanazzulga yuz tutishi hamda Movarounnahrda bu sulola hukmronligiga asos solinishiga oid voqealar tafsilotini “Tuhfat al-xoniy”dan [8] olganini muallif alohida zikr etadi [4: 183b].
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Jumaquli Urgutiy Xumuliy oʻz asarida keltirilgan va boshqa manbalarda uchramaydigan maʼlumotlar bizga oʻsha davrdagi diniy, siyosiy va ijtimoiy vaziyat haqida aniqroq tasavvurga ega boʻlish imkonini beradi. Shuning barobarida Musoxon Dahbediy haqida batafsil maʼlumot beruvchi ushbu nodir manba uning shaxsi orqali Naqshbandiya – Mujaddidiya tariqati tarixini oʻrganish, ilmiy tahlil qilishda muhim asos boʻlib xizmat qiladi.
Muallifning bevosita ushbu tariqatga mansubligi, voqea-hodisalarni shaxsan oʻzi izchillik bilan kuzatishi, tekshirishi, moʻtabar manbalarga asoslanib bayon qilishi keltirilgan maʼlumotlarning ishonchli ekanini koʻrsatadi.
XVIII asr oxiri – XIX asr 1-yarmida yashab ijod etgan shoir va Naqshbandiya tariqatining taniqli vakillaridan yana biri Majzubning “Tazkirayi Majzubi Namangoniy” nomli nasriy asari boʻlib, u “Tazkirat al-avliyo” deb ham ataladi. OʻzR FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida mazkur asarning uchta nusxasi saqlanadi [3:374]. Asar VII asrdagi ijtimoiy-siyosiy, diniy-madaniy vaziyat haqidagi qiziqarli va muhim maʼlumotlarni oʻzida jamlagani bilan qimmatlidir. Unda, ayniqsa, oʻsha davr yetuk diniy arboblarining faoliyati batafsil yoritilgan. Xususan, Musoxon Dahbediy va uning izdoshlari hayoti va faoliyati haqida qimmatli asar hisoblanadi.
Buxoro amirligini Mangʻitlar sulolasidan Shohmurod 1785-1800-yillarda boshqargan. U manbalarda Mujaddidiya vakili sifatida tilga olinadi. Uning hukmronligi davrida u boshqargan hududlarda Naqshbandiya-Mujaddidiya tariqatining keng quloch yoygan va gullagan bir palla boʻldi. Uning davrida mujaddidiy shayxlar davlatning asosiy tayanchi edi. Amir Shohmuroddan soʻng uning oʻgʻli Amir Haydar 1800-1826-yillarda Buxoroni boshqardi. U ham otasining siyosatini davom ettirib, Mujaddidiya tariqati tarafdorlarini oʻz himoyasiga oldi.
- Mirziyoyev Sh.M. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari. – T.: Oʻzbekiston, 2020.
- Abdurahmon Toleʼ. Tarixi Abulfayzxon. OʻzRFA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi. Inv. № XI.
- Asar nusxalari FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar asosiy fondida 2662/II, 1337, 10169 tartib raqamlari ostida saqlanadi. Yana q: SVR, III.
- Jumaquli Xumuliy. Tarixi Xumuliy. OʻzRFA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi. – I № 37/VI.
- Zamonov A., Egamberdiyev A. Buxoro amirligi tarixi (XVIII asr oʻrtalari – XIX asr oʻrtalari). – T., 2022.
- Mahmud ibn Vali. Bahr al-asror. OʻzRFA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi. Inv. № 82372.
- Mir Muhammad Amin Buxoriy. Ubaydullanoma. – T.: Fan, 1957.
- Mir Muhammad Vafoyi Karminagiy. Tuhfat al-Xoniy. OʻzR FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi. Inv. № 4263.
- Muhammad Yusuf Munshiy. Tarixi Muqimxoniy. – T., 1956.
- Muhammad Badeʼ ibn Muhammad Sharif Samarqandiy. Muzakkir ul-asʼhob. – Samarqand, 1891. 217 v.
- Sayyid Nosiriddinxon toʻra Abulfayzxonning oʻgʻlining ismini Abdulmoʻminxon deb keltiradi va uni 10-yil hukmronlik qilgan va qatl qilingan, deydi. Batafsil maʼlumot uchun q.: Sayyid Nosiriddinxon Toʻra. Tuhfat az-zoirin. OʻzR FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi. – I № 2193.
- Xoja Samandar Termiziy. Dastur al-muluk (Hukmdorlar dasturi) / tarj. Mahmud Hasaniy. – T., 2016.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





