Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Vatan himoyasi – muqaddas burch” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov yigʻilganlarni qutlugʻ ayyom bilan tabriklab, Vatan himoyasi bugun faqat qurol bilan emas, balki bilim, maʼnaviyat, fidoyilik va yuksak masʼuliyat orqali amalga oshirilayotgan ulkan va muqaddas vazifa ekanini taʼkidladi. Qayd etilganidek, mamlakat taraqqiyoti, tinchlik va barqarorlikni asrash yoʻlida Qurolli Kuchlarimiz jamiyatning ishonchli tayanchi sifatida muhim oʻrin tutadi.

Soʻzga chiqqanlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigida ilgari surilgan gʻoya va fikrlarga alohida toʻxtalib, xalq bilan armiya oʻrtasidagi mustahkam birlik mamlakat qudrati va barqaror taraqqiyotning asosiy omillaridan biri ekanini qayd etdi. Aytilganidek, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyati bilan bir qatorda, harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-axloqiy fazilatlari, vatanparvarlik ruhi va fidoyiligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, tadbirda Vatan oldidagi muqaddas burchini ado etish chogʻida mardlarcha halok boʻlgan qahramonlar xotirasi chuqur ehtirom bilan yodga olindi. Ularning jasorati bugungi va kelajak avlod uchun sadoqat, matonat va vatanparvarlikning yuksak namunasi ekani qayd etildi.

Muhokamalar davomida globallashuv jarayonlari va mafkuraviy tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda ilm-fan, maʼrifat va maʼnaviyat sohasida faoliyat yuritayotgan ziyolilar zimmasiga katta masʼuliyat yuklanayotgani taʼkidlandi. Markaz jamoasi “maʼnaviy front”da faol xizmat qilib, jamiyatda sogʻlom dunyoqarashni shakllantirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelayotgani alohida eʼtirof etildi.
Bayramona va ruhlantiruvchi muhitda oʻtgan tadbir ishtirokchilarda Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusini yanada mustahkamlab, oʻz kasbiga sidqidil yondashish, yurt ravnaqi yoʻlida fidoyilik bilan xizmat qilishga yangi ruh va shijoat bagʻishladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz





