Home / HALOLLIK VA MA'RIFAT / HALOLLIK – JAMIYAT BARQARORLIGINING ASOSI

HALOLLIK – JAMIYAT BARQARORLIGINING ASOSI

Halollik imonning quvvati va jamiyatning mustahkam tayanchidir. Bu tushuncha nafaqat moddiy boylik topishning oʻzi, balki oʻsha uning manbai, yoʻllari va sarflanishi ham pok boʻlishi lozimligini anglatadi. Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, qaysi jamiyatda halollik va diyonat ustuvor boʻlgan boʻlsa, oʻsha yerda tinchlik, baraka va taraqqiyot hukm surganini koʻramiz. Aksincha, harom luqma, zulm va xiyonat avj olgan jamiyatlarda maʼnaviy inqiroz, ijtimoiy parokandalik, iqtisodiy tushkunlik yuzaga kelgan.

Halol rizq avvalo insonning qalbini poklaydi. Pok qalb esa toʻgʻri fikr, sogʻlom eʼtiqod va goʻzal xulq-atvor manbaidir. Harom rizq qalbni qoraytiradi, insonni gunohga moyil qiladi va jamiyatda turli illatlar koʻpayishiga boʻlishiga sabab boʻladi. Bu borada Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Halol rizq izlash har bir musulmon uchun vojibdir” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Mazkur hadis halol mehnat va pokiza rizq shunchaki dunyoviy zarurat emas, balki ibodat darajasidagi masʼuliyat ekanini anglatadi. Halol rizqning barakasi, ayniqsa, oila va farzandlar tarbiyasida yaqqol namoyon boʻladi. Ota oila aʼzolariga olib kelgan har bir luqmasi uchun masʼuldir. Halol nasiba bilan voyaga yetgan farzandning qalbi pok boʻladi. Qadimda solih ayollar erlarini ishga kuzatayotib: “Ochlikka chidaymiz, ammo harom luqma bilan bizni doʻzaxga boshlamang (u azobga dosh berolmaymiz)”, der ekan.

Harom luqma har tomonlama zarardir. U hatto duolarning ijobat boʻlishiga ham toʻsqinlik qiladi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi toʻzib, ust-boshi chang boʻladi. Qoʻllarini osmonga choʻzib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Xoʻsh, uning duosi qanday ham ijobat boʻlsin!” (Imom Muslim rivoyati). Bu ogohlantirish har bir moʻminni sergaklantirishi kerak.

Halollik hukmron boʻlgan jamiyatda iqtisodiyot sogʻlom rivojlanadi, ijtimoiy adolat qaror topadi, boy bilan kambagʻal oʻrtasidagi tafovut, yaʼni adovatga olib boradigan keskin farqlar kamayadi. Bu esa davlat qudrati va xalq farovonligining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Islomda mehnat ulugʻlangan. Rifoa ibn Rofeʼ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan “Qaysi kasb eng halol?” deb soʻrashdi”. U zot (javob berib): “Kishining oʻz qoʻli (mehnati) bilan ishlashi hamda halol savdo”, dedilar” (Bazzor va Hokim rivoyat qilgan). Halol mehnat nafaqat shaxsni farovonlikka, balki jamiyatni taraqqiyotga yetaklaydi.

Jamiyat barqarorligi iqtisodiy munosabatlardagi halollikka bevosita bogʻliq. Sotuvchi tarozidan urmasa, tadbirkor sherigini aldamasa, ishchi oʻz vazifasini sidqidildan bajarsa, jamiyatda oʻzaro ishonch muhiti mustahkam boʻladi. Korrupsiya, poraxoʻrlik, firibgarlik va zulm kabi illatlarning ildizida aynan halol rizq tushunchasining unutilishi yotadi.

Alloh taolo aytadi: “Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq – harom yoʻllar bilan yemang!” (Baqara surasi, 188-oyat). Yaʼni, bir-biringizni aldamang, bir-biringizning molingizni nohaq yoʻllar bilan oʻzlashtirmang. U zoʻravonlik boʻlsin, aldov-nayrang boʻlsin, firib boʻlsin, qatʼiy nazar.

Tilanchilik, oʻgʻrilik, poraxoʻrlik, qimorbozlik, firibgarlik, fohishalik va folbinlik kabi illatlar jamiyatni ichidan yemiradi. Ayniqsa, odamning ongli ravishda shunday yoʻllarga kirishi katta fojiadir. Bu illatlarning ildizi koʻpincha yoshlikda ilm va hunar oʻrganilmaslik boʻlib chiqadi. Shu bois farzandlarni halol mehnat va kasb-hunarga oʻrgatish har bir ota-onaning muhim vazifasidir.

Halol rizq – ikki dunyo orasidagi najot koʻprigi. U jamiyatni yemiruvchi illatlardan himoya qiluvchi qalqon boʻladi. Kim rizqini halol mehnat, toʻgʻrilik va omonatdorlik bilan topsa, u nafaqat oʻzini, balki jamiyatni ham isloh qiladi.

Halollik bor joyda baraka bor, baraka bor joyda esa saodat. Halol rizq – bu shunchaki luqma emas, balki pokiza hayot tarzi, sogʻlom jamiyat va mustahkam kelajak garovidir.

Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

Sukut saqlashning 702 ta eng muhim foydasi (3-qism)

ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar: SUKUT saqlashning 702 ta eng muhim XISLATI (faqat ASOSIYLARI)   Sukut — AQL …