Qarz soʻzining lugʻaviy ma’nosi “qirqish”dir. Bu qarz beruvchining oʻz molidan ma’lum boʻlakni “qirqib”, qarzga berishini anglatadi. Qarz biror shaxs yoki tashkilot tomonidan boshqa shaxs yoki tashkilotga belgilangan muddatda qaytarish sharti bilan olingan pul yoki boshqa resurslardir. Odatda qarz beruvchi qarz oluvchiga ma’lum maqsad asosida qarz beradi. Oldi-berdi jarayonida qarz beruvchi qarz oluvchining moliyaviy imkoniyati yaxshilanishini ta’minlaydi.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, odamlarda qarz olishga bo‘lgan qiziqishning bir nechta sabablari bor:
Birinchisi moliyaviy yetishmovchilik boʻlib, odamlar oʻzining moliyaviy ehtiyojlarini qondirish uchun qarz oladi. Masalan, uy sotib olish, ta’lim olish, tibbiy xizmat yoki avtomobil xarid qilish maqsadida katta miqdorda qarz olishga majbur boʻladi.
Ikkinchisi, iqtisodiy imkoniyatlar bilan bogʻliq boʻlib, qarz olish orqali odamlar oʻzining iqtisodiy imkoniyatini kengaytirish, biznes boshlash yoki investitsiya qilishga urinadi.
Uchinchisi, hoy-u havas va ortiqcha istak-xohishlar boʻlib, bu odamlarni oʻziga keraksiz narsalarni xarid qilishga majbur qiladi.
Toʻrtinchisi, reklama va marketing boʻlib, koʻzni quvontiradigan va aldamchi va’dalarga asoslangan reklama va marketing savdosi odamlarni qarz olishga majbur qiladi.
Beshinchisi, ijtimoiy tarmoqlardagi ta’sir, boshqalarga havas qilish ortidan ularga oʻxshashga intilish, oʻziga keraksiz narsalarni xarid qilish bo‘lib, bu jamiyat a’zolarida hashamat va maishatda yashash, oʻzini koʻrsatib qoʻyish kabi hislarni uygʻotadi. Boshqalarning hayotiga havas qilish odamlarni qarzga botiradi.
Oltinchisi, moliyaviy savodsizlik boʻlib, bu ularni qarz olish xavfiga duchor qiladi. Ular qarz olish va uni oʻz vaqtida qaytarish shartini toʻliq anglamaydi. Qarz ustiga qarz olib, qarzlarini qarz hisobiga yopishni xayol qiladi. Natijada, qarz “bola”lab, boʻynigacha qarzga botish xavfini oshiradi.
Mavzuga oid adabiyotlar tahlili. Iqtisodiy islohotlar sharoitida soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish tizimini isloh qilish va soliq siyosatini toʻgʻri shakllantirish, shaxslarda qarzdorlikning vujudga kelishi va ularni undirish bilan bogʻliq muammolarning nazariy jihatlari boʻyicha bir qancha xorijiy va respublikamiz olimlari tomonidan izlanish va tadqiqotlar olib borilgan.
Xorijlik iqtisodchi olimlardan O.Bondar [1], O.Аbduraxmanov va boshqalar qarzdorlik muammolari yuzasidan tadqiqot olib borgan. Oʻzbekistonlik iqtisodchi olimlar va mutaxassislar Sh.Gataulin, R.Gulyamov, K.Djurayeva, K.Tolipov, M.Mirzayev, R.Аbdukarimov, R.Nazirova, А.Musayev [2] va boshqalar tomonidan iqtisodiyotda soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikning paydo boʻlishi hamda uni kamaytirishga doir tadqiqotlar amalga oshirilgan.
Qarz va uning mohiyatini toʻliq ochib berishda tarixiy va zamonaviy kontekst va ijtimoiy-falsafiy tahlil metodlaridan foydalanildi.
Tarixiy va zamonaviy kontekstdagi qarz muammosi. Tarixda qarz muammosi insoniyatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida katta oʻrin tutgan. Qur’oni karimning qarz masalasiga oid oyatlarida qarz oluvchi va beruvchining mas’uliyati va o‘zaro munosabatda adolatli bo‘lishga chaqirilgan. Is’hoqxon Toʻra Ibratning “Qarz” musaddasida ham qarzning ijtimoiy va iqtisodiy ta’siri chuqur tahlil qilingan. Shoir qarzning avom xalq hayotiga ta’sirini, ularni iqtisodiy qiyinchilik, ishsizlik va qanoatsizlikka olib kelishini ta’kidlaydi. Zamonaviy jamiyatda esa, qarz va unga bog‘liq bir qancha faktlarni keltirishimiz mumkin. Qarz masalasi shaxslar, shaxs va davlat muassasalari (bank v.b) davlatlar o‘rtasida ham bo‘lishi mumkin. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2018-yilning birinchi yarmida jami pul va boshqa qimmatbaho buyumlarni firibgarlik yo‘li bilan qarz niqobi ostida olib, qaytarmagani sababli 128 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari sudda ko‘rilgan. Ularning 108 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 35 nafariga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi, qolganlariga nisbatan esa, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan. Xuddi shu davrda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga qarzni undirish to‘g‘risida 5823 ta da’vo ariza berilgan. Shundan 4515 ta da’voni qanoatlantirish, javobgarlardan jami 67 milliard so‘mlikdan ziyod qarzni da’vogarlar foydasiga undirish haqida hal qiluv qarori chiqarilgan. Shuningdek, 503 ta da’vo talabi asossizligi sababli rad etilgan, 412 ta holatda javobgar taraf da’voni tan olib, qarzni qaytargani sababli fuqarolik ishi tugatilgan [3].
Is’hoqxon Toʻra Ibrat “Qarz” musaddasida qarzni “olam elin mariz qiluvchi” va “xalq boshiga balo” deb ta’riflaydi. Musaddasning ilk satrlarida qarzning jamiyatga qanday ta’sir qilishi haqida mulohaza yuritilgan. Kishi oʻzining moliyaviy qiyinchiligini yengish uchun qarzga botadi, lekin bu qarz unga koʻproq muammolarni keltirib chiqaradi. Shoir qarzning jamiyatga boʻlgan salbiy ta’sirlarini ifodalashda oʻz zamonasi va avvalgi davrdagi odamlarning qarz olishga boʻlgan munosabatlarini solishtiradi.
Bundan tashqari, zamonaviy iqtisodiy sharoitda kredit madaniyati yetarlicha rivojlanmagan va odamlar koʻpincha qarz olishdan oldin uning oqibatlarini toʻliq anglamaydi. Ko‘p holatlarda o‘rtadagi ishonch va istihola sabab, qarz beruvchi va qarz oluvchi o‘rtasidagi ushbu munosabat qonuniy rasmiylashtirilmaydi. Oqibatda, qarz oluvchining noinsofligi yoki to‘lov imkoniyati bo‘lmagani sababli qarzni qaytarish masalasida nizo kelib chiqadi. Qarzdorlik – ijtimoiy notinchlik, jinoyatchilik va boshqa ijtimoiy salbiy oqibatlarga olib keladi. Bu holat, ayniqsa, iqtisodiy oʻsish va qashshoqlikni kamaytirish maqsadida kreditlarning keng tarqalishi bilan yanada kuchaymoqda.
Fikrimizcha, imkon qadar qarz olmaslik, mabodo qarz olishdan boshqa yoʻl topilmasa, qarz olishdan oldin uning barcha oqibatlarini sinchiklab oʻylab koʻrish, qarzni toʻlashga qodir boʻlishiga ishonch hosil qilish va qarzga botishdan kelib chiqadigan xavflarni kamaytirish uchun avvaldan chora-tadbir koʻrish maqbul ishdir.
Donolarning “Qarz ketadi oʻynab, keladi yigʻlab” degan maqoli bor. Buning zamirida odamlarga qarz olish yengil va yoqimli koʻrinishi, qarz olishning osonligi, qarzni qaytarishning qiyinligi, qarzdorlikning ogʻir oqibatlari ifodalangan. Qarzdorlik insonni moliyaviy muammolar, iqtisodiy notinchlik, ishsizlik, oilaviy mojaro va boshqa muammolarga duchor qiladi. Shuning uchun qarzdorlik ular uchun ogʻir va alamli boʻladi.
Tarixga nazar solinsa, qarz mavzusi insoniyat tarixi davomida doimo dolzarb boʻlgani, har qanday jamiyatda qarz olish va qaytarishga boʻlgan munosabat, qarzdorlikning axloqiy va huquqiy jihatlari muhim ahamiyat kasb etganini ko‘rish mumkin. Qarz oldi-berdisi Qur’oni karimning “Ey imon keltirganlar! Ma’lum muddatga qarz oldi-berdi qilgan vaqtingizda uni yozib qoʻying… Hech bir yozuvchi Alloh bildirganidek qilib yozishdan bosh tortmasin. Bas, yozsin va haq zimmasiga tushgan kishi aytib tursin. Robbiga taqvo qilsin va undan hech narsani kamaytirmasin [4]” degan oyatida muhrlangan. Fikrimizcha, qarz oldi-berdisi oʻta mas’uliyatli ish boʻlgani uchun Qur’oni karimning bir necha oyatlarida eslatib o‘tilgan.
Hadislarda ham qarz masalasiga jiddiy qaralib, qarz olib, bermay ketish birovning haqqini botil yoʻl bilan yeyishdan ham ogʻir ekani ta’kidlangan. Qarz zamirida birovning molini nohaqdan yeyish bilan birga, oʻziga yaxshilik qilgan insonga yomonlikni ravo ko‘rish, nonkoʻrlik qilish, insofsizlik kabi illatlar mujassam. Musulmonchilikda har qanday yoʻl bilan boʻlsa ham, molni isrof qilish, behudaga sarflash, qarzga pul olib, uni toʻgʻri tasarruf qilmaslik qattiq qoralanadi. “Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v) “Zimmasidagi qarzni toʻlashga qodir odamning qarzini ataylab toʻlamay yurishi (qarz bergan odamga nisbatan) zulmdir) [5].
Hadisda boyning zimmasidagi haqni bermay yurishi zulm ekani, moliyaviy burchini ado etmay yurgan boylar avvalgi zamonlarda boʻlgani kabi bugungi kunda ham koʻplab topiladi. Hadislardan xabardor bo‘lmagani natijasida zamonaviy musulmon jamiyatida boylarning imkoni boʻla turib, ham bankning, ham odamlar haqini bermasligi oddiy holga aylanmoqda.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasidagi qonunchilik tizimida qarz oldi-berdi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Fuqarolik kodeksining 41-bobida qarz va kredit masalalariga doir normalar belgilangan. Fuqarolar o‘rtasidagi qarz shartnomasi, agar bu qarzning miqdori eng kam ish haqining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart. Mabodo shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa, u holda qarz miqdoridan qat’i nazar o‘rtadagi shartnoma yozma shaklda tuzilishi belgilab qo‘yilgan.
Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik Fuqarolik kodeksining 109-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi. Bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligini anglatmaydi, biroq nizo kelib chiqqan taqdirda, taraflarni bitimning tuzilgani, mazmuni yoki bajarilganini guvohlarning ko‘rsatmalari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi [6].
Kishi zimmasidagi qarzini uzmasdan oʻlib ketishi [7] gunohi kabiralardan keyingi ogʻir gunoh boʻlib, Allohning yoʻlida uch marta shahid boʻlsa ham, uning zimmasidagi qarzi ado etilmagunicha jannatga kirmasligi aytilgan. Buning izohi shuki, qarz qarz berganning haqi, bu haqni faqat qarz bergan kechadi. Bu haqiqatni bank boʻladimi, davlatmand odam boʻladimi, undan qarzini uzmay yurgan qarzdor odamlar toʻgʻri anglashi shart. Hozirga qadar janoza namozi oʻqilishidan avval mayitning qarzi bor-yoʻqligi soʻraladi. Vafot etgan odamning qarzi boʻlsa, uning yaqinlaridan biri oʻz zimmasiga olganidan keyin janoza namozi oʻqiladi [8].
Yuqoridagi fikrlardan anglashiladiki, qarz “asr balosi” degan ta’rifdan ham koʻra chuqurroq ma’noga egadir. Bu masala alloma Is’hoqxon Toʻra Ibratning nazaridan chetda qolmagan. Mutafakkir qarz haqida zamondoshlarining fikr-mulohazalarini tahlil qilgan. Unda qarz olishning naqadar xatarli ekani, qarz odamni kasallikka giriftor qilishi, qanoatsizlik va yoʻqsillik tufayli qarz tuzogʻiga tushib qolgan odamning holati, qarz olish odamlar oʻrtasidagi munosabatlarni buzishi, avom xalqning qarz olib, qarzni yopib, yana qarzga botishi, qarz muammosi birgina Turkiston xalqlarining emas, jahon xalqlari boshiga tushgan “savdo” deb ta’riflanib, qarzning odamlarni qullikka majbur qilishi, ularni oʻz erkidan mahrum qilishi ishonarli tarzda ifodalangan.
“Qarz” musaddasining ilk satrlaridayoq qarzning “olam elin mariz” qilishi, “xalq boshiga balo” ekani, “jahon xalqi mubtalo” boʻlganini “da’vo” [9] qilib, “qarzning davosi bormi?” [8] deb qo‘yadi. Shoir qarzning jamiyatga qanday ta’sir qilishi haqidagi “iddao” bilan qarzning jahon miqyosidagi xavflilik darajasini koʻrsatishga harakat qilgan. Shuningdek, qarz odamlarni qiyin ahvolga solishi, doʻstlikni buzishi va xalq taqdirini xatarga qo‘yishi, inson qanoatsizlik va havasga berilmasligi hamda qarzga botishdan saqlanishi haqida mulohaza yuritgan. Haqiqatan ham, havas, ortiqcha xohish, moliyaviy qiyinchilik, ishsizlik va kambagʻallik qarz olish uchun bahonadir.
Is’hoqxon Toʻra Ibrat zamonasining hushyor ma’rifatli kishisi sifatida qarz muammosini jamiyatdagi dolzarb masala sifatida koʻrsatib, uning oqibatlarini chuqur tahlil qilgan. Shoir oʻz davridagi qarz madaniyatini, qarz olish va qaytarishga boʻlgan munosabatni aniq aks ettirgan. Musaddasning asosiy gʻoyasi qarzga boʻlgan mas’uliyatni anglatish, qarzni oʻz vaqtida qaytarish zarurligini ta’kidlash, bankka qarzga borishdan oldin oʻylab koʻrish, moliyaviy savodsizlikni yengish va qarz madaniyatini rivojlantirish zarurligini eslatishdir. Vaholanki, mavzu eski, ya’ni ikki asr avval muammo sifatida koʻtarilgan boʻlsa ham, qarz masalasi yangiligicha qolmoqda.
Qarz muammosi ijtimoiy notinchlik, jinoyatchilikning koʻpayishi, kambagʻallikning oshishi kabi ijtimoiy oqibatlarga olib keladi. Shuning uchun ham mutafakkirning qarz haqidagi ogohlantirishi bugungi kun uchun aytilgandek dolzarb ahamiyatga ega. Ibrat she’rda qarz olinishini paxta yetishtirish bilan bogʻlab, qarz olgan kishi paxta hosilini sotib, qarzni qaytarishga va’da bergan, lekin qarz olingan pul sarf-xarajatga ketib, qaytarishga imkoni yetmay qolgan:
Is’hoqxon Toʻra Ibrat qadimda xalqlarning iqtisodiy ahvoli yaxshi boʻlgani, xalq iqtisod qilishni bilgani, avvalgi hayot hasham va fasoddan holi boʻlganini ta’kidlaydi. Shuningdek, xalqning hisob-kitob, ilm-fan bilan shugʻullanishini ta’kidlagan holda, bu davr odamlarining sarhisobi, ijtihod qilish darajasi pasayib ketgani, iqbol-u istiqboli yomon ahvolda ekani, murodi hosil boʻlmaganini afsus bilan qayd etadi. Bundan tashqari, xalqning iqtisodiy ahvoli va ma’rifat darajasining pastligi qarzga olib borishini ta’kidlaydi:
Masalaning yana bir muhim aspekti kishilarning ilm-fanga befarqligi, ijtihod qilmasligi bilan izohlanadi. Ilm-fanga befarqlik, uning ahamiyatini anglamaslik, jaholat, uzoqni ko‘ra olmaslik bilan bogʻliq boʻlib, bu holat jamiyat yuksalishiga salbiy ta’sir koʻrsatadi.
Is’hoqxon Toʻra Ibrat bank foizlari va qarz mavzusiga bu tariqa yondashuvi mutafakkir ijodining hayot haqiqatlari bilan mushtarakligini koʻrsatadi. Odamlarning ortiqcha havas va hashamga berilishida reklama va marketingning ta’siri yuqori boʻlib, reklamaning imkoniyatlari televideniyedan boshlab, radio, gazeta, jurnal, internet, bilbord, yoʻllardagi pannolar kabi koʻplab vositalar orqali tarqatiladi. Marketing esa reklamadan tashqari bozorni oʻrganish, narx belgilash, iste’molchilar bilan munosabatlarni rivojlantirish, ularni tovar olishga qiziqtirish, xaridga sovgʻa yoki yutuq qoʻyish bilan odamlarni aldash, keraksiz narsalarni xarid qilishga ixtiyoriy “majbur” qiladi. Reklama va marketingda raqobatning notoʻgʻri shakllanishi, narxlarning sun’iy oshishi, sifatsiz tovarlar sotilishiga olib keladi. Iste’molchilar, qachonki moliyaviy savodxonlik darajasi oshsagina, bunday holatlar ta’siridan holi boʻladi:
Demak, odamlar oʻzidagi bor narsaga qanoat qilmasa, koʻproq va keraksiz narsalar olishga haris boʻlsa, umrining mazmunini “latta-putta” va uy jihozlari bilan belgilasa, hashamatli kiyim kiyib, shirin va lazzatli taomlar yeb, hashamatli turmush kechirish ularning ma’rifatiga toʻsiqdir. Hashamatli turmush tarzi odamni xarob qiladi. Buning dalili mutafakkirning quyidagi satrlarida yana ham ravshan ifoda etilgan:
Is’hoqxon Toʻra Ibrat qarzning keng tarqalganini Fargʻona aholisining qarzdorligi misolida koʻrsatib, muammoning naqadar jiddiyligini ko‘rsatishga harakat qilgan. Odamlarning qornini toʻydirish uchun ham qarzga botishini “ming soʻm aqalli qarz boʻlib, boʻlsa qorni toʻq” deb ta’riflagan. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, qarz miqdorining oz boʻlishiga qaramay, u odamlarni qarzdorlik muammosiga yoʻliqtiradi.
Is’hoqxon Toʻra Ibratning qarz haqidagi ogohlantirishlari bugungi kunda ham dolzarbdir. Masalan, mikroqarzlar odamlarning moliyaviy savodxonligi yetarli darajada bo‘lmagani tufayli qarz toʻlashdagi qiyinchiliklarni tugʻdirmoqda. Aslida, mikroqarz kichik miqdordagi qarz boʻlib, asosan, kambagʻal va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishni boshlagan moliyaviy resursga ega boʻlmagan shaxslarga beriladi. Mikroqarz miqdori oz boʻlgani uchun uni qaytarish imkoniyati ham katta. Shunga qaramay, mikroqarzlarning ulushi katta boʻlgani uchun u qarzga botish xavfini vujudga keltiradi.
Bugungi kunda “moliyaviy piramida”lar orqali ham odamlarning pullarini oʻzlashtirish holatlari uchramoqda. “Moliyaviy piramida”lar gʻayriqonuniy moliyaviy sxema bo‘lib, unda yangi a’zolar guruhga kirish uchun toʻlagan pulning bir ulushi avvalgi a’zolarga toʻlanadi. Bu yerda asosiy maqsad guruhga yangi a’zolarni jalb qilish orqali pul jamgʻarish va avvalgi a’zolarni aldash boʻlib, yuz foizli daromad olish haqidagi va’dalar yolgʻon, iqtisodiy faoliyat yoʻqligi uchun beqaror, ya’ni bugun bor, ertaga yoʻq. Bu guruhga adashib kirib qolgan odamlar huquqiy asosi (shartnoma, bitim) boʻlmagani uchun sarflagan pulini qaytarib ololmaydi. Ommaviy axborot vositalarida yuz foizli daromad haqidagi va’dalarga ishonmaslik haqida eslatilsa ham, odamlar oʻta qiziquvchan, ishonuvchan va soddaligi tufayli bunday piramidalar hozirga qadar turli shakllarda “yashab” kelmoqda.
Moliyaviy savodxonlikni oshirish, qarz madaniyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan taklif va tavsiyalar quyidagilardan iborat:
- Qarz olishga borishdan avval inson oʻz-oʻziga savol berishi va aniq javob olishi kerak: Qarz olishga ehtiyojim bormi? Ichki imkoniyatlarimni ishga solishim mumkinmi? Qarz oldim, uni toʻlashga qodirmanmi? Qarzning foiz stavkasi qanday? Qarzning muddati qancha? Qarz olishdan kelib chiqadigan xavf bormi? Bu kabi savollarga toʻliq javob olgandan soʻng bankdan qarz olish mumkin.
- Moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va ta’lim tizimida qoʻllash lozim.
- Qarz madaniyatini shakllantirish, uni targʻib etish, odamlarning qarz olish va qaytarishga boʻlgan mas’uliyatning ta’sirchanligini oshirish uchun OAV, diniy tadbirlarda moliyaviy savodxonlikka doir ma’ruzalar, koʻrsatuvlar, radioeshittirishlar, videoroliklar va boshqa shunga o‘xshash vositalar orqali targʻib qilish kerak.
- Qarz oldi-berdi jarayonida shartnoma tuzish tartibiga o‘zgartirish kiritib, maxsus himoyalangan va raqamlangan blankalar chiqarish tavsiya etiladi.
- Maktab dasturlaridan boshlab oʻquvchilarga moliyaviy savodxonlik darslarini kiritish, oʻquvchilarga pul topish, pulni tejash, sarflash, investitsiya qilish, qarz olish, qarz toʻlash kabi moliyaviy masalalarni tushunishga oʻrgatish maqsadga muvofiq.
Moliyaviy xizmatlarni takomillashtirish, moliyaviy maslahat markazlarini tashkil etish, moliyaviy savodxonlik yoritilgan ommabop risolalarni tarqatish.
Bu kabi usul va vositalar jamiyatda odamlarning moliyaviy bilimini takomillashtirish va qarz, kredit olish masalasiga ongli munosabat shakllanishiga yordam beradi. Ulug‘ allomalarimizning qarz oldi-berdi bilan bog‘liq pand-u nasihatlari hayotning o‘zidan olingan, hech qachon eskirmaydigan maktabdir. Qarz so‘rashdan avval inson ongli mushohada yuritib, qilayotgan ishining ertasini oldindan o‘ylab ko‘rsa, oldi-berdida to‘g‘ri yo‘lni tutsa, fuqarolik munosabatlarini qonuniy tartibda rasmiylashtirsa, halollik, rostgo‘ylik va adolatni oliy mezon deb bilsa, hech qanday muammoli vaziyatlar kelib chiqmaydi.
-
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Al-Jome’ as-Sahih. Ishonarli to‘plam. 2-jild. N.Ibrohimov va Mirzo Kenjabek tahriri ostida. – T.: Qomuslar Bosh tahririyati, 1992. – B.43.
-
Бекон Ф. Сочинения в двух томах. Т.2. – М.: Мысль (Филосовское наследие), 1978. – C.575.
-
Гатаулин Ш.К. Налоги и налогообложение. Учебное пособие. – Т.: Издательский дом “Мир экономики и права”, 1996. – С.303.
-
Is’hoqxon To’ra Ibrat. Tanlangan asarlar. Mas’ul muharrir B.Qosimov. – T.: Ma’naviyat, 2005. – B. 65.
-
Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. Baqara surasi, 282-oyat / Tarjima va izohlar muallifi A.Mansur. – T.: Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2004. – B. 48.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. 7-juz. Namoz kitobi. Janoza namozi. –T.: Hilol nashriyot matbaasi, 2018. – B.328.
-
Xolmo‘min Yodgorov. Qarz oldi-berdisi: bu boradagi munosabatlarning ayrim jihatlari haqida. 2018.09.28.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





