Alloh taoloning neʼmatlari behisob. Uning Oʻzi bu xususda: “Agar Allohning neʼmat(lar)ini sanasangiz, sanogʻiga yeta olmaysiz”[1], deb taʼkidlab qoʻygan. Neʼmatdan murod – biror maqsad yo evaz uchun emas, yaxshilik qilish va nafi tegish niyat qilingan har qanday narsadir[2]. Jumladan, yomgʻir ham bizning foydamiz uchun yogʻdiriladigan – ulamolar aytmoqchi: koʻkdan nozil qilinadigan – va biz shukrini ado qilishimiz vojib boʻlgan ana shunday buyuk neʼmatlardan biridir. Chunki u umidsizlikka tushib qolgan bandalarga Parvardigor tomonidan yuboriladigan yordamdir. Shu nuqtayi nazardan Alloh taolo Oʻzi haqida: “U (odamlar) umidsizlikka tushganlaridan keyin yomgʻir yogʻdiradigan va Oʻz rahmatini (barakotini) keng yoyadigan Zotdir”[3], deb xabar bergan. Bandalarni neʼmatlar uchun Oʻziga shukr qilishga chaqirib: “Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrlik qilmangiz!”[4], degan. Shukrning maʼnosi neʼmat beruvchi Zotning shu ishi uchun Unga hamd aytish, neʼmatini qabul qilish va eʼtirof etishdir[5].
Xoʻsh, ana shu ilohiy neʼmatga biz qanday shukr qilishimiz kerak? Yomgʻirning shukri uning yogʻishidan xursand boʻlish va mana shu shodlikdan kelib chiqqan holda solih amallar qilish bilan amalga oshiriladi. Binobarin, barcha odamlar haqida yaxshi gumonda boʻlish va har bir insonga, hatto aqlsiz jonzotlarga ham yaxshilik qilish yomgʻir yoqqani uchun qalb orqali shukr qilish sanaladi. Fazlu karami bilan bizni yomgʻir neʼmati bilan siylagan Alloh taologa hamdu sano aytish esa unga til bilan shukr qilish boʻladi. Aʼzolar bilan shukr qilishga kelsak, u Alloh taoloning neʼmatlarini yaxshi oʻrinlarga ishlatish, gunoh boʻladiganiga sarflashdan saqlanish bilan hosil boʻladi.
Yomgʻir yoqqani uchun xursand boʻladigan banda har bir narsa yolgʻiz Alloh taoloning huzuridan ekanini ham eʼtirof etishi, borliqda Undan oʻzga yaratuvchi yoʻqligini anglashi, ana shu eʼtirofi va iqrorining taqozosiga koʻra amal qilishi lozim[6]. Yomgʻir atalmish bu neʼmatni Alloh taolo nozil qilayapti, degan eʼtiqod bilan faqatgina Unga shukrona aytishi kerak. Yomgʻirni bandalar va yurtlar uchun manfaatli qilishini soʻrab, Parvardigoriga duolar qilishi zarur.
Yuqorida bayon qilinganidek, yomgʻir neʼmatiga til bilan shukr qilish, avvalo, uni Alloh taologa nisbat berish, masalan, “Bu yomgʻir bizga Alloh taoloning fazlu marhamati bilan yogʻmoqda”, deyish orqali boʻladi. Chunonchi, Zayd ibn Xolid Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan qudsiy hadisda aytilishicha, Parvardigor: “Allohning fazli va marhamati ila ustimizga yomgʻir yogʻdi” degan kishi Menga moʻmin, yulduzlarga kofir boʻldi”[7], der ekan. Binobarin, ulamolar, jumladan, Imom Navaviy yomgʻir yogʻayotgan vaqtda shu soʻzlarni aytish mustahab ekanini aytgan[8].
Ikkinchidan, yogʻayotgan yomgʻir bandalar va yurtlar uchun manfaatli boʻlishini soʻrab duo qilish bilan Parvardigorga shukrona keltiriladi. Bunga Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilingan mana bu hadis dalil boʻladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam yomgʻir yogʻayotganini koʻrganlarida: “Ey Alloh, bu yomgʻirni biz uchun foydali, xayr-barakali qilgin!” deb aytar edilar”[9]. Yana bir dalil Jobir roziyallohu anhuning ushbu soʻzlaridir: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ey Alloh, ustimizdan beziyon, manfaatli, oqibati xayrli, barakali, foydali, kechikmay tez keladigan yomgʻir yogʻdirgin!” deb aytayotganlarini koʻrdim”[10].
Shuningdek, yomgʻir moʻl-koʻl boʻlib yogʻayotganini koʻrganda, Anas roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan ushbu duoni oʻqish sunnatdir: “Ey Allohim! Bu yomgʻirni bizning ustimizga emas, yon-atrofimizdagi yerlarga yogʻdirgin. Ey Allohim, tepaliklarga, togʻlarga, changalzorlarga, qir-adirlarga, vodiylarga va yaylovlarga yogʻdirgin”[11].
Maʼlumki, duo – ibodatning bir turi, hatto magʻzi sanaladi. Ibodat esa Allohga shukr qilish, neʼmati uchun xursand boʻlishning eng ulugʻ ifodasidir. Yomgʻir yogʻayotgan vaqt duo ijobat boʻladigan pallalardan sanaladi. Chunonchi, Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Osmon eshiklari ochiladi va musulmonning duosi ijobat boʻladi: namoz oʻqiyotganda, yomgʻir yogʻayotganda, saflarni toʻldirayotganda, Kaʼbani koʻrganda”[12], deganlar.
Uchinchidan, shamollab qolishdan ehtiyot boʻlish sharti bilan xayr-baraka topish umidida undan oʻziga va kiyimlariga tomchilar tegishi uchun yomgʻir ostida biroz turish bilan shukr qilinadi. Paygʻambar alayhissalomning oʻzlari ham shunday qilganlar. Chunki Alloh taolo: “Biz osmondan barakotli suv (yomgʻir) yogʻdirib, u bilan bogʻlarni va oʻrib olinadigan donlarni undirdik”[13], deb taʼkidlagan. Anas roziyallohu anhu bunday hikoya qiladi: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yurganimizda yomgʻir yogʻib qoldi. U zot badanlariga yomgʻir tegishi uchun koʻylaklarini yechdilar. Biz: “Ey Allohning Rasuli, nima uchun bunday qildingiz?” dedik. U zot alayhissalom: “Chunki u hozirgina Oliy Parvardigorining huzuridan keldi”, dedilar”[14].
Ha, Alloh taoloning biz, bandalariga ato etgan va etadigan son-sanoqsiz neʼmatlari bor. Oʻz vaqtida yogʻadigan, el-yurt uchun manfaat olib keladigan yomgʻir ana shunday neʼmatlardan biridir. Moʻmin-musulmon kishi har bir neʼmat kabi yomgʻir uchun ham Alloh taologa shukr qilishi, uning manbasi faqatgina Parvardigorning marhamati deb bilishi lozim. Oʻz vaqtida yo uzoq vaqt yogʻin-sochin boʻlmay qoʻysa yoxud yomgʻir meʼyoridan koʻproq yogʻsa, darhol Allohga tavba qilishi, istigʻfor aytishi va Uning azobidan panoh soʻrashi kerak. Bu kishining imon-eʼtiqodi but, qalbi zalolatdan ozoda va razolatdan sogʻlom ekanidan dalolat boʻladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz